AsosiyJamiyat

Davlat xizmatlari agentligi va Huawei kompaniyasi o`rtasida anglashuv memorandumi imzolandi

'Davlat xizmatlari agentligi va Huawei kompaniyasi o`rtasida anglashuv memorandumi imzolandi'ning rasmi

Davlat organlari, vazirlik va idora vakillaridan iborat O`zbekiston delegasiyasi Xitoyda «Elektron hukumat» va elektron davlat xizmatlarini ko`rsatish tizimini rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Delegasiya tarkibidan Bosh prokuratura, Majburiy ijro byurosi, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi vakillari o`rin oldi.

Delegasiya a`zolari Huawei kompaniyasining Shenchjen shahridagi shtab-kvartirasida bo`lib, xitoylik hamkasblari bilan davlat boshqaruvi organlarini rivojlantirishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo`llashni muhokama qildi. Uchrashuvda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va Huawei kompaniyasi o`rtasida o`zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

O`zbekiston delegasiyasi davlat xizmatlarini ko`rsatishda qo`llanilayotgan axborot tizimlari, resurslari va ma`lumotlar bazasini loyihalashtirish, ularni amaliyotga joriy etish va integrasiya qilish bo`yicha yagona yondashuv ishlab chiqish sohasida hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.

Mehmonlar Xanchjou va Szyasin shaharlarida ham bo`lib, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirishda qo`llanilayotgan eng so`nggi texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari hamda elektron va avtomatlashgan davlat xizmatlarini taqdim etish jarayoniga AKTni joriy qilish uslublari bilan tanishdi.

    Boshqa yangiliklar