AsosiyJamiyat

Saudiya Arabistoni kompaniyasi Andijonda tekstil korxonasi va mehmonxona quradi

'Saudiya Arabistoni kompaniyasi Andijonda tekstil korxonasi va mehmonxona quradi'ning rasmi

Saudiya Arabistonining Ajlan&Bros. Group kompaniyasi Andijon viloyati bilan tekstil hamda turizm sohasida hamkorlik o`rnatadi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, 11-12 iyun kunlari Ajlan&Bros. Group kompaniyasining rahbari Sheyx Al Muhammad Abdulaziz Al-Ajlan boshchiligidagi 26 kishidan iborat delegasiyaning Andijon viloyatiga tashrifi amalga oshirildi.

Viloyat hokimining birinchi o`rinbosari A.Egamberdiev hamda Sheyx Al Muxammad Abdulaziz Al-Ajlan boshchiligidagi delegasiya o`rtasida bo`lib o`tgan uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari hamda Andijon viloyati va “Ajlan&Bros Group” kompaniyasi o`rtasida tekstil hamda turizm (mehmonxona xizmati) sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, viloyat hokimligi, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari hamda “Ajlan&Bros Group” kompaniyasi vakillari o`rtasida o`tkazilgan uchrashuvda mehmonlar tomonidan ko`tarilgan masalalar (soliq, bojxona, elektr-energiya, gaz suv) atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvdan so`ng delegasiya mehmonxona tashkil etish uchun taklif etilgan Andijon shahridagi sobiq “Navro`z” o`yingohi va qurilishi tugallanmagan “Sarbon” mehmonxonalari bilan tanishtirildi.

Shundan so`ng shayx boshchiligidagi delegasiya Jalaquduq tumanidagi zavod qurilishi va paxta etishtirish uchun taklif qilingan joylar bilan tanishtirildi. Shu bilan birga mehmonlar Xo`jaobod tumanidagi “Fayz M” va “Nil Granit” korxonalari, Asaka tumanidagi “Sabo hamkor” MChJ tomonidan meva-sabzavotlar etishtirish bo`yicha gidroponika usulida tashkil etilgan issiqxonalarga tashrif buyurdi.

    Boshqa yangiliklar