AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Islom sivilizasiyasi markaziga tamal toshini qo`ydi

'Shavkat Mirziyoev Islom sivilizasiyasi markaziga tamal toshini qo`ydi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 15 iyun - Ramazon hayiti kuni Islom sivilizasiyasi markazi qurilish maydoniga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Islom sivilizasiyasi markaziga tamal toshi qo`yildi. Davlatimiz rahbari o`tgan yili 1 sentyabr kuni poytaxtimizdagi Hazrati Imom majmuasida bo`lib, mazkur markaz qurilishi, maqsad va vazifalari yuzasidan ko`rsatmalar bergan edi. Shu asosda mazkur qadimiy majmua yonidan o`n gektarga yaqin joy ajratildi. Loyiha ishlab chiqilib, hudud qurilishga tayyorlandi.

15 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoev Islom sivilizasiyasi markazi poydevoriga ramziy tamal toshi qo`ydi.

Davlatimiz rahbari tadbirga yig`ilgan diniy ulamolar va barcha yurtdoshlarimizni Ramazon hayiti bilan tabriklab, markaz qurilishining shunday ulug` ayyom kunida boshlanayotgani zamirida ezgu niyat, chuqur mazmun borligini ta`kidladi.

Bu markazni qurishdan maqsad islom ma`rifatini o`rganish, bobolarimizning buyuk merosini avvalambor xalqimizga, dunyo hamjamiyatiga etkazishdir. Xudo xohlasa, hamma sa`y-harakatlarimiz yoshlar ta`lim-tarbiyasiga, ilm-fanga, madaniyatga, tinchlik-osoyishtalikka zamin yaratadi, dedi Prezident.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida faoliyat yuritadigan ushbu markazning asosiy g`oyasi ajdodlarimizning islom dini rivojiga ulkan hissasini targ`ib etish, jaholatga qarshi ma`rifat bilan kurashishdir. Shu maqsadda bu erda muzey tashkil etiladi, ilmiy faoliyat yo`lga qo`yiladi. Vatanimizdan etishib chiqqan olim va mutafakkirlar merosining tarixiy va zamonaviy sivilizasiyadagi o`rni tadqiq etiladi. Ularning ilmiy-ma`naviy jasorati, ulug` insoniy fazilatlari keng targ`ib qilinadi. Mumtoz adabiyot va san`at namoyandalari ijodining insonparvarlik mohiyati chuqur ochib beriladi.

Markaz binosi yurtimizdagi qadimiy madrasalar ko`rinishida, gumbazli qilib quriladi. Kutubxona, axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar, konferensiya zali, xizmat xonalari va boshqa ob`ektlarni o`z ichiga oladi.

Biz shunday buyuk merosning davomchilari bo`la turib, ilmda ortda qoldik. Bugungi tashabbuslarimiz, boshlagan ishlarimizni barcha musulmon mamlakatlari tan olyapti. Endi shunga munosib bo`lishimiz, ilm-ma`rifatda o`rnak bo`lishimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari.

Jamiyatimizda mehr-oqibat muhitini yaratish, adashganlarni avf etish, imom-xatiblar malakasini oshirish, yoshlar tarbiyasiga e`tiborni kuchaytirish bo`yicha tavsiyalar berildi.

    Boshqa yangiliklar