Aziz yurtdoshlar, Sizlarni O`zbekiston musulmonlari idorasi va o`z nomimdan Ramazon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Ushbu saodatli kunlarda Alloh taboraka va taolodan tutgan ro`zalarimiz qabul, ibodatlarimiz maqbul va duolarimiz mustajob bo`lishini so`raymiz.
Nihoyasiga etayotgan Ramazon oyi mamlakatimizda ulkan islohotlar amalga oshirilayotgan ajoyib bir davrda o`tmoqda. Allohga shukrki, ushbu sharofatli oy diyorimizda juda ham fayzli, qut-barakali kechdi. Ikki mingdan ortiq masjidlarda taroveh namozlari, mingdan ziyod jomelarda Qur`on xatmlari ado etildi.
Darhaqiqat, inson ro`za tutib, savobli amallarni ado etar ekan ushbu ibodatlarni faqat Alloh taolo uchun bajarishni niyat qiladi. Parvardigorning roziligini topish, rahmat-mag`firatiga etishishni umid qiladi. Payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Ramazon oyining fazli haqida bunday marhamat qiladilar:
“Kim Ramazon ro`zasini imon bilan savob umidida tutsa, o`tgan gunohlari kechiriladi”.
Ushbu oy ulug`ligining yana bir hikmati bu oyda Qur`oni karim nozil bo`lganidir. Haq taolo Kalomi sharifida bunday deyiladi:
“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat manbai va to`g`ri yo`l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur`on nozil qilingan oydir.”
Ramazon oyi kechalarida musulmonlarimiz ushbu oyning ziynati bo`lgan taroveh namozlarida ishtirok qildilar. Qalblari ilohiy hikmatga to`lib, ruhiy-ma`naviy quvvat oldilar. Rasululloh sollal-lohu alayhi va sallam bu oyning kechalarini ibodat ila o`tkazgan-larga xushxabarlar borligini aytib:
“Kim Ramazon kechalari imon bilan savob umidida qoim bo`lsa, o`tgan gunohlari kechiriladi”, deb marhamat qilganlar.
Ramazon xayru saxovat oyidir. Oliyhimmat kishilarimiz bu oyda xayru ehson amallarini yanada ko`paytirishdi. Mo`min-musulmonlar bir-birlariga ko`mak berdilar, muhtojlarga yordam qo`lini uzatdilar, bemorlar va keksalarning holidan xabar oldilar.
Hadisi sharifda:
“Amallarning eng afzali mo`min kishining qalbiga xursandchilik ulashishdir”, deb marhamat qilingan.
Alloh taboraka va taologa shukrki, muborak oy boshlanishi oldidan muhtaram Prezidentimizning diniy-ma`rifiy soha faoliyatini takomillashtirish to`g`risidagi tarixiy farmonlari e`lon qilindi. Ushbu Farmon bilan xalqaro islom akademiyasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, Hadis ilmi maktabi tashkil etildi hamda diniy soha xodimlariga bir qator imtiyozlar berildi.
Yurtimizda o`tkazilgan Qur`oni karim musobaqasini kuzatib, xalqimizning Alloh taoloning Kalomiga ehtiromi, muhabbati yuqori ekaniga yana bir bor amin bo`ldik.
Barakotli oy arafasida mamlakatimizning turli hududlarida yangi masjidlar xalqimizga tuhfa etildi. Azim poytaxtimizdagi qayta bunyod etilgan “Imom Termiziy”, Buxoroi sharifdagi “Umar ibn Xattob” jome masjidlari taroveh namozini ado etish bilan ish faoliyatini boshlagani mo`min-musulmonlarimizga Ramazon tuhfasi bo`ldi. Toshkent shahridagi “Suzuk ota” va “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome masjid-majmualari qurilish ishlari jadal davom ettirilmoqda.
Albatta, bunday sharoit va imkoniyatlar uchun biz – mo`min-musulmonlar Alloh taologa cheksiz shukronalar aytib, o`zaro ahil va inoq bo`lishimiz lozim, elkama-elka turib mamlakatimiz taraqqiyoti yo`lida bor kuch va g`ayratimizni ayamasligimiz kerak. Hadisi sharifda aytilganidek: “Kim odamlardan kelayotgan yaxshilikka shukr qilmasa, Allohga shukr keltirmaydi”. Noshukrlik, g`iybat, tuhmat kabi illatlar biz – mo`min bandalarga aslo yarashmaydi. Ogoh bo`lishimiz kerakki, bunday qusrlar savoblarimizni o`chiradi, imonimizni zaiflashtiradi, qalbimizni ixtilofli qilib qo`yadi. Alloh taolo bunday holdan O`zi asrasin.
Azizlar, yurtimizda ertaga katta bayram, Iydi Ramazonni nishonlaymiz. Erta tongdan jome masjidlariga yo`l olgan yurtdoshlarimiz hayit namozlarini ado etadilar, yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligini Allohdan so`rab, ezgu duolar qiladilar. Hayit namozidan so`ng ota-onalar, do`stu birodarlar, tabarruk yoshdagi keksalar ziyorat qilinadi, bemorlarning holidan xabar olinadi, mehru muruvvatga muhtoj kishilarga e`tibor ko`rsatilib, ularga bayram quvonchi ulashiladi.
Shunday ekan, keling azizlar, Allohning rahmati va barakoti yog`ilib turgan ushbu damda, qalbimiz yumshab, ixlosimiz ortib turgan lahzalarda duo qilaylik: Parvardigoro, bizga tinchlikdek ulug` ne`matni berding, bu ne`matingni Qiyomatgacha bardavom qilgin. Elini, yurtini yangi marralar sari dadil etaklaydigan va dinimizni aziz qiladigan Rahbarni berding, u kishini O`z hifzu himoyangda asragin, olib borayotgan ishlarida O`zing yoru madadkor bo`lgin! Xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofatu kulfatlardan, baloyu qazolardan O`zing panohingda saqlagin. Osmonimizni musaffo, hayotimizni bundan-da farovon, ne`matlaringni yanada ziyoda aylagin.
Aziz yurtdoshlar, Ramazon hayitingiz muborak bo`lsin!
Vassalamu alaykum va rahmatullohi va barakotuh.
Usmonxon ALIMOV,
O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy






