Bu borada viloyatda ishlab chiqilgan “Yo`l xaritasi”ga muvofiq, tuman va shaharlarda 164 nodavlat, 48 davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta`lim muassasasi tashkil etish va 16 uy-bog`cha faoliyatini yo`lga qo`yish rejalashtirilgan. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Ma`lumotlarga ko`ra, ayni paytda viloyatda 509 maktabgacha ta`lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularda bog`cha yoshidagi bolalarning 35 foizi qamrab olingan bo`lib, 69 ming 490 jajji o`g`il-qiz tarbiyalanayotir.
– Albatta, bu ko`rsatkich hali etarli emas, – deydi viloyat maktabgacha ta`lim boshqarmasi boshlig`i N.Dalaboeva. – Bu borada Prezidentimizning maktabgacha ta`lim tizimini tubdan takomillashtirishga doir farmon va qarorlari qabul qilingani ayni muddao bo`ldi. Shu asosda tashkil etiladigan bog`chalar hisobiga birgina shu yilning o`zida 17 ming 500 bola maktabgacha ta`limga qamrab olinadi.
Joriy yilning o`tgan davrida viloyatda tadbirkorlik sub`ektlari va fuqarolar tomonidan 1 ming 869 o`ringa mo`ljallangan 32 nodavlat maktabgacha ta`lim muassasasi faoliyati yo`lga qo`yildi. Yangiyo`llik tadbirkor Rahima Naimova tomonidan Tinchlik mahallasida tashkil etilgan “Bolajon-Polvonjon” xususiy nodavlat bog`chasi shular jumlasidandir.
– Qishlog`imizda bog`cha yo`qligi, bog`chasi bor hududlardan nisbatan olis ekani sabab bolalarni maktabgacha ta`limga berish deyarli imkonsiz edi, – deydi tadbirkor R.Naimova. – Shu bois ko`pdan buyon qishloq bolalari uchun bog`cha tashkil etishni o`ylab yurardim. Prezidentimiz sa`y-harakatlari bilan maktabgacha ta`lim tizimida kechayotgan islohotlar, xususan, bu borada tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlardan ruhlanib, orzuimni amalga oshirdim. Hozirgi kunda bog`chamizda 50 o`g`il-qizga 8 tarbiyachi-murabbiya ta`lim-tarbiya bermoqda.
Muassasada mashg`ulotlar o`zbek tilida olib boriladi. Ingliz va rus tillari, shuningdek, shaxmat-shashka va raqs to`garaklari faoliyati yo`lga qo`yilgan. Bu bolalarning jismonan sog`lom, ma`nan etuk bo`lib ulg`ayishiga xizmat qiladi.






