Toshkentda “Hamshira-2018” respublika ko`rik-tanlovining final bosqichi bo`lib o`tdi, deb xabar berdi Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.
Tanlovning final bosqichida Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyat bosqichlarida g`olib bo`lgan 14 nafar hamshira qizlar o`zaro bellashdi.
Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon viloyat filiali markaziy qabulxona bo`limi hamshirasi Dilnoza Xoliqova tanlovda birinchi o`rin sovrindori bo`ldi.
Zomin tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo`limi hamshirasi Xolida Yusupova ikkinchi, Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg`ona viloyat filiali qabul diagnostika bo`limi hamshirasi Marhabo Abdukarimova uchinchi o`ringa sazovor bo`ldi.

An`anaga muvofiq, “Hamshira-2018” tanlovida birinchi, ikkinchi, uchinchi o`rinni qo`lga kiritgan g`oliblar tibbiyot oliy o`quv yurtlariga imtiyozli asosda o`qishga qabul qilinadi.
Mazkur tanlov O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi, Sog`liqni saqlash xodimlari Kasaba uyushmasi respublika kengashi va O`zbekiston Hamshiralar assosiasiyasi hamkorligida tashkil etildi.






