2018 yil 13 iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasida O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist, publisist Ashurali Jo`raevning “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etilgan “Odil Yoqubov xazinasidan” nomli kitobining taqdimoti, shu bilan birga, hassos adib Odil Yoqubov xotira kechasi bo`lib o`tdi.

Tadbir O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda O`zbekiston Milliy kutubxonasi tashabbusi bilan o`tkazilib, taqdimot-kechani “O`zbekiston adabiyoti va san`ati” gazetasi Bosh muharriri O`ktam Mirzayor olib bordi. Shuningdek, tadbirda ko`plab ijodkorlar, xususan, O`zbekiston Xalq yozuvchisi Muhammad Ali, adabiyotshunos Suvon Meli, ustoz publisist Saydi Umirov, adabiyotshunos tanqidchi Ortiqboy Abdullaev, Odil Yoqubovning oila a`zolari, turli nashriyot xodimlari va o`quvchi-talabalar ishtirok etishdi.

So`zga chiqqan Muhammad Ali, “O`zbekiston adabiyoti va san`ati” gazetasi “San`at va madaniyat” bo`limi mudirasi Gulchehra Umarova ustoz adib bilan bog`liq xotiralari bilan o`rtoqlashdilar.

Tadbir davomida O`zbekiston Xalq shoiri Usmon Azim ssenariysi asosida suratga olingan “Tabarruk adib” – Odil Yoqubov hayotining so`nggi yillarida suratga tushirilgan noyob kadrlardan iborat hujjatli film namoyish etildi.

Qolaversa, xotira kechasida O`zbekiston Xalq hofizi Orolmirzo Safarov o`zining diltortar qo`shiqlari bilan tadbir ishtirokchilarini xushnud etdi.
Shundan so`ng “O`zbekiston” NMIU Bosh muharriri Azimboy Boboniyozov kitobning nashr etilishi, umuman, kitob yaratilish tarixini so`zlab berdi.
Tadbir yakunida esa muallif Ashurali Jo`raev ustoz adib Odil Yoqubov bilan bog`liq qiziq, o`ziga xos xotiralarini o`rtoqlashdi va bugungi kun kitobxonlarini marhum adibning asarlari yanglig` xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma`naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishga, ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg`usi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo`lgan kitobxonlarni tanlab o`qishga chorlab qoldi.







