AsosiySiyosat

Prezident shaharlarni obod qilish bo`yicha ko`rsatmalar berdi

'Prezident shaharlarni obod qilish bo`yicha ko`rsatmalar berdi'ning rasmi

Shavkat Mirziyoev Farg`ona shahridagi Mustaqillik mavzesida barpo etilgan ko`p qavatli uy joylarni ko`zdan kechirdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 11 noyabrdagi «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko`p qavatli uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga muvofiq o`tgan yili bu mavzeda beshta 7 qavatli uy qurilib, foydalanishga topshirilgan edi. Ularda oilalarning yashashi uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Kvartiralar isitish qozoni bilan ta`minlangan, yo`laklarga zamonaviy liftlar o`rnatilgan.

Bugungi kunda mavzeda joriy yilga rejalashtirilgan 10 ta uy qurilishi jadal davom etmoqda. 2019 va 2020 yillarda bu erda yana 19 ko`p qavatli uy qurilishi ko`zda tutilgan. Shuningdek, bu erda umumta`lim maktabi, bog`cha, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, ko`p qavatli avtoturargoh barpo etish mo`ljallangan.

Shu erda dastlab Farg`ona shahrining Bosh rejasi haqida ma`lumot berildi. Qo`qon va Marg`ilon shaharlarini rivojlantirish, viloyatda ichimlik suv va oqova tarmoqlari, shaharlardagi ko`p qavatli uylarni isitish tizimini yaxshilash loyihalari taqdimoti o`tkazildi.

Prezidentimiz loyiha-takliflarni ma`qullab, qurilish ishlarini sifatli bajarish, shahar mavzelarini obod qilish, yangi turar joylarni jahon arxitekturasi yutuqlari asosida bunyod etish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoevning Farg`onaga ikki kunlik tashrifi nihoyasiga etdi.

    Boshqa yangiliklar