Joriy yilning 10 iyun kuni Samarqand shahri, Beruniy ko`chasida “Lacetti” avtomobilida yong`in sodir bo`lgan.
Mutaxassislarning "Zarafshon" nashriga ma`lum qilishicha, ushbu yong`inga gaz taqsimlash uskunasi sabab bo`lgan. Motorning old qismida gaz sizib chiqib yig`ilgan va haydovchi mashinani o`t oldirganida qisqa tutashuv sodir bo`lgan va yong`in kelib chiqqan.
- Haydovchi gaz uskunasini o`chirib, yong`inni bartaraf etishga harakat qilgan. Bu ishi to`g`ri. Voqeaga guvoh bo`lgan yo`lovchilardan biri YoHXB aloqa xizmatiga qo`l telefoni orqali xabar bergan, – deydi Samarqand shahri YoHXB inspektori Ali Mavlonov. – Bunday ko`ngilsiz hodisalarning oldini olish uchun avtomashinada birlamchi yong`in o`chirish moslamasi sozligiga ishonch hosil qilish hamda ulardan foydalanishni bilishi joiz. Bunday holga guvoh bo`lganlar yonayotgan mashinaga yaqinlashmaslik so`raladi.
O`t o`chiruvchilar tezda yong`inni bartaraf etgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, haydovchi bu yong`indan taxminan 5,5 million so`m moddiy zarar ko`rdi.






