AsosiyJamiyat

Deputatlar yangi qonun loyihalarini ko`rib chiqdilar

'Deputatlar yangi qonun loyihalarini ko`rib chiqdilar'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2018 yil 12 iyun kuni bo`lib o`tgan navbatdagi majlisida deputatlar kun tartibiga kiritilgan bir qator qonun loyihalarini ko`rib chiqdilar. Qonun loyihalari dastavval siyosiy partiyalar fraksiyalarining, O`zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, qo`mitalar va ular huzurida faoliyat ko`rsatayotgan ekspert guruhlarining majlislarida muhokama qilindi.

Deputatlar tomonidan ikkinchi o`qishda ko`rib chiqilgan «Ekstremizmga qarshi kurashish to`g`risida»gi qonun loyihasi joriy yilning may oyida bo`lib o`tgan majlis jarayonida muhokama qilingan va konseptual jihatdan ma`qullangan edi.

Qonun loyihasini ikkinchi o`qishga tayyorlash chog`ida parlament quyi palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi a`zolari tomonidan joylarda ushbu soha mutaxassislari, olimlari ishtirokida 10 ga yaqin kengaytirilgan yig`ilishlar tashkil etildi. Muhokamalar yakunlariga ko`ra to`plangan barcha takliflar umumlashtirildi va tahlil qilib chiqildi. Shuningdek qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi doirasida Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytiga joylashtirildi. Umuman olganda, fuqarolarning 50 dan ziyod takliflari o`rganilib, ulardan eng dolzarblari qonun loyihasini maromiga etkazishda hisobga olindi.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta`minlash, davlatimizning konstitusiyaviy tuzumini va hududiy yaxlitligini himoya qilish, fuqarolar tinchligini, millatlararo hamda konfessiyalararo totuvlikni saqlash, ekstremizm sohasidagi huquqbuzarliklarning o`z vaqtida oldini olish, aniqlash va ularga chek qo`yish, ularning oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta`minlash imkonini berishi deputatlar tomonidan qayd etib o`tildi.

«O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ikkinchi o`qishda ko`rib chiqish davomida ta`kidlandiki, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo`mitasi deputatlari tomonidan xorijiy mamlakatlarning ushbu sohadagi tajribasini o`rganishga e`tibor qaratildi. Chunonchi, tadbirkorlar birlashmalariga majburiy a`zolikning kiritilishi biznes hamjamiyatini o`zaro uyg`unlashtiradi va iqtisodiyotning umuman rivojlanishiga ijobiy ta`sir etadi. Qonun loyihasi tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi normativ-huquqiy bazani biznes hamjamiyatini institusional rivojlantirish orqali takomillashtirishga qaratilgan.

So`ngra deputatlar mamlakatimizda nizolarni mustaqil shaxslar – mediatorlar ishtirokida hal etishning muqobil usullarini rivojlantirish, sudlar zimmasidagi yukni kamaytirish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqilgan «Mediasiya to`g`risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o`qishda muhokama qildilar.

Ijtimoiy ahamiyati hisobga olingan holda ushbu qonun loyihasi Qonunchilik palatasining www.parliament.gov.uz. rasmiy veb-saytiga, shuningdek deputatlarning ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalariga joylashtirilgan bo`lib, bu saylovchi-obunachilarning fikr-mulohazalari va takliflarini inobatga olish imkonini berdi. Kelib tushgan ko`pgina takliflar qonun loyihasini ikkinchi o`qishga tayyorlashda hisobga olindi.

Nizolarni hal etishda mediasiyani qo`llash vaqtni tejash hamda fuqarolar, tashkilotlarning, shu jumladan tadbirkorlik sub`ektlarining sud xarajatlarini qisqartirish imkonini beradi, nizolarning sudga qadar hal etilishini amalga oshirishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yaratadi.

Majlisda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Umumiy o`rta, o`rta maxsus va kasb-hunar ta`limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Farmoniga hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi faoliyatini takomillashtirish to`g`risida»gi Qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan «O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartishlar kiritish to`g`risida»gi qonun loyihasi birinchi o`qishda ko`rib chiqildi.

Deputatlar shuningdek «O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini birinchi o`qishda ko`rib chiqdilar.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 mayda qabul qilingan «2017–2021 yillarda er osti suvlari zahiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Qarori ijrosini ta`minlash maqsadida yuridik va jismoniy shaxslarning er osti suvlaridan ruxsatsiz suv olish uchun javobgarligi kuchaytirilmoqda.

Eslatib o`tamiz, ushbu yilning 29 may kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida import va eksport qilish, mahalliy byudjetlarga qo`shimcha tushumlarni ta`minlash masalalariga, shuningdek g`allani yig`ib-terish, takroriy ekinlarni etishtirish hamda suvdan oqilona foydalanish bo`yicha muhim tadbirlarni o`tkazish bilan bog`liq dolzarb vazifalarga bag`ishlangan videoselektor majlisi bo`lib o`tdi.

Deputatlar belgilangan vazifalarni hisobga olgan holda joylardagi ishlarning aniq holatini o`rganib chiqdilar, ishlar yakunlari er osti suvlaridan ruxsatsiz suv olish uchun ma`muriy javobgarlikning kuchaytirilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasida inobatga olindi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi suv resurslaridan oqilona va tejab foydalanishga ko`maklashadi.

Majlis qiziqarli bahs-munozara shaklida o`tgan bo`lib, bu kun tartibiga kiritilgan qonun loyihalarini har tomonlama muhokama qilish imkonini berdi. Parlament a`zolari Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalarni ham muhokama qildilar.

    Boshqa yangiliklar