O`zbekiston milliy terma jamoasi 27 may, seshanba kuni Olmaliq shahridagi OKMK sport majmuasi stadionida Ummon milliy terma jamoasiga qarshi o`rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.
Terma jamoa bosh murabbiyi Olmaliqda bo`lib o`tgan Ummonga qarshi dastlabki o`yinda yoshlarni sinab ko`rishga qaror qildi.
E`tiborli tomoni, O`zbekiston milliy terma jamoasi safida Ummonga qarshi ilk daqiqalardan maydonga tushgan futbolchilarning besh nafari debyutantlar edi. Xususan «Navbahor» vakili Azim Ahmedov o`z akasi – Rossiyaning «Anji» klubi yarim himoyachisi Odil Ahmedov bilan bir chiziqda ilk bor harakat qilgan bo`lsa, «Lokomotiv» himoyachisi Boburbek Yo`ldoshev, «Olmaliq» yarim himoyachisi Sanjar Shoahmedov, «Nasaf» yarim himoyachisi Shuhrat Muhammadiev, shuningdek, Serbiyaning «Yavor» klubi hujumchisi Husniddin G`ofurov ilk bor terma libosida maydonga tushishdi. Uchrashuv ikkinchi bo`limida esa «Bunyodkor» yarim himoyachisi Sardor Sobirxo`jaev va «Qizilqum» hujumchisi Navro`zbek Olimov ham milliy termada debyut qildi.
Uchrashuv taqdirini hal qilgan yagona gol o`yinning 20-daqiqasida kiritildi. O`zbekiston milliy terma jamoasi darvozasi tomon belgilangan jarima zarbasi amalga oshirilganidan so`ng, bu to`p yo`liga darvozabon Eldorbek Suyunov ham, terma jamoa himoyachilari ham g`ov bo`la olmadi – darvoza to`siniga tegib qaytgan to`pga hammadan birinchi bo`lib etib kelgan ummonlik Ahmad al-Muhayjriy hisobni ochdi. Birinchi bo`limda ham, ikkinchi bo`limda ham O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zolari ko`plab imkoniyatlarga ega bo`lganliklariga qaramay, shu kuni Fayz al-Rashidiy qo`riqlagan darvozaga yo`l topish imkoni bo`lmadi va 1:0 hisobi o`yin oxirigacha saqlanib qoldi.
Har ikkala terma jamoa o`rtasidagi ikkinchi o`rtoqlik uchrashuvi ikki kundan so`ng – 29 may, payshanba kuni Toshkentdagi «Jar» stadionida bo`lib o`tadi. O`yin 19:00da boshlanadi. Uchrashuvga kirish huquqini beruvchi chiptalar savdosi 26 maydan e`tiboran «Jar» va «Paxtakor» markaziy stadionlari kassalarida boshlangan.
Xalqaro o`rtoqlik uchrashuvi
27 may, seshanba
O`ZBEKISTON – UMMON 0:1 (0:1)
Gol: Ahmad al-Muhayjriy (20).





