AsosiyJamiyat

Toshkentda informatika o`qituvchisi qattiq kaltaklandi

'Toshkentda informatika o`qituvchisi qattiq kaltaklandi'ning rasmi

Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 62-sonli maktabning informatika fani o`qituvchisi 8 iyun kuni maktab o`quvchisi va uning oila a`zolari tomonidan kaltaklangan. Bu haqda kun.uz xabar bermoqda.

Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi mas`ullarining aniqlashicha, kelishmovchilik dastlab o`quvchilarning o`qituvchiga qilgan behurmatligi oqibatida yuzaga kelgan. Jumladan, shu yilning 8 iyun kuni informatika fani o`qituvchisi S.B. taxminan soat 16:00 larda maktab oldidagi do`kondan suv olib uyiga ketayotgan vaqtida shu maktabning 9-sinf o`quvchilari tomonidan uyatsiz so`zlar bilan haqoratlangan. O`qituvchi esa o`quvchilar oldiga kelgan va haqoratlagan o`quvchini tartibga chaqirish maqsadida uni maktab binosi ichiga olib kirgan. Maktab binosida o`tgan suhbatda S.B. o`quvchining bo`yin sohasi orqa tomonidan ushlab tartibga chaqirgan, tinchlantirmoqchi bo`lgan.

O`quvchi S.S. esa voqeadan keyin uyiga borib, akasi, ya`ni shu maktabning 10-sinf o`quvchisi S.S.ni chaqirib keladi. Aka-uka maktabga kelarkan, u erda bo`lib turgan o`qituvchini ura ketgan. Oqibatda, o`qituvchi yuz qismidan tan jarohatlari olgan.

Ammo kelishmovchilik shu bilan tugamagan. Voqeadan biroz o`tib, o`quvchilarning janjaldan xabar topgan ota-onasi ham maktabga keladi va o`qituvchini haqoratlab, maktab mulki bo`lgan eshik oynalarini sindirib tashlaydi.

Voqea yuz bergan vaqtda o`qituvchilar tomonidan tez yordam chaqirtirilib, yordam ko`rsatish maqsadida o`qituvchi S.B. 16-markaziy kasalxonaga olib ketilgan.

Voqea yuzasidan Maktabgacha va maktab ta`limi vaziri Hilola Umarova ham munosabat bildirdi. Jumladan, vazirlik matbuot xizmatining vazir munosabati, deya taqdim etgan izohida aytilishicha, ayni paytda holat yuzasidan IIB surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

“Holatni shaxsan o`zim nazoratga oldim. Aybdorlarning qilmishiga yarasha jazo olishi bo`yicha chora ko`rilishi ta`minlanadi.  

Maktab va o`qituvchiga nisbatan bunday munosabatda bo`linishiga yo`l qo`ymaymiz”, – deyiladi vazir munosabatida.

    Boshqa yangiliklar