1

Harbiylarning tashrifi 13 yoshli Mahliyoning yashashga bo`lgan ishonchini oshirdi

Jamiyat 23.09.2019, 13:04
Harbiylarning tashrifi 13 yoshli Mahliyoning yashashga bo`lgan ishonchini oshirdi

Hadislardan birida “Savob ishni har kim, har kun qilishi kerak” deyilgan. Darhaqiqat, ezgulik inson umrini bezaguvchi amallardan biri sanalib, yaxshilik doim o`zi bilan mehr va muhabbatni ergashtirib yuradi.

Mudofaa vazirligi Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi Nukus garnizoni Ma`naviyat va ma`rifat markazi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Xo`jayli tumani mudofaa ishlari bo`limi hamda Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi Xo`jayli tumani bo`limi hamkorligida Janajap qishlog`idagi 1-sonli umumta`lim maktabining 7-sinf o`quvchisi,o`tkir eritroidleykoz kasalligi tashxisi aniqlangan Mahliyo Kamolovaning sog`ayib ketishi uchun ma`naviy kuch bag`ishlash maqsadida xayriya konserti uyushtirildi.

Konsert davomida Qoraqalpog`iston Respublikasining bir guruh estrada xonandalari, 1-sonli mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, okrug harbiy orkestr jamoasi va Qurolli Kuchlar xizmatchisi Mahrom Madreimov ijrosida kuy va qo`shiqlar tinglandi.

Shu kuni e`tibor va g`amxo`rlikdan xursand bo`lib, harbiylarning qo`shiqlaridan ruhlangan 13 yoshli Mahliyoning ko`zlarida minnatdorlik uchquni porladi. Mahliyoda yashashga intilish va kasallikni engib o`tishiga bo`lgan ishonchi ortdi. “Men baxtliman. Rahmat sizlarga!”. Mahliyo ana shu so`zlarni aytib, harbiy akalariga o`z minnatdorchiligini bildirdi.

– Qizimning tabassumi mening eng yaxshi kunim, – deydi, 1-sonli umumta`lim maktabida yoshlarni chaqiriqqacha tayyorlash fanidan dars berib kelayotgan Mahliyoning otasi Janabay Mangitov. –Harbiylarimizning tashrifidan nafaqat qizim, balki qishlog`imiz yoshlari ham xursand bo`lishdi. Bizga ma`naviy yordam ko`rsatayotgan insonlarimizga ming bor tashakkur.

Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1