Uy-joyga ehtiyojmand mehnat migrantlarini saralab olish tartibi loyihasi muhokamaga qo`yildi

Jamiyat 23.09.2019, 09:38
Uy-joyga ehtiyojmand mehnat migrantlarini saralab olish tartibi loyihasi muhokamaga qo`yildi

"Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga ko`p kvartirali uylardan xonadonlar ajratish hamda ipoteka kreditlari olish huquqiga ega talabgorlarni saralab olish tartibini tasdiqlash to`g`risida"gi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo`yildi.

Hujjat O`zbekiston Prezidentining 20 avgustdagi farmoniga asosan ishlab chiqilgan. Bu farmonda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga 2020 yilda davlat buyurtmasi asosida quriladigan ko`p kvartirali uylardan 3 462 ta xonadon ajratilishi belgilangan edi.

Ushbu xonadonlar uchun ipoteka krediti olish istagida bo`lganlar «labor migration» dasturiy majmuasida ro`yxatdan o`tgan bo`lishi kerak. Bu dastur 1 oktyabrga qadar joriy etiladi.

Loyihaga asosan, uy-joyga talabgor migrantlarni tanlab olish quyidagi ijtimoiy mezonlar asosida amalga oshiriladi:

  • ariza beruvchida mulk huquqi asosida turar joyning yo`qligi va turar joyda ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz turar joyda yashashi;
  • boshqa oila (oilalar) bilan bir uyda (bir xonadonda) yashashi;
  • ko`p bolalilik (uch va undan ortiq);
  • ariza beruvchi oilasining daromadi;
  • ijtimoiy xususiyatiga ko`ra alohida xonada yashashi kerak bo`lgan (sil, teri-tanosil kasalliklarining og`ir ko`rinishi, qandli diabetning yiringli yallig`lanishi, psoriaz) bemor oila a`zolar (tuman tibbiyot birlashmasining xulosasi va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi ma`lumotnomasi asosida);
  • ariza beruvchining oila a`zolari orasida birinchi guruh nogironligi bo`lgan shaxslarning mavjudligi;
  • ariza beruvchi uy-joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan (bir shaxs uchun umumiy uy-joy maydoni 16 kvadrat metrdan kam bo`lmagan, kursi-kolyaskadagi nogironlar uchun 23 kvadarat metrdan kam bo`lmagan) uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi;
  • yolg`iz o`zi ikki va undan ortiq voyaga etmagan farzandlarni tarbiyalayotganlar (fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi ma`lumotnomasi asosida).

Ariza beruvchilarning uy-joyga muhtojligi darajasi tegishli komissiya tomonidan qo`yiladigan ballardan kelib chiqib aniqlanadi va yozma tavsiya birinchi navbatda eng yuqori ball to`plagan talabgorlarga beriladi.

Yozma tavsiya berish rad etilgan taqdirda, komissiya rad etishning aniq sabablarini ko`rsatgan holda ariza beruvchiga yozma xabarnoma yuboradi. Shuningdek, ariza beruvchiga rad etilishining sabablarini bartaraf etish uchun muhlat beriladi, bu muhlat 5 ish kunidan kam bo`lmasligi kerak.

Ariza quyidagi hollarda rad etiladi:

  • topshirilgan hujjatlarning to`liq emasligi;
  • hujjatlar kechikib topshirilishi;
  • taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki noto`g`ri ma`lumotlarning mavjudligi;
  • ariza beruvchining yuqorida ko`rsatilgan ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi o`rganilganida unda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoj yo`qligi aniqlanganida.

Ipoteka kreditlari bo`yicha imtiyozli davr – 1 yil etib belgilanishi taklif qilingan.

Bunda ipoteka kreditdan foydalanishning birinchi 5 yili davomida har yili foiz stavkasini qat`iy belgilangan 7 foizdan Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bosqichma-bosqich oshib boradigan stavkada va keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida belgilanadi.

Kredit foizlarini hisoblash annuitet formulasi bo`yicha amalga oshiriladi (ya`ni har oylik barcha to`lovlar kredit to`lashning butun davrida bir xil bo`ladi).

Kvartira uchun boshlang`ich to`lov miqdori:

  • qishloqlarda to`rt qavatli arzon ko`p kvartirali (2 va 3 xonali) uylar uchun — 10 foiz miqdorida;
  • shaharlarda arzon ko`p kvartirali uylardagi kvartiralar uchun – o`rtacha 15 foiz miqdorida belgilanishi kutilyapti.

Qaror loyihasi muhokamasi 7 oktyabrga qadar davom etadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1