Xorij ijodkorlari yana O`zbekistonda yig`iladi

Jamiyat 22.09.2019, 14:41
Xorij ijodkorlari yana O`zbekistonda yig`iladi

Joriy yil 25 sentyabrdan 10 oktyabrga qadar o`zbek va xorij ijodkorlari hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan rezidensiya dasturining navbatdagi uchrashuvlari o`tkaziladi. Unda uzoq-yaqin mamlakatlardan 20 nafar shoir, rassom, yozuvchi ishtirok etishi kutilmoqda. Ushbu “Ijodiy turizm” dasturi bir yilda to`rt marta maxsus tashkillashtiriladi.

Uning tashabbuskori, yozuvchi va tarjimon A`zam Obidovning ta`kidlashicha, “Yozuvchi/rassom/madaniyat xodimi rezidensiyada” dasturi – UzLAB – Uzbekistanʼs Literature and Art Bridge – O`zbekistonni dunyo adabiyoti va san`ati bilan bog`lovchi mustaqil mitti ko`prikdir. U asosan o`n kundan to`rt haftagacha muddat ichida O`zbekistonning kamida uchta shahridagi adabiy, do`stona, dilkash davralarda bo`lishni istovchi chet ellik yozuvchi, shoir, tarjimon, rassom, madaniyat xodimi uchun mo`ljallangan.

Dastur 2018 yil oktyabr oyida loyiha-tajriba sifatida ochilgan va hozirgacha unda o`ndan ziyod xorijiy davlatdan 20 nafardan ortiq ijodkor ishtirok etdi. Xorijlik ijodkorlarning katta qiziqishi tufayli, yilning istalgan paytida 2-4 kishilik qo`shimcha guruhlarni ham qabul qilish boshlandi, ya`ni, dastur bundan buyon yil bo`yi davom etaveradi.

“UzLAB” mustaqil tashabbus sifatida adabiy, madaniy almashuv, chet ellik mualliflar bilan muloqot va o`zaro aloqaga ochilish, o`zbekistonlik yozuvchi, shoir, rassom va madaniyat sohasi vakillariga xorijlik hamkasblari bilan muloqot o`rnatishi uchun imkon berish va sharoit yaratish, kelgusida foydali dastur va loyihalar ustida birgalikda ishlash uchun adabiy, professional munosabatlarni yo`lga qo`yish, ko`rgazmalar qilish, chet tillari kurslari tashkil etish, adabiy tahrirlar qilish, kitoblar chop etish barobarida chet ellik ijodkor turistlarni O`zbekistonga jalb etishni nazarda tutadi, deydi a`zam Obidov. - Mazkur dastur kelgusida O`zbekiston o`zining keng ko`lamli Xalqaro ijodiy dasturlarini, Xalqaro yozuvchilar va she`riyat festivallarini, Xalqaro ijod uylarini ochishiga turtki bo`lishni maqsad qiladi.

E`tiborli jihati, bu ijodiy tashabbus shartiga ko`ra, dastur ishtirokchilari mehmonxonada emas, o`zbekistonlik yozuvchi, shoir, rassom va madaniyat xodimlarining uylarida ular bilan birga yashaydi va ijod qiladi.

“UzLAB “mushoira va badiiy o`qish kechalari, qisqa muddatli chet tili kurslari va suhbat klublari, yozuvchi, shoir, rassom va talabalar bilan uchrashuvlar, kutubxona, adabiyot va uy-muzeylari, va albatta O`zbekistonning diqqatga sazovor, tarixiy shaharlari va ziyoratgohlariga sayohatni o`z ichiga oladi.

O`tgan dasturlar natijasi o`laroq, o`zbek yozuvchilarining hikoyalar to`plami, o`zbek shoiralari to`plami dasturda ishtirok etgan xorij ijodkorlar yordamida ingliz tilida kitob holida nashr etilmoqda. O`zbek shoirlari ijodidan namunalar esa ingliz, hind, ozarbayjon, qirg`iz, bolgar tillariga tarjima qilindi. Bolgar tilida o`zbek yozuvchilari hikoyalari birin-ketin onlayn adabiyot platformalarida nashr etila boshladi. Hind shoirasi Ranu Uniyalning o`zbek tilidagi to`plami Xorazmda, Alisher Navoiyning ingliz tiliga o`girilgan “Farhod va Shirin” dostoni hamda zamonaviy o`zbek she`riyati antologiyasi Hindistonda bosilishi rejalashtirilgan. Bolgariyada O`zbekistonga bag`ishlangan alohida taqdimotlar qilindi, Ozarbayjon, Qirg`izistonda 10 ga yaqin nashrlar o`zbek adabiyoti va san`atiga oid maqolalar berdi. Dastur ishtirokchilari o`z mamlakatlaridagi adabiy va madaniy doiralarni O`zbekistonga jalb qilishda, sayohatlarini uyushtirishda jonbozlik qilmoqda. Shu yil avgust oyida bir guruh o`zbekistonlik ijodkorlar Bolgariyaning Plovdiv shahriga madaniy-adabiy almashuv dasturida ishtirok etib qaytdi. Dastur bunday ijodiy almashuvlarni tez-tez amalga oshirishni ko`zlaydi.

Dastur shaxsiy tashabbus bo`lib, maxsus moliya manbalari va homiylik mablag`larisiz, ko`ngillilar guruhining faolligi sabab amalga oshirilmoqda. 27 sentyabr kuni O`zbekiston Milliy kutubxonasida uning barcha ishtirokchilari bilan yaqindan tanishish imkoni mavjud.

photo_2019-09-22_14-10-06.jpg

photo_2019-09-22_14-10-09.jpg


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1