Bosh prokuratura va SSV Samarqanddagi zaharlanish bo`yicha bayonot berdi

Jamiyat 17.09.2019, 12:06
Bosh prokuratura   va SSV Samarqanddagi zaharlanish bo`yicha bayonot berdi

Avvalroq, 16 sentyabr Samarqandda 7 kishi bir xil klinik belgilar bilan shifoxonaga murojaat qilgani haqida xabar bergan edik.

O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur holat bo`yicha rasmiy bayonot berdi.

Unda qayd etilishicha, 16 sentyabr kuni soat 19:30larda Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 7 nafar fuqaro “Ovqatdan zaharlanish toksikoinfeksiyasi engil-o`rta darajasi” tashxisi bilan yotqizilgan.

Hozirda bemorlar ahvoli qoniqarli.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o`tkazilmoqda.

Viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi ham albatta holatni o`rganib, quyidagilarni ma`lum qiladi.

Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joriy yil 16 sentyabr kuni soat 16:10 dan soat 18:30 ga qadar turli xonadonlarda yashovchi etti nafar fuqaro bir xil klinik belgilar (ko`ngil aynish, qayt qilish, bosh og`rig`i, qorin sohasida og`riq, 4-5 marta ich ketish, tana xaroratining yuqoriligi, holsizlik) bilan murojaat qilishgan.

O`tkazilgan tezkor epidemiologik surishturuvlarda barcha bemorlar 14 sentyabr kuni kechki vaqtda Registon ko`chasida joylashgan “Mo``jiza” restoranida o`tkazilgan to`yda ishtirok etib, to`ydan so`ng ortib qolgan go`sht hamda ayrim oziq-ovqat mahsulotlarini uylariga olib ketishgan. Ular bu taomlarni xonadonlarida to`yning ertasi kuni, ya`ni, joriy yil 15 sentyabr kuni tushlikda va kechki ovqatda iste`mol qilishgan.

Bemorlarda 15 sentyabr kuni kech soat 18:00 larda ko`ngil aynishi va qayt qilish kabi klinik belgilar bilan kasallik boshlangan. Ayrimlari uy sharoitida muolaja o`tkazishgan, ahvoli yaxshilanmagach, “tez tibbiy yordam”ga murojaat qilishgan.

Ayni paytga qadar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o`n etti nafar bemor murojaat qilgan. Ularga ovqat toksikoinfeksiyasi engil va o`rta og`ir darajasi tashxisi qo`yilib, o`n bir nafari yotib davolanayapti, ahvoli yaxshi. Qolgan olti nafarining ahvoli yaxshilangach, uyiga ruxsat berilgan.

Bemorlar Sog`liqni saqlash vazirligi nazoratiga olingan bo`lib, malakali shifokorlar tomonidan davolash ishlari olib borilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1