Yoshlar ongida vatanparvarlik va sadoqatlilik fazilatlarini mustahkamlash – davr talabi

Jamiyat 16.09.2019, 20:34
Yoshlar ongida vatanparvarlik va sadoqatlilik  fazilatlarini mustahkamlash – davr talabi

Bugungi kunda mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari”, “Jaholatga qarshi – ma`rifat” degan ustuvor g`oyalarni ijtimoiy hayotda qaror toptirishda yoshlarni vatanparvar, mard va jasur, sadoqatli va halol etib tarbiyalash dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Ushbu ustuvor vazifaning muhimligidan kelib chiqib, IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari joylarda o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida ta`lim muassasalarida ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar va huquqiy targ`ibot tadbirlarini ham uyushtirishmoqda.

Xususan, Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanidagi Transport va xizmat ko`rsatish kollejida ushbu tumandagi 5,11,19,31,51-sonli umumta`lim maktablari va Namangan viloyati Mingbuloq tumani 12-umumta`lim maktabi o`quvchilari ishtirokida o`tkazilgan uchrashuvda “Tinchlik va osoyishtalikni saqlashda yoshlar mas`uliyati” haqida so`z yuritildi.

O`tkazilgan tadbirlarda vatanparvarlik har bir davlat hayotining ma`naviy asosi hisoblanishi va jamiyatni har tomonlama rivojlantirish borasida eng muhim safarbar etuvchi kuch sifatida namoyon bo`lishi haqida so`z yuritildi.

Shuningdek, yoshlarda yuksak ma`naviyat va qonun ustuvorligi asosida yashash, el-yurtga sadoqat, adolat, halollik va jasorat kabi olijanob fazilatlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyatiga alohida e`tibor qaratildi.

Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning qadriga etish, mahallalarda sog`lom muhitning barqarorligini ta`minlash hamda o`z Vatanining ravnaqi yo`lida yoshlar mas`uliyati amaliy misollar orqali tushuntirib berilmoqda.

– IIV Malaka oshirish institutining professor-o`qituvchilari tomonidan maktab o`quvchilari bilan o`tkazilgan ma`naviy-ma`rifiy tadbir bizlar uchun katta saboq bo`ldi, – dedi Quyichirchiq tumani 19-sonli umumta`lim maktabining 9-sinf o`quvchisi Charos Jabborova. – Tadbirda yurtimizda biz yoshlarga yaratilayotgan sharoitlardan samarali foydalanish, tinchlikni qadriga etishimiz, ushbu bebaho ne`matni saqlashda nima ishlar qilishimiz lozimligi to`g`risida aniq misollar bilan tushuntirildi. Shuningdek, “Yoshlar o`rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi” mavzusida o`tkazilgan viktorina biz o`quvchilarda katta taassurot qoldirdi, unda berilgan savollar qiziqarli bo`ldi. Bunday tadbirlarning muntazam o`tkazilishini xohlar edik, negaki ular orqali biz huquqiy bilimlarimizni ham oshirdik. Tashkilotchilarga katta rahmat.

– Maktabimizda poytaxtimidan kelgan mutaxassislar tomonidan o`tkazilgan ma`naviy-ma`rifiy tadbir tengdoshlarim qatori, menda ham katta taassurot qoldirdi, – deydi Mingbuloq tumanidagi 12-sonli umumta`lim maktabining 10-sinf o`quvchisi Fotima A`zamjonova.
– Yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga etishi, uni asrab-avaylashga hissa qo`shishda har bir kishining mas`uliyati, burchi haqida tushunchalar berildi hamda o`tkazilgan viktorina orqali biz o`zimizga tegishli ma`lumotlarni oldik.

Ayniqsa, “Siz vatanparvarlik, adolatparvarlik, halollik, odillik, sadoqatni qanday tushunasiz?” degan savolga o`quvchilarning turli yondashuvlari bilan bahs-muzokaraga aylanib ketdi. Men ijodkor o`quvchi sifatida ushbu tadbirdan to`lqinlanib ketdim. Do`stlarimning “Vatan”, “sadoqat” tushunchalariga yondashuvi menga ham ijodda ushbu mavzularga murojaat qilishimga turtki bo`lyapti. “Vatanim”, “Onajonim”, “Qishlog`im”, “Birinchi ustozim” kabi she`rlarim tuman gazetasi sahifalarida chop etilgan. Hozirda she`rlarimni jamlab kitobcha chiqarish niyatidaman.

Bu tadbirni tashkil etgan Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga, Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilariga minnatdorchilik bildirib qolamiz.

Hay`at a`zolari o`quvchilarning faol ishtiroki hamda bilimlari yuzasidan ijobiy fikr bildirib, yuqori o`rinlarni egallagan jamoa a`zolariga esdalik sovg`alari topshirildi.

Shuningdek, Institut professor-o`qituvchilari Vatanimizning mard posbonlari, ichki ishlar organlari marhum xodimlarining jasoratlari to`g`risida batafsil ma`lumotlar berish maqsadida Norin tumanidagi 2-sonli umumta`lim maktabi o`quvchilari bilan birgalikda Namangan viloyati tarixi va madaniyati Davlat muzeyiga tashrif buyurdilar.

– Bugungi tadbir ayni muddao bo`ldi, – deydi mazkur maktab o`qituvchisi Ozoda Aripova. – Ichki ishlar organlari xodimlarining mashaqqatli va sharafli xizmatlari aks etgan eksponatlar orqali bolajonlarimizda vatanparvarlik, sodiqlik tushunchalari haqidagi dunyoqarashlari yanada mustahkamlanadi. Qolaversa, ushbu mard va jasur xodimlarning hayot yo`li yoshlarimizga ibrat bo`ladi.

Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda sayyor o`quv yig`inlari, seminar-treninglar, ta`lim muassasalarida targ`ibot tadbirlari hamda kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olish kabi ezgu ishlar joylarda davom etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1