1

Tadbirkorlikni rivojlantirish va davlat byudjetiga kafolatlangan tushumlarni ta`minlash masalalari tahlil qilindi

Siyosat 12.09.2019, 09:25
Tadbirkorlikni rivojlantirish va davlat byudjetiga kafolatlangan tushumlarni ta`minlash masalalari tahlil qilindi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 11 sentyabr kuni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish hamda davlat byudjetiga kafolatlangan tushumlarni ta`minlash masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha sub`ektlarini har taraflama qo`llab-quvvatlash yuzasidan mutlaqo yangi tizim yaratilmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish yo`lidagi ko`plab byurokratik to`siqlar bartaraf etilmoqda.

Ushbu yangi tizim, yaqinda tashkil etilgan Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining muvofiqlashtiruvchi roli ostida Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko`rib chiqish qabulxonalari, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi, joylardagi hokimlarning birinchi o`rinbosarlari boshchiligidagi iqtisodiyot kompleksi tashkilotlarining mazkur yo`nalishda hamjihatlikda izchil ishlashini nazarda tutadi.

Tadbirkorlik sub`ektlariga moliyaviy ko`mak berish maqsadida ularga tijorat banklari o`ziga xos biznes-hamkor bo`lishini ta`minlash bo`yicha yangi konsepsiya amaliyotga joriy qilinmoqda.

Bunday tizimli amaliy choralar natijasida joriy yilning o`tgan 8 oyida 70 mingta yangi tadbirkorlik sub`ekti tashkil etildi. Bu o`tgan yilning shu davriga nisbatan 2 barobarga ko`pdir.

Shu bilan birga, hududlarda ishlatilmayotgan rezerv va imkoniyatlar etarli. Sohani rivojlantirish bo`yicha yangi tizim qanday ishlashi kerakligini joylarda ko`pchilik rahbarlar hali chuqur anglab etmayapti.

Bosh vazir qabulxonalari tashkil etilganidan keyin o`tgan uch oy mobaynida unga 12 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan, ularning asosiy qismi kredit, er ajratish va boshqa masalalar bilan bog`liq.

Murojaatlarning aksariyati Toshkent, Qashqadaryo, Andijon, Samarqand viloyatlariga to`g`ri kelgan. Ulardan 9 mingtasi yoki 75 foizi joyida, shundan 40 foizi bevosita tuman darajasida hal bo`lgan. Bu holat ilgari quyi bo`g`in rahbarlari tadbirkorlik sohasidagi mavjud muammolar bilan umuman shug`ullanmaganidan dalolat beradi.

Vazirlar Mahkamasiga Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi bilan birga Bosh vazir qabulxonalariga tadbirkorlik sub`ektlaridan tushayotgan murojaatlarda ko`tarilayotgan muammolarni imkon qadar joyida hal etilishini doimiy ravishda muhokama qilib borish topshirildi.

Shuningdek, markaziy idoralar va vazirliklar rahbarlaridan iborat tarkibda 6 ta hududiy Ishchi guruhlarini tuzgan holda, tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha yangi tizimni mamlakatning boshqa tuman va shaharlarida joriy etish, joylarda bu borada ishlatilmayotgan imkoniyatlarni safarbar qilish yuzasidan aniq choralar belgilab berildi.

Jumladan, Ishchi guruhlariga har bir tuman va shaharning o`ziga xos xususiyatlari va salohiyatini o`rganib, ularni qaysi yo`nalishlarga ixtisoslashtirish bo`yicha aniq takliflarni ishlab chiqish hamda shunga mos ravishda yangi investisiya loyihalari amalga oshirilishini ta`minlash yuklatildi. Shuningdek, joylarda tadbirkorlar ishtirokida ularni qiziqtirgan masala va muammolar yuzasidan ochiq muloqotlar o`tkazib, mavjud g`ov-to`siqlarni bartaraf etish choralarini ko`rib borish topshirildi.

Majlisda biznes muhitini yaxshilash bo`yicha qonuniy asoslarni takomillashtirish va aniq yo`naltirilgan amaliy choralar ko`rishga alohida to`xtalib o`tildi.

Jumladan, biznes yuritish, lisenziya va ruxsatnomalarni olish bo`yicha kiritilgan yangiliklar amaliyotda hali to`liq ishga tushib ketmayotgani tanqid qilindi.

Xususan, Davlat xizmatlari yagona reestriga kiritilgan 693 ta xizmat turidan atigi 103 tasi yoki 15 foizi Davlat xizmatlari markazlari orqali va elektron tarzda ko`rsatilmoqda, xolos. Bu esa tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo`lgan shaxslarga qiyinchilik tug`dirmoqda.

Shuning uchun, Adliya vazirligiga tadbirkorlarga onlayn tizimda axborot-maslahat xizmatlarini joriy etish, qog`ozda ko`rsatilayotgan barcha davlat xizmatlarini elektron ko`rinishga o`tkazish bo`yicha bir oy muddatda tegishli qaror loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, qurilish hujjatlarini kelishishning yagona onlayn tizimini amaliyotda to`liq ishlatishni ta`minlash bo`yicha zarur choralar belgilab berildi.

Ko`plab chet mamlakatlarda biznes sub`ektlari 3 toifaga (kichik, o`rta va yirik) bo`lingan va davlat tomonidan har bir toifaga nisbatan alohida qo`llab-quvvatlash siyosati olib boriladi. Lekin O`zbekistonda iqtisodiyot rivojida alohida rol o`ynaydigan “o`rta biznes” tushunchasi, afsuski, umuman yo`q.

Shuni hisobga olib, Vazirlar Mahkamasi va tegishli vazirliklarga o`rta biznes toifasini joriy etish, kichik, o`rta, yirik biznes mezonlarini qayta ko`rib chiqish, ularni alohida mexanizmlar asosida davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish bo`yicha uch oy muddatda aniq takliflarni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Yig`ilish kun tartibidagi ikkinchi masala – davlat byudjetiga tushumlarni ta`minlash holati ko`rib chiqilar ekan, o`tgan 8 oyda bu boradagi ko`rsatkichlar prognozga nisbatan yuqori bo`lgani alohida qayd etib o`tildi.

Daromadlarni oshirish bo`yicha foydalanilmagan zaxiralarni ishga solish, soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Yakka tartibdagi tadbirkorlardan undiriladigan qat`iy belgilangan soliq bo`yicha tushumlarni ta`minlash, yashirin ish o`rinlarini legalizasiya qilish muhimligi ta`kidlandi.

Toshkent shahri, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida ko`p milliard so`mlik soliq qarzdorligi undirilmagani, qator tuman va shaharlar rahbarlari izlanmay, yirik soliq to`lovchilar hisobiga prognoz ko`rsatkichlarini bajarishda davom etayotgani tanqid qilindi.

Xalqaro valyuta jamg`armasi va Jahon banki ekspertlari ishtirokida tuzilgan Yirik soliq to`lovchilar bilan ishlash bo`yicha inspeksiya soliq rezervlarini o`rganish va tushumlarni ko`paytirishda muhim omil bo`layotgani qayd etildi. Ushbu ishlarning samarasini oshirish uchun yirik soliq to`lovchilarni elektron hisob fakturalariga o`tkazish va ularni buxgalteriyani kompyuterda yuritish dasturlariga bog`lash kerakligi ta`kidlandi.

Moliya vazirligiga qo`shilgan qiymat solig`i stavkasini kamaytirish bo`yicha aniq asoslangan taklif kiritish topshirildi.

Byudjet tushumlarining 21 foizini ta`minlaydigan 20 ta shahar va tuman bilan bevosita ishlash uchun ularga mutasaddi rahbarlar biriktirildi.

Davlat byudjetining daromadlar qismini bajarishda sustkashlikka yo`l qo`yayotgan hududiy soliq idoralari rahbarlari ogohlantirildi. Prezident prognozni oldindan to`lov hisobiga bajarish qat`iyan man etilishini ta`kidladi.

Tadbirkorlar, ekspertlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirokida o`tkazilgan muhokamalarda bildirilgan takliflarni inobatga olib, Soliq kodeksining yangi tahriri loyihasini puxta ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Videoselektorda muhokama qilingan masalalar bo`yicha mutasaddi rahbarlar va hokimlarning hisobot va takliflari eshitildi.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1