1

​Majlis (Hajviya)

Mutolaa 11.09.2019, 19:27
​Majlis (Hajviya)

Halloslaganimcha zalga kirib kelsam hali majlis boshlanmabdi. Zal to`la odam. Majlis kichik emas, trestimizning yillik faoliyati muhokama qilinadi. Uni shaxsan Somon Somonovichning o`zlari o`tkazadilar.

- Soat necha bo`ldi? - dedi orqa qatorda o`tirgan, novchadan kelgan yigit.

“To`qqiz” – dedi kimdir.

Aytilgan vaqt bo`ldi, Somon Somonovich nega kelmayapti?

- U hali yuqoriga majlisga ketib qolgan bo`lmasin tag`in, - dedi muhandisimiz.

- Ey qo`ysang-chi, majlis chaqirib majlisga ketadimi xumpar?!

Zalda g`ala-g`ovurdan bir-birovning gapini eshitib bo`lmasdi. Shu orada hay`at stoliga gul qo`yib ketishdi. Yosh yigit esa mikrofonni o`rnatib, uch marta «bir-ikki» deb pufladi.

- Hozir kelarmish, - dedi kimdir. Idora oldida telefonda gaplashayotganmish.

- Kelmasa, yana yaxshi, - dedi yonida o`tirganlardan biri. - Majlisdafoydali gap bo`lmaydi.

Nega unday deysiz? - dedim.

- Eski tos, eski hammom, - dedi men tomonga o`grilib. Har galgidek Mamarasulovga ma`ruza qildiradi. Yumshoqboevni tanqid qiladi. Shuning bilan majlis tamomda. Qarori ham qabul qilinmaydi.

- Qarori yo`q majlis xuddi ikki kishining hangomasiga o`xshaydi, - dedi yana muhandisimiz.

- Qarorni nima qilasan, Somon Somonovichning «har bir so`zi» dasturi hikmat-ku!

– Muhandisimiz sotkasiga qarab soat o`n yarim bo`libdi, dedi. - Boshliqdan hali darak yo`q. Majlis hozir boshlansayam ancha cho`ziladi. Eshik yoniga borib o`tiraylik. Chiqib ketish oson.

Eshikda o`rin qolmagan. «Olg`ir»lar allaqachon egallab olishibdi.

Birdan zalda yana g`ala-g`ovur ko`tarildi. Boshliq Qudrat Quvvatovichni kutib turganmish.

- Kim ekan-u, Qudrat Quvvatovich?

- «Gulzor» Qurilish trestining boshlig`i. Bizning tajribamizni o`rganishga kelayotganmish.

- Majlis tajriba maktabi ekanmi?

Shu payt zalda jonlanish boshlandi. Nima gap ekan deb u yoq-bu yoqqa qaradik. Qudrat Quvvatovich kelibdi. Hozir Somon Somonovich yonida ekanlar. Kimdir yana soat so`radi:

- O`n ikki.

– Agar hozir majlis boshlansa naq soat ikkida tugasa-yam zo`r bo`lardi, - dedi muhandis. Uni eshitib turgan old qatordagi yigit:

- Unda oshqozonning«g`uldurashi» «Uchqo`rg`onga» etarkan-da, - dedi.

Kimdir ketmoqchi bo`lib eshik tomon yuruvdi. Mamarasulov tomonidan orqaga qaytarildi. Birdan zalda «yangilik» paydo bo`ldi. Somon Somonovich bilan Qudrat Quvvatovich yo`lda kelayotganmish. Qahva ichib sal ushlanibdilar. Qahva so`zini eshitganlarning oshqozonida qandaydir o`zgarish paydo bo`ldimi? Birov konfet esa, kimdir saqich chaynay boshladi.

Shu payt televidenie operatorlari biz o`tirgan qatorga kelib «tushirib olaylik, bir qarsak chalib yuboringlar» dedi. Qarsak chaluvdik boshqalar qo`shilib, Somon Somonovich kelganga o`xshaydi deb eshik tomonga qarashdi.

Besh daqiqa o`tar-o`tmas Somon Somonovich bilan Qudrat Quvvatovich kirib keldilar.

- Uzr-uzr, - dedi Somon Somonovich. – Ushlanib qoldik. Bilaman ko`p o`tirib qoldinglar. Tezda tugatamiz, - so`zni o`rinbosari Mamarasulovga berarkan, u ma`ruzasini boshlarkan, u er-bu erdan xurrak ovozlari eshitila boshladi. Kimdir tush ko`rdi, shekilli, qattiq ovoz chiqarib seskanib ketdi.

- Kim u? – dedi gazeta varaqlab o`tirgan Somon Somonovich ko`zidan oynagini olarkan...

Nihoyat Mamarasulov ma`ruzasini tugatdi. Endi minbarga kasaba uyushmasi raisi Yumshoqboev ko`tarildi. Ma`ruza Somon Somonovga yoqmadimi, uni to`xtatib savolga tutdi. Javob «qanoatlantirmadi» Yumshoqboevni koyishga tushayotgan edi, «Bahor» obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish korxonasi boshlig`i Tozaboev qichqirdi:

– Tirikmi, olib chiqing?! Doktor chaqiringlar!

Shu bilan majlis tugadi. Tashqariga otilib chiqdik. Kimdir:

–Oh, naqadar toza havo! – dedi.

Kimdir Tozaboevga «rahmat» denglar, – dedi. – Agar u yiqilmaganida…

B.JUMANIYoZOV.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1