1

IIV Malaka oshirish instituti va Inxa universiteti o`rtasida o`zaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda

Jamiyat 10.09.2019, 19:19
IIV Malaka oshirish instituti va Inxa universiteti o`rtasida o`zaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda

Shu yilning 10 sentyabr kuni Toshkent shahridagi Inxa universitetida mazkur ta`lim muassasasi bilan O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti o`rtasida o`zaro hamkorlik to`g`risida memorandum imzolandi.

Memorandumga ko`ra, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning o`quv dasturlarini, o`quv-metodik va normativ materiallarini ishlab chiqishda, ta`lim jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini tadbiq etishda, innovasion va texnologik g`oyalarni rivojlantirishda, qonunchilik va huquqni qo`llash amaliyotini takomillashtirishga doir ilmiy asoslangan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqishda yaqindan hamkorlik qilish belgilandi.

– O`rnatilayotgan hamkorlik yo`nalishlari keng qirralidir,
– deydi Toshkent shahridagi Inxa universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Muzaffar Djalalov. – Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda axborot-kommunikasiya texnologiyalariga oid o`quv dasturlarini, o`quv-metodik materiallarini ishlab chiqishda, ta`lim jarayoniga innovasion texnologiyalarni, masofaviy (elektron) ta`lim shaklini keng joriy etish ishlari hamkorlikda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, matematik modellashtirish, algoritmlash va kriptografiya sohalarida, kompyuter va dasturiy injiniring yo`nalishlarida zamonaviy o`quv adabiyotlari, o`quv-uslubiy materiallarni tayyorlash, ularning multimediali avlodlarini yaratish, o`quv, ilmiy, texnik va boshqa adabiyotlar fondini, shuningdek global axborot va ta`lim resurslarini muntazam yangilab boriladi.

– Toshkent shahridagi Inxa universiteti bilan hamkorlik, ayniqsa, biz uchun dolzarb ahamiyatga, – deydi IIV Malaka oshirish instituti boshlig`i, yuridik fanlar doktori, professor Nuriddin Narmatov. – Chunonchi, bugungi kunda jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi sohalariga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini samarali joriy etishni ichki ishlar organlari xodimlariga o`rgatish shiddat bilan rivojlanayotgan davr talabi bo`lib hisoblanadi. Qolaversa, kiberjinoyatchilik va butunjahon Internet tarmog`i orqali sodir etiladigan jinoyatlarni oldini olish, axborot xavfsizligini ta`minlash sohalarida tizim xodimlarining bilim va malakalarini oshirishda ushbu nufuzli oliy o`quv yurtining salohiyatidan samarali foydalanish ko`zlangan natijaga erishishga xizmat qiladi. Kelgusida biz yangi dasturiy ta`minotlarni ishlab chiqishda, texnik-texnologik ishlanmalardan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xodimlarning malakasini oshirish yo`nalishlarida ham hamkorlikni amalga oshiramiz.

Mazkur ta`lim muassasalarining o`zaro hamkorligi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning taraqqiyotiga mos holda hamda ilg`or xorijiy tajribani inobatga olgan holda kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohalarida zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish samaradorligini oshirishga, ularning zamonaviy talablar asosida kasbiy ko`nikmalari va layoqatlarini rivojlantirib borishga ijobiy ta`sir ko`rsatadi.

Ta`lim muassasalari rahbarlari kelgusida memorandumda belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash bo`yicha “Yo`l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1