1

Xotin-qizlar o`rtasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini takomillashtirishga qaratilgan seminar-treninglar o`tkazilmoqda

Jamiyat 09.09.2019, 12:39
Xotin-qizlar o`rtasidagi huquqbuzarliklar  profilaktikasi tizimini takomillashtirishga  qaratilgan seminar-treninglar o`tkazilmoqda

Davlatimiz Rahbarining tashabbusi bilan joriy yilda xotin-qizlar o`rtasida huquqbuzarliklar sodir etilishini barvaqt oldini olish, jinoyat sodir etgan xotin-qizlarning muammolarini o`rganish va ularni bartaraf etishga ko`maklashish, ruhan qo`llab-quvvatlash maqsadida hududiy ichki ishlar organlarida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo`yicha inspektor lavozimi joriy etilgan edi.

Ayni paytda, mazkur lavozimda faoliyat ko`rsatayotgan xodimlarga xizmat vazifalarining mazmun-mohiyatini hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini tushuntirish, ularning malakasini oshirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Mazkur yo`nalishda IIV Malaka oshirish instituti tashabbusi bilan joylarda tumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining tashkiliy bo`linmalari boshliqlari, jinoyat-qidiruv bo`limlari tezkor vakillari, tergov bo`linmalarining tergovchi va surishtiruvchilari uchun o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo`yicha inspektorlar uchun ham alohida seminar-treninglar tashkillashtirilmoqda.

Jumladan, Andijon va Sirdaryo viloyatlarida o`tkazilgan seminar-treningda ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo`yicha inspektorlarining faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy xujjatlarning mazmun-mohiyati hamda ularda belgilangan vazifalar ijrosini samarali ta`minlash haqida so`z yuritildi.

– Men xizmat qiladigan 83 ta mahallada 216 mingdan ziyod xotin-qizlar istiqomat qiladi. Hududimiz osoyishtaligi yo`lida shahar xotin-qizlar qo`mitasi, keng jamoatchilik vakillari birgalikda xotin-qizlar o`rtasida huquqbuzarliklar sodir etilishini barvaqt oldini olishga harakat qilmoqdamiz, – deydi Andijon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Xotin-qizlar masalari bo`yicha katta inspektori, kapitan Barno Mirzaeva. – O`tkazilgan seminar-treningda esa biz inspektorlarning asosiy vazifalari va ularni amalga oshirish mexanizmlari, normativ-huquqiy xujjatlar talablari haqida olgan bilimlarimiz xizmat faoliyatimizning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Institut professor-o`qituvchilari kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan ham xabar olinmoqda.

– Turmush o`rtog`im bilan 6 nafar farzandni voyaga etkazdik, so`nggi 2 yil mobaynida oilamiz boshlig`i kasal bo`lib to`shakka mixlanib qoldi. Mahallamiz faollari, qo`ni-qo`shnilar oilamga yordam berishmoqda, baraka topishsin, – deydi Sayxunobod tumani “Guliston” mahallasida yashovchi kam ta`minlangan oila bekasi Maryam Aliqulova. – Bugun xonadonimga IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilarining tashrif buyurganidan xursand bo`ldim. Ular oilamdagi muammolar bilan qiziqishdi, turmush o`rtog`im I.Aliqulovni tibbiy ko`rikdan o`tkazish hamda davolashni tuman IIB va tibbiyot birlashmasi bilan hamkorlikda tashkil etish ko`maklashishni aytishdi. Bunday savobli ishlar uchun Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman.

– Uch opa-singil istiqomat qilamiz, onamiz 2016 yilda betobligi tufayli bevaqt olamdan o`tdi. 1998 yilda tug`ilgan singlim Sohibjamol Xolmatova 2-guruh nogironi, uni davolash, parvarish qilish, ro`zg`or tashvishi bizni qiynab qo`ydi, – deydi Andijon shahar “Birlik” mahallasida istiqomat qiluvchi J.Xolmatova. – Mushkullarimizni oson qilishda Andijon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Xotin-qizlar masalari bo`yicha katta inspektori, kapitan Barno Mirzaeva yaqindan yordam bermoqda, umrlaridan baraka topsin. Bugun IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilarining tashrifi esa bizni yanada quvontirib yubordi. Chunki shahar IIB, tibbiyot birlashmasi bilan birgalikda singlimning sog`lig`ini tiklash uchun yo`llanma taqdim etildi. Shuningdek, boshqa maishiy muammolarimiz xam tegishli tashkilotlar bilan birgalikda hal etiladigan bo`ldi.

Shuningdek, Andijon shahridagi “Gumbaz” mahallasida yashovchi kam ta`minlangan oilalar N.Mahkamova va U.Qosimovalarning xonadonlaridan ham xabar olindi.

Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda sayyor o`quv yig`inlari, seminar-treninglar, ta`lim muassasalarida targ`ibot tadbirlari hamda kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olish kabi ezgu ishlar joylarda davom etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1