1

Dori savdosi ustidan nazorat kuchaytiriladi

Salomatlik 07.09.2019, 14:11
Dori savdosi ustidan nazorat kuchaytiriladi

Prezident dori vositalari savdosi ustidan nazoratni kuchaytirish to`g`risidagi hujjatni imzoladi. Savdo-sotiq jarayonini videoga yozib olish, 2021 yildan esa reseptlarni elektron shaklda berish majburiy bo`ladi.

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 sentyabr kuni dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to`g`risida qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qarorga ko`ra, 2019 yil 1 dekabrdan boshlab kuchli ta`sir qiluvchi moddalar ro`yxatiga kiritilgan dorilarning chakana savdosi faqat ijtimoiy dorixonalar, tegishli lisenziyaga ega bo`lgan dorixonalar tomonidan amalga oshiriladi.

Mazkur ro`yxat hukumat tomonidan bir hafta muddatda tasdiqlanishi lozim.

Qaror bilan quyidagilar belgilandi:

  • kuchli ta`sir qiluvchi moddalar ro`yxatiga kiritilgan dorilar uchun yozilgan reseptlar dorixonalarda bir yil davomida saqlanadi;
  • bemorga reseptli dorilarni reseptni rasmiylashtirmasdan tayinlash taqiqlanadi;
  • 2020 yil 1 yanvardan boshlab dorilar va tibbiy buyumlarning savdo jarayonini uzluksiz ravishda videoga yozib olish va bir oy davomida video-yozuvlarni saqlash mazkur faoliyat uchun lisenziya talabi hisoblanadi va talabning muntazam bir yil davomida bir martadan ko`p buzilishi lisenziyaning amal qilishini tugatish uchun asos bo`ladi.

2021 yil 1 yanvarga qadar elektron tarzda resept berish axborot tizimi joriy etiladi.

Mazkur axborot tizimi 2021 yil 1 martdan Toshkentda, 2022 yil 1 martdan boshlab esa respublikaning barcha hududlarida majburiy ravishda qo`llaniladi.

Iyunda «Gazeta.uz» Toshkentni «dorixona narkomaniyasi» egallab olayotgani haqida yozgan edi. O`rganishlar poytaxtda pregabalin, zaleplon va tropikamid kabi resept bilan sotilishi lozim bo`lgan dori vositalari ommaviy ravishda iste`mol qilinayotganini ko`rsatdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1