Suv ta`minoti tizimi tubdan isloh qilinadi

Siyosat 06.09.2019, 07:02
Suv ta`minoti tizimi tubdan isloh qilinadi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 5 sentyabr kuni aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash bo`yicha ustuvor vazifalarga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Mamlakatimiz aholisini, ayniqsa 11 mingdan ziyod qishloqlarni toza ichimlik suvi bilan ta`minlash o`ta dolzarb masala bo`lib qolmoqda.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o`tgan ushbu tadbirda davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, oxirgi 2 yilda ichimlik suvi va kanalizasiya tizimini yaxshilashga 2 trillion 400 milliard so`m ajratildi. Bu avvalgi 10 yilda ajratilgan jami mablag`dan 2 baravar ko`p demakdir.

Shunga qaramasdan, mamlakatimizda markazlashgan tarmoqlar orqali toza ichimlik suvi bilan ta`minlash darajasi 68 foizni tashkil etmoqda. Bu ko`rsatkich, jumladan, Qoraqalpog`istonda 52 foiz, Buxoroda 53, Qashqadaryo va Surxondaryoda 54, Xorazmda 56 foizga etgan, xolos.

Yig`ilishda qayd etilishicha, Toshkent shahrida suv ta`minoti korxonalari rentabelligi 7 foiz, Andijon va Qashqadaryoda 6, Navoiyda 3 foizni tashkil etadi.

27 ming kilometr yoki 38 foiz suv tarmoqlari avariya holatida bo`lsa, 2 mingta yoki 20 foiz suv nasoslari ishdan chiqqan. Yurtimiz shaharlarining faqat 79 tasida (57 foiz) kanalizasiya tizimi mavjud, uning ham 23 foizi ta`mirga muhtoj.

Yig`ilishda, shuningdek, bugungi kunda ichimlik suvi ishlab chiqarish va tarqatish inshootlarining 85 foizida hisobga olish tizimi mavjud emasligi ham tanqid qilindi.

Jami 3 million 280 ming nafar suv iste`molchidan atigi 44 foiziga, ya`ni 1 million 425 ming xonadonga hisoblagich o`rnatilgani sohada ishlar sustkashlik bilan amalga oshirilayotganini ko`rsatmoqda.

Ayniqsa, qishloqlarda ko`plab egasiz suv inshootlari mavjud (birgina Bo`ka tumanida, masalan, 60 dan ortiq shunday ob`ektlar bor).

Davlatimiz rahbari bu va bunga o`xshash muammolarni hal etish uchun sohada olib borilayotgan ishlarni keskin jadallashtirish lozimligini ta`kidladi. Hisob-kitoblarga ko`ra, 2030 yilga qadar suv ta`minotini shaharlarda 98, qishloqlarda 85 foizga, kanalizasiya tizimini 31 foizga etkazish ko`zda tutilgan. Buning uchun 4,5 milliard dollar mablag` kerak bo`ladi.

Bunday ulkan maqsadlarga erishish uchun esa hozirdanoq muhim vazifalarni hal etish zarurligi ko`rsatib o`tildi.

Avvalo, tariflarni erkin bozor talablari asosida belgilash va sohaga xususiy investisiyalarni jalb qilish kerak. Qolaversa, toza ichimlik suvi ishlab chiqarish va tarqatish inshootlari hamda iste`molchilarni 2022 yil oxiriga qadar 100 foiz hisoblagichlar bilan ta`minlash lozimligi qayd etildi.

Shu maqsadda Moliya vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligiga 2020 yil 1 yanvardan tariflarni xizmatlar tannarxini to`liq qoplash va modernizasiya xarajatlarini hisobga olgan holda belgilash vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, olis va tog`li hududlar aholisini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan qoplab berish tartibi joriy qilinishi belgilab qo`yildi.

Bundan tashqari, tajriba tariqasida suv va kanalizasiya tizimini tadbirkorlarga davlat-xususiy sherikchilik asosida berish choralari ko`rilishi ta`kidlandi.

Yig`ilishda belgilangan vazifalarni bajarish yuzasidan soha rahbarlari axborot berdi.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1