Samarqandda bir oilaning besh a`zosini o`ldirgan shaxslar ustidan sud boshlandi

Jinoyat 05.09.2019, 15:30
Samarqandda bir oilaning besh a`zosini o`ldirgan shaxslar ustidan sud boshlandi

Bu haqda Oliy sudi matbuot xizmati xabar qildi.

Joriy yilning 14 mayidan 15 mayiga o`tar kechasi Samarqand viloyati Ishtixon tumani «Chimqo`rg`on» MFY «Chimqo`rg`on» qishlog`ida bir oilaning besh nafar a`zosining qasddan o`ldirgani butun jamoatchilik orasida shov-shuvga sabab bo`lgandi. Qotillar qasddan o`ldirgan bir oilaning besh vakili “Damas” ichidan o`lik holda topilgandi. Mazkur mudhish qotillik yuzasidan shu kunning o`zida Ishtixon tuman prokuraturasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, jinoyatni fosh etish uchun barcha zaruriy tezkor-qidiruv va Bosh prokurorning alohida nazorati ostida tergov harakatlari tun-u kun amalga oshirildi. 4 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand viloyat sudi binosida esa ayni shu mudhish qotillikda ayblangan to`rt nafar shaxs ustidan ochiq sud boshlandi.

Aziz OBIDOV, O`zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi:

– Tergov yakuniga ko`ra, sudlanuvchilar 2019 yil 14 maydan 15 may kuniga o`tar kechasi Samarqand viloyati Ishtixon tumani “Chimqo`rg`on” MFY “Chimqo`rg`on” qishlog`ida yashab kelgan A. Xalbaevning uyiga g`ayriqonuniy ravishda kirishib, xujum qilib A. Xalbaevni, uning turmush o`rtog`i Z. Xalbaevani, farzandlari J. Islomov, voyaga etmagan A. Islomov va O. Islomovlarni qasddan o`ldirishgan hamda 22 mln. so`m, 100 AQSh dollari va 600 ming so`mlik “Samsung” rusumli uyali aloqa telefonini bosqinchilik yo`li bilan talon-toroj qilishgan. Shundan so`ng, sudlanuvchilar sodir etgan jinoyatlarini yashirish maqsadida A. Xalbaev va uning oila a`zolarining murdalarini ko`rpalarga o`rashib, uy hovlisida turgan “Damas” rusumli avtomashinaga joylashtirib Qo`shrabot tumanidagi “Oltin maydon” fermer xo`jaligi hududidagi adirga avtomashinani boshqarib borishib, tashlab ketishgan.

MA`LUMOT UChUN:
Sudlanuvchilar G`olib Tashanov (1981 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan, millati - o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti - o`rta, oilali, uch nafar voyaga etmagan farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz), Jahongir Usmonov (1993 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan, millati - o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti – o`rta-maxsus, oilali, ikki nafar voyaga etmagan farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz), Shamshiddin Esonboev (1995 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan, millati - o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti - o`rta, uylanmagan, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz) va Habibullo Nurmanov (1996 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan, millati - o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti – o`rta-maxsus, uylanmagan, muqaddam sudlangan, vaqtincha ishsiz)ga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha boshlangan ochiq sud O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Ikrom Muslimov raisligida hamda sudyalar O. Arabov va E. Ergashevdan iborat sud tarkibida ko`rilmoqda.

Shuningdek, G`. Tashanov 2018 yilning bahorida o`zi istiqomat qilib kelgan uyning tomorqasida o`sib chiqqan taqiqlangan “ko`knor” o`simligini qonunga xilof ravishda etishtirib, 2018 yil noyabr oyida quruq holdagi umumiy sof vazni 49,94 gramm bo`lgan “ko`knor” giyohvandlik vositasini J. Usmonovga qonunga xilof ravishda o`tkazgan bo`lsa, J. Usmonov ushbu giyohvandlik vositasini o`z uyida o`tkazish maqsadini ko`zlamay qonunga xilof ravishda saqlab kelgan.

Sudlanuvchilar G`.Tashanov O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o`ldirish), 164-moddasi (bosqinchilik), 267-moddasi (transport vositasini olib qochish), 270-moddasi (taqiqlangan ekinlarni etishtirish) va 273-moddasi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o`tkazish maqsadini ko`zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o`tkazish) da; J. Usmonov O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o`ldirish), 164-moddasi (bosqinchilik), 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) va 276-moddasi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o`tkazish maqsadini ko`zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) da; Sh. Esonboev O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o`ldirish), 164-moddasi (bosqinchilik) va 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) da; X. Nurmanov O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o`ldirish), 164-moddasi (bosqinchilik) va 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.

Sud jarayoni davom etmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1