Davlat rahbari Mustaqillik tantanalari oldidan poytaxtning olti maskaniga tashrif buyurdi

Siyosat 31.08.2019, 14:05
Davlat rahbari Mustaqillik tantanalari oldidan poytaxtning olti maskaniga tashrif buyurdi

1. Xoreografiya oliy maktabi endi yangi zamonaviy dargohda
Prezident Shavkat Mirziyoev 30 avgust kuni Toshkent shahrida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini ko`zdan kechirdi.

Xoreografiya oliy maktabining zamonaviy yangi binosi. Oliy maktab yangi o`quv yilini ana shu dargohda boshlaydi.

Zamonaviy Oliy maktab binosi uchun 15 milliard so`mdan ziyod mablag` sarflangan. 400 talaba tahsil oladi. 300 o`rinli talabalar turar joyi ham mavjud.

– Bu erdagi sharoit, muhit va yutuqlarni mamlakatimizning boshqa joylarida ham tatbiq etish, hududiy maktablar tashkil etib, ularni Oliy maktabga biriktirish, ustoz-shogird an`anasini mustahkamlash zarur, – dedi davlat rahbari.

Darvoqe, davlat rahbari ko`rsatmasiga ko`ra, «Bahor» raqs ansambli qayta tiklanadi.

2. «Navro`z» bog`ida milliy qadriyatlarimiz namoyon bo`ladi

Davlat rahbari tashrif buyurgan Toshkent shahridagi “Navro`z” bog`i xalqimiz madaniyati, milliy qadriyatlari chuqur ifodasini topgan. 2,5 gektar maydon etnografik shaharchaga aylantirilgan. Qoraqalpog`iston va barcha viloyatlar nomlari bilan ataladigan ko`chalar va qadimiy uslubda uylar bunyod etilib, har bir hududning o`ziga xos an`analari, hunarmandchiligi, turmush tarzi aks ettirilgan.

Paxsa devorli hovlilar, ayvonlar, choyxona va ustaxonalar timsolida qadimiy mahallalarimiz qayta tiklangan.


Ushbu o`ziga xos shaharcha markazida Navro`z bayrami tantanalarini o`tkazishga mo`ljallangan amfiteatr barpo etilgan. Bog` oxiridagi anhor ustida 88 metrlik ko`prik qurilgan.

- O`zlikni anglash nuqtai nazaridan bu joyning ahamiyati katta. Bu erda milliy qadriyatlarimiz, tariximiz yaqqol ko`rinadi. O`z tarixini chuqur bilgan xalq g`ururli, qudratli, badavlat bo`ladi, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari ko`rsatmasiga ko`ra, bu bog` faqat Navro`z kunlari emas, yil davomida gavjum bo`ladi. Bu erga kelganlar madaniy hordiq bilan birga ma`naviy ozuqa ham oladi.


3. Mirzo Ulug`bek maktabi - mamlakatimiz ta`lim tizimida yangi yo`nalish


Davlatimiz rahbarining 2017 yil 14 sentyabrdagi qarori asosida tashkil etilgan ushbu o`quv dargohi fizika, matematika, informatika va astronomiya fanlariga ixtisoslashgan.

Innovasion usullarda dars o`tish maqsadida aerokosmik texnologiyalar xonasi tashkil etilib, zamonaviy VR BOX, HOLOMAX, QBOX uskunalari o`rnatilgan. Maktab binosining tom qismida o`rnatilgan teleskopda o`quvchilar osmon jismlarini kuzatishi mumkin.

Robototexnika, yosh fiziklar, matematiklar, astronom va informatiklar to`garaklari ham tashkil etilgan.

- Bu maktabni Mirzo Ulug`bek nomi bilan tashkil etganimiz bejiz emas. Bundan faxrlanishingiz, buyuk bobomizga munosib bo`lishingiz kerak. Buning uchun juda katta intilish, qunt, mehnat zarur. Vatanimizga kerakli etuk mutaxassislar bo`lib etishishingiz uchun hamma sharoitni yaratib beramiz, - dedi Shavkat Mirziyoev.

4. Tashkent City bosqichma-bosqich bitmoqda

Ma`lumki, davlatimiz rahbari bu loyihaning sifati va sur`atini doimiy kuzatib bormoqda. Har bir detalga, rangga, qulaylik va qiyofa uyg`unligiga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda ikki qavatli kongress-xoll binosi va 21 qavatli besh yulduzli mehmonxona qad ko`tarib bo`lgan. Ichki pardozlash, elektr tarmoqlari tortish, dekorativ panellarni montaj qilish ishlari yakunlanmoqda. Muhandislik kommunikasiya tarmoqlarini o`rnatish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bog`da manzarali daraxtlar ekilgan, musiqali favvora barpo etilgan.

Prezidentimiz majmuada amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini yuqori baholab, bu ob`ektlar ishga tushganda xizmat turlarini ko`paytirishga e`tibor qaratish, xalqimizning bu erga kelib mazmunli dam olishi uchun qulayliklar yaratish yuzasidan ko`rsatmalar berdi.

5. Shahidlar xotirasi xiyobonida qatag`on qurbonlari yod etildi

Davlatimiz rahbari 31 avgust kuni erta tongda Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurib, qatag`on qurbonlarini yod etish marosimida ishtirok etdi.

Qur`on tilovat etilib, xalqimiz ozodligi uchun fido bo`lgan insonlar haqiga duo qilindi. An`anaga ko`ra, elga osh tortildi.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida nuroniylar, ulamo va ziyolilar bilan muloqot bo`lib o`tdi.

Fidoyi va vatanparvar bobolarimizning hayoti va merosini o`rganish, xotirasini abadiylashtirishga katta e`tibor qaratilmoqda.

6. Prezident Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi

Davlatimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bag`ishlangan bayram tadbirlari boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoev 31 avgust kuni Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, ozodligimiz, yorug` kelajagimiz va pok niyatlarimiz ramzi bo`lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambar qo`ydi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar vakillari ham monument poyiga gullar qo`ydi.

Mamlakatimiz tarixida yangi sahifa ochgan, xalqimiz uchun eng ulug`, eng aziz ayyom bo`lgan Mustaqillik bayramiga hamma joyda katta tayyorgarlik ko`rilgan. Poytaxtimizdagi tantanali tadbir bugun “O`zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bo`lib o`tadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1