1

​20 ta yangi “Nihol” unib chiqdi

Jamiyat 30.08.2019, 01:54
​20 ta yangi “Nihol” unib chiqdi

29 avgust kuni poytaxtimizdagi “Xalqlar do`stligi“ saroyida “Nihol“ mukofoti sovrindorlari tantanali taqdirlandi. Ushbu marosimda "Darakchi" muxbirlari ham ishtirok etdi.

2000 yilda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti yosh iste`dodlar uchun ta`sis etgan "Nihol" mukofoti o`zining estrada, musiqa, mumtoz qo`shiq, raqs va opera san`ati ijrochiligi sohasidagi mahorati bilan odamlarning yuragiga etib boradigan asarlar yaratishda faollik ko`rsatayotgan ijodkorlarga berilmoqda.

Mukofotga da`vogarlarning ijodi 5 ta (estrada, musiqa, mumtoz qo`shiq, opera ijrochiligi va raqs san`ati) yo`nalishlar bo`yicha o`tkazilgan tanlovlar orqali saralandi. Tavsiya etilayotgan ishlarni ko`rishda nomzodning professional tayyorgarligi, badiiy ijrochilik mahorati, repertuar saviyasi (musiqa, matn), ijtimoiy faolligi, insoniy fazilatlari etakchi mutaxassislar tomonidan yuqori baholanganligi, jamoatchilik tomonidan e`tirof etilganligi inobatga olindi.

Tanzila Norboeva, Oliy Majlis senati raisi:

— 17 yildan buyon “Nihol” mukofoti sovrindorlari aniqlanib, taqdirlanib keladi. Shu yil ichida 167 nafar yoshlar san`atning turli yo`nalishlarida mukofotga sazovor bo`ldi. Ulardan bir nafari O`zbekiston xalq artisti, 27 nafari O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, 6 nafari Qoraqalpog`istonda xizmat ko`rsatgan artist, 6 nafari “Shuhrat” medali sohibi, bir nafari esa Sharq taronalari festivalining YuNESKO sovrindori bo`ldi. Avvaliga 15 nafar yoshlar taqdirlangan bo`lsa, 2017 yildan boshlab ularning soni 20 nafarga oshirildi. Kelgusida yosh iste`dodarning safi yana kengayadi, degan umiddamiz.

Ozodbek Nazarbekov, Madaniyat vaziri o`rinbosari:

— Bu yilgi “Nihol” mukofoti sovrindorlari jonli ijroda iste`dodlarini namoyish etdi. Bu yurtimizda jonli ijroga e`tibordan hamda haqiqiy iste`dodlarga yo`l berilayotganidan darak. Bugungi g`oliblar ana shunday iste`dodlardir. Ularning chiroyi, qosh-ko`ziga qarab emas, chinakam san`ati bilan yuqori cho`qqilarga erishish imkoni berilyapti.

Hadicha Imomnazarova, opera yo`nalishida “Nihol” mukofoti sovrindori:

— Uch yoshimdan sahnaga chiqqanman. Estrada yo`nalishida qo`shiqlar aytishdan boshlaganman. O`zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi iqtidorli bolalar liseyida opera yo`nalishida ta`lim oldim. U erdagi ustozlarim xizmatlari bilan ushbu mukofotga muyassar bo`ldim, deb o`ylayman. Kelgusda xalqaro tanlovlarda ham qatnashib, dunyo e`tirofini olishga harakat qilaman.

Vasilisa Naypak, musiqa ijrochiligi yo`nalishida “Nihol” mukofoti sovrindori:

— 10 yoshimdan dutor chalaman. Marg`ilon shahrida musiqa va san`at maktabida 6 yil ta`lim oldim. Birinchi ustozim Nargiza opa Mamajonova bo`ladi. Ular menda dutorga mehr uyg`otgan. O`zim ukrain millatiga mansubman, O`zbekistonda tug`ildim, o`sdim, o`zbek tilini mukammal o`rgandim. Endi mutaxassisligim bo`yicha ta`limni davom ettiraman. Ustozlarim Tohir va Xurshida Qahhorovlarga, Tohir Umarov hamda meni qo`llab-quvvatlagan ota-onamga katta rahmat deyman.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1