«Sharq taronalari» – turli sivilizasiyalar, xalqlar va millatlar o`rtasida o`ziga xos madaniy hamkorlik hamda muloqot maydoni

Madaniyat 27.08.2019, 09:57
«Sharq taronalari» – turli sivilizasiyalar, xalqlar va millatlar o`rtasida o`ziga xos madaniy hamkorlik hamda muloqot maydoni

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 26 avgust kuni «Sharq taronalari» o`n ikkinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi va nutq so`zladi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni mamlakatimizda ko`rishdan mamnunligini bildirib, yig`ilganlarni mazkur ayyom bilan muborakbod etdi.

Ushbu anjuman turli sivilizasiyalar, xalqlar va millatlar o`rtasida o`ziga xos madaniy hamkorlik hamda muloqot maydoniga aylanganini, Registon maydoniga qadam qo`ygan har bir san`atkor, millati, tili va dinidan qat`i nazar, bashariyat farzandi sifatida dillarni dillarga, ellarni ellarga bog`lashini ta`kidladi.

- Musiqa san`ati madaniy fenomen sifatida yangi avlodni tarbiyalash va kamolga etkazish borasida cheksiz imkoniyatlarga egadir. San`at bilan oshno bo`lgan yoshlarning hayotga munosabati, milliy urf-odat va umumbashariy qadriyatlarga hurmati baland bo`ladi, - dedi Prezident.

YuNESKO Bosh direktori Odri Azule o`z chiqishida festival o`tayotgan Samarqand Amir Temurning buyuk davlati, Registon maydoni esa Mirzo Ulug`bek merosidan dalolat berishini, bu meros asrlar davomida olimlar, hunarmandlar, san`atkorlarni bu erga etaklaganini qayd etdi. Umumbashariy tarixni asrash, universal til bo`lgan musiqani rivojlantirish YuNESKOning mas`uliyat doirasiga kirishini, tashkilot O`zbekiston bilan keng ko`lamli hamkorlikni rivojlantirish niyatida ekanini ta`kidladi.

Shuningdek, marosimda Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Ijroiya qo`mitasi, Rossiya, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Bangladesh, Polsha, Belarus, Yaponiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlardan rasmiy shaxslar, faxriy mehmonlar ishtirok etdi.

Bu yilgi festivalda 75 ta davlatdan 340 nafar vakil qatnashmoqda. Davlatimiz rahbari ularni san`atning chinakam fidoyilari, tinchlik va ezgulik elchilari deb atadi.

Festival doirasida «Sharq xalqlari an`anaviy musiqa san`atini rivojlantirish istiqbollari» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham bo`lib o`tdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1