1

YuNESKO bosh direktori Odri Azule: "Umumiy merosimizni hamjihatlikda avaylab-asrashimiz darkor!"

Madaniyat 26.08.2019, 15:06
YuNESKO bosh direktori Odri Azule: "Umumiy merosimizni hamjihatlikda avaylab-asrashimiz darkor!"

Samarqandda bo`lib o`tgan “Moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrash: dolzarb muammolar va ularni hal qilish strategiyasi” mavzusidagi xalqaro anjumanda YuNESKO bosh direktori Adri Ozule O`zbekistonning qadim tarixga egaligi va boy madaniy merosini e`tirof etgan holda tashkilot kelgusida bu boradagi hamkorlikni bajonu dil qo`llab-quvvatlashini ma`lum qilib shunday dedi:

- O`zbekistonning madaniy merosi haqida qayg`urayotgani hukumat vakillariga va barcha hamkorlarga rahmat! Men ushbu anjumanda ishtirok etganimdan juda xursandman. Bizni jamlagan Samarqand haqiqatdan ham ko`plab savdo, madaniyat aloqalari va tamaddunlar shakllanishiga asos bo`lgan shahar. Biz bu erga kelmasimizdan oldin ham bu yo`llar va madaniyatlar chorrahasidagi shahar haqida bilardik va kelishni orzu qilardik. Ma`lumki, qadimda ushbu shaharda bo`lgan savdogarlar faqatgina ipak va ziravorlarni emas, balki ilm-fan durdonalarini, texnik g`oya va kashfiyotlarni ham butun dunyoga etkazishgan. Bizning tariximiz ularga aloqador ekan, albatta, biz bu universal merosni barchamiz hamjihatlikda avaylab asrashimiz, o`rganishimiz darkor.

Keyingi yillarda YuNESKO shaharlarning moddiy va nomoddiy merosini saqlash bo`yicha bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Bular orasida tarixiy shaharlar dizaynini saqlash haqidagi takliflar ham bor. Tashrifim doirasida Buxorodagi Somoniylar maqbarasiga va boshqa shunga o`xshash qadimiy ob`ektlarga borishni rejalashtirganman. Umuman barcha inklyuziv shaharlar o`rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, iqtisodiy rivojlantirish, shuningdek madaniy xilma-xillikni yanada ravnaq toptirish bugungi kunning talabidir.

Merosni asrash faqatgina hukumatning vazifasi emas, ushbu faoliyatga barcha odamlar hissa qo`shishlari kerak. Biz barcha geografik chegaralardan chiqib, mana shunday afsonaviy shaharlarda va butun dunyoda zarur tadbirlarni o`tkazishimiz zarur. Hatto onlayn tarzda har kim o`zining madaniy merosni asrash bo`yicha tadqiqotlarini o`rtoqlashishi bu ishlarni yangi bosqichga ko`tarishga yordam beradi.

Madaniy merosni asrash va konservasiya qilish mamlakatning o`zi uchun ham juda muhim. Ba`zida bu boradagi ishlarda qiyinchiliklar uchraydi. Ammo biz yangi yo`llar, tashabbuslar va g`oyalarni izlab topamiz va ular asosida madaniy merosni saqlash borasidagi ishlarimizni rivojlantiramiz. Men shu maqsadni o`zida mujassam etgan tashkilotlar va insonlar o`rtasida aloqalar mustahkamlanayotganidan mamnunman. Bunday hamkrlikni biz har doim qo`llab-quvvatlaymiz.

Manzura BEKJONOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1