Targ`ibot dekadasida o`tkazilgan reydlar samarasi: Yoshlar jinoyatchiligi 39, 1 foizga kamaydi

Jamiyat 26.08.2019, 15:06
Targ`ibot dekadasida o`tkazilgan reydlar samarasi: Yoshlar jinoyatchiligi 39, 1 foizga kamaydi

Yoshlik insonning porloq kelajagi uchun urug` qadaydigan bahor pallasidir. Bu ne`matdan unumli foydalanib, o`zining salohiyatini oshirib borgan, jamiyatda munosib o`rin egallashga kirishgan insonning ertasi nurafshon. Ammo, ayrimlar “Yoshlik – beboshlik” deya nojo`ya harakatlarga qo`l urib jinoyat ko`chasiga kirib qolganini bilmay qolyapti.

Bundaylar o`z boshiga o`zi kulfat sotib oladi, desak xato bo`lmaydi. Agar ular ham o`z muvaffaqiyatlari bilan yurt ravnaqiga hissa qo`shayotgan yoshlardan ibrat olganida, ularning ota-onalari farzandlariga befarq bo`lmaganlarida edi bugun yoshlar jinoyatchiligi ancha kamayardi. Adashgan yoshlar mayda bezorilik, o`g`irlikka qo`l urib bebaho, betakror umrning oltinga teng davrini panjara ortida o`tkazmagan bo`lardilar.

Yoshlar ertamiz ko`zgusi. Ularning kelajagi butun bir millatning shirin tashvishidir. Hozirda barcha jabhada yoshlar masalalariga alohida e`tibor qaratilmoqda. Ayniqsa yoshlar o`rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish uchun nafaqat ota-ona, mahalla, balki bir qator tashkilot va idoralar ham mas`ul etib belgilangan.

Yoshlar o`rtasidagi jinoyatchilikni oldini olishda mas`ullar asosiy e`tiborni nimalarga qaratyapti...?

Bugun jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining yoshlar o`rtasida kuzatilayotgani achchiq haqiqat. Yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar umumiy jinoyatlarga nisbatan 25 foizga etgan. Mutasaddilar “Kasalni davolagandan ko`ra, oldini olgan ma`qul”, degan naqlga amal qilgan holda jinoyat bilan kurashishda dastlab yoshlarni jinoyat qilishga undaydigan sabablar, holatlarni aniqlab, ularni bartaraf etish choralarini ko`rmoqda. Yoshlar orasidagi jinoyatlarning ildizi ham xuddi shu jihatlardan qidirilmoqda.

Ma`lumki, yoshlar asosan bekorchiligi, e`tiborga muxtojligi, huquqiy savodxonligining pastligi tufayli jinoyat sodir etadi. Muammoga echim topish maqsadida Yoshlar ittifoqi huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda yoshlarning siyosiy faolligi, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan sa`y-harakatlarni kuchaytirib boryapti. Ittifoq tizimida yoshlar jinoyatchiligini barvaqt profilaktika qilish bo`yicha har oyning oxirgi 10 kunligida “Barchasi o`z qo`lingda!” targ`ibot dekadasi loyihasini tizimli ravishda o`tkazib borish yo`lga qo`yildi. Dekada doirasida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida yoshlar o`rtasida jinoyatchilikni barvaqt prolfilaktika qilishni nazarda tutadigan loyihalar tashkil etiladi. Bugungi kunga qadar ichki ishlar idoralari va Milliy gvardiyaning 1 750 nafar xodimlari hamda 7 600 nafar ko`ngilli yoshlardan iborat “Fidokor yoshlar” patrul guruhlari ishtirokida tuman (shahar)larda 13 886 marta tungi reyd tadbirlari, 3 352 ta ta`lim muassasalarida 3 889 marta “O`quvchi”, “Tig`” profilaktik tadbirlari tashkil etilib, reydlar davomida aniqlangan 3 854 nafar voyaga etmaganlar va ularning ota-onalari bilan tushuntirish ishlari olib borildi, 890 nafar yoshlar ta`limga qaytarildi.

Joriy yilda ilk bora IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probasiya xizmati bilan mustahkam hamkorlik yo`lga qo`yilib, ularning nazoratida turgan yoshlarning muammolarini hal etishga qaratilgan 22 marta (2016 nafar yoshlar, shundan, 211 nafari ayollar) Probasiya xizmati nazoratidagi yoshlar ishtirokida “Sinovdan yuksalishga qat`iy qadam” mavzusida ochiq muloqatlar o`tkazilib, unda 269 ta murojaatlar (237 ta muammolar, 30 ta takliflar) bildirilgan. 162 ta muammolarning echimi topilgan, 48 nafar yoshlarning bandlik masalalari hal etilgan, 55 nafar yoshlar kasb-hunar va chet tillari to`garaklariga jalb etilgan.

2019 yil 10-20 avgust kunlari, Buxoro, Namangan, Toshkent hamda Xorazm viloyatlari oromgohlarida tarbiya va sport sog`lomlashtirish oromgohlari tashkil etildi. Unda 1230 nafar ichki ishlar organlarida profilaktik hisobida turuvchi voyaga etmaganlarning ishtiroki ta`minlanib, 484 nafar profilaktik hisobda turuvchi voyaga etmagan yoshlarni hisobdan chiqarish bo`yicha tavsiyanomalar berildi.

—Tadbirlar davomida tarbiyasi og`ir jinoyat sodir etishga moyilligi bo`lgan yoshlarning ham ezgu g`oyalari, tashabbuslari borligiga guvoh bo`ldim. “Bolaning yomoni bo`lmaydi. Faqat ularga e`tiborli bo`lib, befarq bo`lmasdan ularni eshitishni bilishimiz kerak”, degan xulosaga keldim, – deydi Yoshlar ittifoqi bo`lim boshlig`i Akmal Alimov. — Yakka tartibda olib borilgan suhbatlarda ular sodir etgan huquqbuzarliklarini haqiqatda noto`g`ri ekanligini anglab etishgan. Bu tushunish ularni ertangi kunda to`g`ri yo`lga, to`g`ri hayotga etaklaydi. Biz amalga oshirayotgan loyihalar besamar ketmadi.

“Do`stingni safga qaytar” mavzusidagi davra suhbatlarida ilk bor ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turgan, afv etilgan hamda “Yoshlar ittifoqi kafilligi” bilan sud zalidan ozod qilingan yoshlar qatnashdi...

Mazkur oyda Yoshlar ittifoqi tomonidan Toshkent viloyati IIB P va JIEB 24-son tarbiya koloniyasi, Chinoz tumani 5-sonli respublika qiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab internati, Sirdaryo viloyati, Baxt shahridagi respublika o`g`il bolalar tarbiya muassasasi hamda Qo`qon shahridagi maxsus kasb-hunar kollejida jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etgan voyaga etmaganlarni to`g`ri yo`lga solish, ularni muassasadan chiqqanlarida jamiyatga moslashishlarini engillashtirish ham kelajakda o`z o`rinlarini topishlariga ko`maklashish maqsadida “Do`stingni safga qaytar” mavzusida davra suhbatlari o`tkazildi. Tadbirlarda ilk bor ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga etmaganlar, Prezident farmoni asosida afv etilgan hamda “Yoshlar ittifoqi kafilligi” bilan sud zalidan ozod qilinib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo turi tayinlangan voyaga etmaganlar hamda Probasiya xizmati nazoratida bo`lgan muassasadan qaytgan yoshlarning ishtirok etishi ta`minlandi.

Sa`y-harakatlar samarasi: Yoshlar jinoyatchiligi 39,1 foizga kamaydi...

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2019 yilning iyul oyi holatiga ko`ra yoshlar jinoyatchiligi 4 549 marta kuzatilgan bo`lib, o`tgan yilga nisbatan 39,1 foizga kamaygan. Shuningdek, Toshkent shahrida 78,9, Andijon viloyatida 67,3 foiz, Samarqand viloyatida 51,9 foiz, Jizzax viloyatida 46,5 foiz, Namangan viloyatida 44,4 foizga, Sirdaryo viloyatida 39 foiz, Xorazm viloyatida 38,7 foiz, Navoiy viloyatida 33,7 foiz, Farg`ona viloyatida 33,3 foiz, Qoraqalpog`iston Respublikasida 25,7 foiz, Toshkent viloyatida 20,8 foiz, Buxoro viloyatida 14,5 foiz, Qashqadaryo viloyatida 9,4 foiz, Surxondaryo viloyatida eska 3,1 foizgakamaygan.

Voyaga etmaganlar jinoyatchiligi esa o`tgan davrga nisbatan 32,9 foizga kamaygan bo`lib, hududlar kesimida Xorazm viloyatida 76,9 foiz, Navoiy viloyatida 75 foiz, Namangan viloyatida 62,7 foiz, Qoraqalpog`iston Respublikasida 56 foiz,Buxoro viloyatida 46,9 foiz, Samarqand viloyati 46,7 foiz, Toshkent shahrida 38,5 foiz, Andijon viloyatida 36,6 foiz, Sirdaryo viloyatida 33 foiz, Qashqadaryo viloyatida 11,8 foiz, Surxondaryo viloyatida 10 foizga, Jizzax viloyatida 8 foiz , Farg`ona viloyatida 5,1 foizgakamaygan bo`lsa, joylarda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qoniqarli tashkil etilmaganligi, voyaga etmaganlar jinoyatchiligini jilovlashdagi ishlarning samarasizligi sababli Toshkent viloyatida 4,1 foizga oshgan.

Kelajagimiz yoshlarning qo`lida ekanligini unutmagan holda ular tomonidan jinoyat yoki huquqbuzarlik emas, ezgu va bunyodkorlik tashabbuslari chiqishini, shunday ishlar amalga oshirilishini ta`minlash uchun barchamiz birdek harakatda bo`lmog`imizni zamonning o`zi talab qilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1