1

​Moliya vazirligi: “Mahalliy byudjetlarda mablag`larni shakllantirishda aholining takliflari ham inobatga olindi”

Iqtisodiyot 26.08.2019, 13:32
​Moliya vazirligi: “Mahalliy byudjetlarda mablag`larni shakllantirishda aholining takliflari ham inobatga olindi”

Moliya vazirligi joriy yilning birinchi choragida mahalliy byudjetlarda shakllangan mablag`lar hajmi Respublika bo`yicha 253,4 milliard. so`mni tashkil qilgani, shundan 28,9 milliard. so`m esa portalga kelib tushgan hamda ovoz berish jarayonida qo`llab-quvvatlangan takliflarga asoslangan tadbirlarga yo`naltirilganligini ma`lum qildi.

Xususan, ushbu davrda Toshkent viloyati Oqqo`rg`on tumani byudjetida 1,62 milliard so`m miqdordagi qo`shimcha mablag`lar shakllangan. Ochiq byudjet portalida ko`rsatilgan miqdordan 10 foiz - 162 million so`mni mahalliy aholi tomonidan berilgan takliflarga asosan ajratilishi to`g`risida e`lon joylashtirilgan. Onlayn-muhokamalarda eng ko`p ovozni o`zbek xalqining atoqli shoiri Hamid Olimjon nomi bilan ataluvchi MFYdagi shoir monumenti joylashgan hududni obodonlashtirish va uning atrofida kutubxona hamda sayilgoh barpo etish taklifi olgan. Tuman hokimining 2019 yil 8 iyundagi 142-F-sonli farmoyishiga binoan hududni obodonlashtirish, xiyobon va kutubxona qurish maqsadida 200 million so`m mablag` ajratildi. Bugungi kunda ishlar muvaffaqiyatli yakunlanib, ob`ektlar aholiga aziz bayram - mamlakatimiz Mustaqilligining 28 yilligi arafasida o`ziga xos sovg`a sifatida taqdim etildi.

Surxondaryo viloyati Angor tumanining byudjetida birinchi chorakda 1,35 milliard so`mdan ortiq qo`shimcha mablag` shakllangan. Portalda, aholidan ushbu summaning 10% qaysi maqsadlarda sarflash bo`yicha kelib tushgan g`oyalar organilgach, tuman markazida zamonaviy kutubxona qurish taklifi eng ko`p ovoz olgani aniqlangan. Tuman hokimining 2019 yil 25 iyundagi 180-F-sonli farmoyishiga asosan, tegishli mablag`lar ajratilgan. Hozirgi kunda qurilish ishlari davom etmoqda.

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani byudjetida esa joriy yilning birinchi choragi mobaynida 1,59 milliard so`m qo`shimcha mablag`lar shakllangan. Ochiq byudjet portalidagi muhokamalar davomida fuqarolar tamonidan Dehqonobod MFY hududida Kichiko`ra daryosi ustidan ko`prik qurish taklifi bilan chiqishgan. Shu munosabat bilan shakllangan qo`shimcha mablag`larning 10 foizini yo`naltirildi. Qurilish ishlari yakunlanib, ko`prik foydalanish uchun topshirildi.

Xorazm viloyati Xiva shahri byudjetida birinchi chorakda shakllangan qo`shimcha mablag`lar miqdori 1,15 milliard so`mni tashkil etgan. Ovoz berish jarayonida, kelib tushgan takliflar orasidan ko`l yonida joylashgan 11-sonli maktab atrofini orash tashabbusi aholi tamonidan qo`llab-quvvatlangan. Shu maqsadda shakllangan qo`shimcha mablajlardan pul ajratilinib, maktab atrofi toliq o`rab olindi va bolalar xavfsizligi ta`minlandi.

Ma`lumot uchun qayd etish kerakki, avvalroq “Ochiq byudjet” (www.openbudget.uz) portalida mahalliy byudjetlarda shakllangan qo`shimcha mablag`larining aholi takliflariga asosan yo`naltiriluvchi qismi bo`yicha ovoz berish jarayonlari boshlangani haqida ma`lum qilingan edi.

Eslatib o`tamizki, siz ham tumaningiz byudjetida shakllanadigan qo`shimcha mablag`larning yo`nalishini aniqlashda qatnashishingiz mumkin. Buning uchun www.openbudget.uz portalida ro`yxatdan o`ting va o`z takliflaringizni qoldiring. Ochiq muloqot va ovoz berish jarayonlari har chorak yakunidan song, birinchi oyda o`tkaziladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1