Shuhratbek Abdurahmonov: «Bu bolani juda ko`p ogohlantirganman... Yo`q o`z bilganidan qolmadi…»

Jamiyat 26.08.2019, 13:05
Shuhratbek Abdurahmonov: «Bu bolani juda ko`p ogohlantirganman... Yo`q o`z bilganidan qolmadi…»

Bugun Andijon shahridagi Yoshlar markazida xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o`tkazildi.

Unda tashkiliy masala ko`rib chiqilib, Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev lavozimidan ozod etildi.

Sessiyasida ishtirok etgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov sobiq hokim ishiga baho berar ekan, o`zining “Bu bolani juda ko`p ogohlantirganman. Qadamingni o`ylab bosgin, deganman. Yo`q, o`z bilganidan qolmadi. Mana qo`limda uning qanday ishlaganligi to`g`risida ma`lumotlar bor. Shahardagi qilinishi zarur bo`lgan ishlar ko`paysa, ko`paydi kamaymadi” degan fikrlarini alohida ta`kidlab o`tdi.

Shundan so`ng viloyat rahbari uning o`rniga 2018 yil fevralidan buyon viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig`i vazifasida ishlab kelayotgan Haydarov Bahromjon Nosirboevich vaqtinchalik hokim vazifasini bajaruvchi sifatida tanishtirdi.

Bahromjon Haydarov 1972 yil tug`ilgan, ma`lumoti bo`yicha mutaxassisligi - iqtisodchi, moliyachi. U 1995 yilda Andijon iqtisodiyot va boshqaruv instituti hamda 1998 yilda O`zbekiston Bank-moliya akademiyasini tamomlagan. Turli yillarda viloyat hokimligi moliya boshqarmasida bosh iqtisodchi, bo`lim boshlig`i lavozimlarida ishlagan. Oilali, uch farzandning otasi hisoblanadi.

MA`LUMOT UChUN, o`zining so`kong`ichligi bilan mashhur bo`lgan Dilmurod Rahmatullaev ta`lim tizimida turli lavozimlarda ishlagan. Bir muddat viloyat xalq ta`limi boshqarmasini boshqargan. 2016 yildan buyon Andijon shahriga hokimlik qilib kelayotgandi. U 2017 yilning kuzida Andijon shahridagi qator ta`lim muassasalarining rahbarlarini nojo`ya so`zlar bilan haqorat qilgani tasvirlangan audioyozuvlar tarqalib ketganidan so`ng internetda mashhur bo`lgandi va o`sha yilning dekabr oyida sud hukmi bilan eng kam ish haqining 30 barobari miqdorida jarimaga tortilgandi. Shundan so`ng u 2018 yilning aprelida o`tkazilgan videoselektorda shahar ko`chalarini obodonlashtirish uchun byudjet tashkiloti xodimlari, jumladan, maktabgacha ta`lim muassasalari xodimlarini tadbirkorlardan gul va daraxt ko`chatlarini ancha qimmat narxga sotib olishga majburlagani uchun bosh vazir tomonidan hayfsan olgan hamda oxirgi marotaba ogohlantirilgan edi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1