1

"Yoshlar markazi" qalbdagi orzularni uyg`otib yubordi

Jamiyat 26.08.2019, 12:13
"Yoshlar markazi" qalbdagi orzularni uyg`otib yubordi

Bayram yaqin. Har yili eng ulug`, eng aziz ayyom yaxshi yangiliklar, xushxabarlar, ko`rkam binolarning ochilish marosimiyu mustaqillik tengdoshlarining xalqaro maydondagi nufuzli yutuqlari bilan kirib keladi. Qonliko`l yoshlari ham bu yilgi mustaqillik bayramini o`zgacha intiqlik bilan kutmoqda. Chunki yaqindagina tumanning qoq o`rtasidagi «Yoshlar markazi»ni qurish ishlari nihoyasiga etkazildi. Hozirda mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida bo`lib o`tadigan mazkur bunyodkorlik inshootining ochilish marosimiga tayyorgarlik ko`rilmoqda. Bu tarixiy voqelikdan nafaqat yoshlar, butun tuman aholisining quvonchi cheksiz.

—Men doim shu ko`chadan o`tayotganimda kundan-kunga qavatma-qavat ko`tarilayotgan "Yoshlar markazi"ni tezroq bitishini duo qilardim. Tasavvurimda bu ulkan bino bilimli yoshlarni tarbiyalovchi, bolalarimizni vatanga kerakli inson bo`lishiga ko`maklashuvchi maktabga yordamchi bo`ladigan maskan sifatida gavdalanardi. Niyatimiz tezroq qutlug` bayramimiz kelsayu, yangi markazimiz ochilsa, – deydi tumandagi «Do`stlik» mahalla fuqarolar yig`inida yashovchi Bazagul opa Bobojonova.

Bugungi kunda Qonliko`l tumanida jami 50300 nafar aholi mavjud bo`lib, shundan 25848 nafarini o`ttiz yoshgacha bo`lgan yoshlar tashkil etadi. Bundan ko`rinib turibdiki, mazkur markaz yoshlar uchun juda muhim va zarur. U minglab yoshlarni turli xil to`garaklar atrofida birlashtirib, iste`dodini yuzaga chiqarishda, kasb-hunarga mehr uyg`otishda katta o`rin tutadi.

Dastavval markazda 4 xil yo`nalishdagi to`garaklar faoliyat yuritishi rejalashtirilgan. Ingliz tili, rus tili, matematika hamda axborot kommunikasion texnologiyalari to`garaklari shular jumlasidandir. Markaz to`garaklarga o`quvchi yoshlarni jalb qilishni allaqachon boshlab yuborgan.

Eng quvonarlisi "Yoshlar markazi"dan axborot resurs markazi ham o`rin olgan. Qonliko`lliklar ushbu kutubxonadan sevimli kitoblarini olib o`qishlari, turli badiiy asarlar yuzasidan bo`ladigan adabiy bahslarda ishtirok etishi mumkin.

—Tumanimizda yoshlar uchun chet tillarini chuqur o`rganishga bo`lgan ehtiyoj juda yuqori edi. Shuning uchun sinfdoshlarim bilan birga rus tili to`garagiga qatnashish uchun ro`yxatdan o`tdik, – deydi Sarvinoz Safarboeva. — O`zim rus adabiyotlarini ko`p mutolaa qilaman. Lermontov, Pushkin – sevimli adiblarim. Ularning asarlarini aslicha o`qishda biroz qiynalardim. Ushbu to`garakda tilni mukammal o`rganib, tarjimaga ham qo`l urmoqchiman.

"Yoshlar markazi"ning bunyod etilishi yoshlarning qalbida mudrab yotgan orzularni uyg`otib yubordi. Ular endi katta-katta maqsadlar bilan yashashni boshladi. Ishonamizki, mazkur markaz yoshlarning muvaffaqiyat uyiga aylanadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1