​“Ayyorgina ayollar yoxud Baxtning bozori bormi?” musiqali komediya premerasi namoyish etildi

Madaniyat 25.08.2019, 11:02
​“Ayyorgina ayollar yoxud Baxtning bozori bormi?” musiqali komediya premerasi namoyish etildi


Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida taniqli adib va dramaturg Qo`chqor Norqobilning “Ayyorgina ayollar yoxud Baxtning bozori bormi?” musiqali komediyasi premerasi namoyish etildi. Kuchli yumor ruhi bilan sug`orilgan ushbu asarda ayol, oila, jamiyat munosabatlari qiziqarli talqin etilgan. Spektaklni tomosha qila turib baxt o`zi nima, qaerda, kimda, nimada, degan oddiy savollarga javob topish nechog`lik qiyin ekanligini his qilasiz.

Asarni iqtidorli yosh rejissyor Doston Haqberdiev sahnalashtirgan. Bastakor – Sarvar Yusupov. Rollarni Habibullo Ortiqov, Gulnoza Saidova, Musallam Dadajonova, Durdona Nosirova, Asal Rahmonova, Nargiza Shahobova, Nafisa Xo`jaqulova, Dilorom Abdualimova kabi aktyor va aktrisalar mahorat bilan ijro etgan.

Komediyada bugungi davr muammolari, ayniqsa, inson qalbida cho`kkan loqaydlik, beparvolik, turmush ikir-chikirlariga o`ralib, maqsad va muddaolar yo`lidan olislashgan ayrim ayollarning taqdiri ochib berilgan. Eng avvalo, ayol o`zini sevishi, o`zini qadrlashi, o`z go`zalligini botinan his qilishi evaziga atrofdagilarga sevikli va go`zal bo`lishi, jamiyatda o`rnini topishi mumkinligi spektakl jarayonida turli xil voqea-hodisalar orqali badiiy ifoda qilingan.

Ayolning davlat va jamiyatdagi o`rni eng avvalo, uning o`zini o`zi qadrlay olishiga bog`liqligi nozik kechinmalar va dramatik to`qnashuvlar orqali ochib berilgan. O`zini sevmagan, qadrlamagan odam, borliqni, hayotni, o`zgalarni ham sevolmaydi. Baxt ham, omad ham, yuksaklik ham eng avvalo, insonning ichida, qalbida ekanligi asarda hayotiy misollar bilan, ishonarli tarzda aks etgan. Ayniqsa, har qanday holatda ham ayol kishi jamiyatda, hayotda baxt va go`zallik, yorug`lik timsolida qolishi va bu go`zal fazilatni hech qachon yo`qotmasligi kerak. Ayol nafaqat oilani, balki jamiyatning ham chirog`i ekanligiga e`tibor qaratilgan.

--Ushbu sahna asarida yurtimizda aziz ayollarimiz qadr-qimmati nechog`lik ulug`lanayotgani, muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan qator islohatlar zamirida ham oila va jamiyat mustahkamligi,xotin-qizlarimiz hayotiga jiddiy e`tibor qaratish, ayniqsa,yurt taraqqiyotining muhim mezoni bo`lgan besh tashabbusning birida belgilangan yana bir jiddiy masala-- opa-singillarimizni ish bilan ta`minlash, ularga ish o`rinlari yaratib berish kabi jihatlarga ham alohida e`tibor qaratilgan,– deydi teatrning Bosh direktori, O`zbekiston Respublikasi Xalq artisti Mirza Azizov.

Xullas, ushbu asarni ko`rgan tomoshabin ayol va jamiyat oralig`idagi nozik munosabatlarni teran anglaydi va baxt ayolning o`zida, degan xulosaga keladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1