1

Qonunchilikka kiritilayotgan yangi o`zgarishlar

Jamiyat 24.08.2019, 15:14
Qonunchilikka kiritilayotgan yangi o`zgarishlar

Mahkumlarga pensiya tayinlash tartibi, pasportning amal qilishini to`xtatib turish, mehnatga majburlaganlik va ish o`rinlarini yashirganlik uchun javobgarlik hamda erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi o`n sakkiz yosh etib belgilovchi normalar joriy etilmoqda.

Bu Senat a`zolari muhokama qilgan “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonunda aks etgan.

Pensiya yoshiga etgan sudlanganlar va nogironlar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida Jinoyat-ijroiya kodeksiga va “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi qonunga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda.

Unga ko`ra, manzil-koloniya joylashgan erdagi O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasining tuman (shahar) bo`limiga ariza berish orqali manzil-koloniyalarda jazoni o`tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiya tayinlanadi. Pensiyani mahkumlarning shaxsiy hisob varaqlariga o`tkazish orqali to`lash nazarda tutilmoqda.

Ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan bo`yin tovlashining oldini olish, uni bundan keyingi jinoiy faoliyatining oldini olish, hukmning ijro etilishini ta`minlash maqsadida Jinoyat-prosessual kodeksiga “Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to`xtatib turish” deb nomlangan yangi bob kiritiladi. Pasportning amal qilishini to`xtatib turish faqat davlatlararo yoki xalqaro qidiruv e`lon qilingan ayblanuvchiga yoki sudlanuvchi shaxsga nisbatan qo`llaniladi.

Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks yangi norma bilan to`ldirilmoqda. Unga ko`ra, mehnat va mehnatni muhofaza qilish to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, voyaga etmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yo`l qo`yilmasligi to`g`risidagi talablarni buzganlik, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urta qilish to`g`risidagi qonun hujjatlari talablarini bajarmaganlik, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug`ish nafaqalarini to`lash bo`yicha majburiyatdan bo`yin tovlaganlik, aholini ish bilan ta`minlash to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, mehnatga ma`muriy tarzda majburlaganlik, bo`sh ish o`rinlarini yashirganlik uchun ma`muriy javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Oila kodeksiga erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi o`n sakkiz yosh etib belgilovchi norma kiritilmoqda.

Ushbu qonun Prezidentimizning 2019 yil 22 apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” qarorining ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan. Unda 2019 yil 1 sentyabrdan O`zbekiston Respublikasida erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshini o`n sakkiz yosh etib belgilash qayd etilgan.

Statistik ma`lumotlarga e`tibor qaratadigan bo`lsak, FHDYo organlari tomonidan 17 yoshda nikohi qayd etilgan xotin-qizlar soni 2016 yilda 4233 tani, 2017 yilda 4853 tani va 2018 yilda 5123 tani tashkil etgan.

Holbuki, “Bola huquqlari to`g`risida”gi Konvensiyaning 1-moddasiga ko`ra bola agar qonun bo`yicha ushbu bolaga voyaga etganlik oldindan belgilanmagan bo`lsa, 18 yoshga to`lmagan har qanday inson bola hisoblanadi.

O`zbekiston mazkur Konvensiyaga 1992 yil 9 dekabrda qo`shilgan bo`lsada, milliy qonunchiligimizdagi o`n sakkiz yoshga etmagan shaxsni nikoh tuzishga (turmushga chiqishiga) ruxsat berilishi haqidagi normaning mavjudligi xalqaro huquqning umume`tirof etilgan normalari va prinsiplariga muvofiq emas edi.

Yuqoridagilarga asosan, Oila kodeksining 15-moddasi birinchi qismi bilan nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun o`n sakkiz yosh etib belgilanmoqda.

Mazkur qonunning qabul qilinishi xotin-qizlarning erta nikohini va erta tug`rug`ining oldini olishga xizmat qiladi. Bu oilalarning yanada mustahkamlanishiga, ajrimlarning oldi erishiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1