1

Tojikiston lo`lilarining farzandlari maktab ta`limini olishga intilmoqda

Dunyo 23.08.2019, 17:58
Tojikiston lo`lilarining farzandlari maktab ta`limini olishga intilmoqda

Mamlakatning ayrim mintaqalarida lo`lilarning farzandlari uchun maxsus sinflar ochildi. Bu sinflarda sharqiy siganlar oilalarining farzandlari birinchi sinfdan to`rtinchi sinfgacha o`qitiladi. Ayrim Xalqaro tashkilotlar Tojikiston hukumatiga murojaat qilib, lo`lilarning farzandlari bilim olishlari uchun zarur sharoitlarni yaratib berish lozimligini talab qilmoqda.

Rasmiylarning aytishlaricha, lo`lilarga milliy ozchilik sifatida barcha sharoitlarni yaratib berishgan, ammo lo`lilarning o`zlari ta`lim olishni istashmayapti. Bundan tashqari lo`lilar farzand tug`ilgani borasida guvohnoma olmaydi va shu sababli ham ularni hisobga olish va maktabga jalb qilish eng katta muammolardan biri hisoblanadi.

Farishta 10 yoshda va lo`li oilasining farzandi. Varzob tumanidagi Jag`atay qishlog`ida istiqomat qiluvchi bu qiz bu yil ilk bor maktabga boradi. Qizcha yarim oydan beri bu hodisaga tayyorgarlik ko`rmoqda. Uning tengdoshlari uchinchi sinfda o`qishmoqda, ammo Farishta esa endigina raqam va harflarni yozishni o`rgana boshladi. Farishtaning onasi Farida Sharbatova hech qachon maktab ostonasini hatlab o`tmagan bo`lib, qizining maktabga borishidan o`z xursandchiligini yashira olmayapti. U qizini 7 yoshda maktabga yubormaganidan juda ham afsusda ekanini, uch yilda qizi o`qish va yozishni o`rganib olishi mumkinligini aytdi.

Shu bilan birga BMT vakolatxonasi bayonot berib tojik rasmiylari lo`li elati vakillarining huquqiy va ijtimoiy ahvolini yaxshilash borasida alohida dastur tayyorlamayotganini ma`lum qilgan va Tojikiston hukumatiga bu muammoga nisbatan qarashlarini o`zgartirishni tavsiya qilgan edi.

Tojikiston bolalar ombudsmani Radjabmox Xabibullo shu yilning iyul oyida bo`lib o`tgan matbuot anjumanida jurnalistlarga lo`lilarning farzandlari ta`lim oladigan maktablarda o`tkazilgan tekshiruvlarda “ularning ta`lim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganini” qayd qilgan edi. Uning so`zlariga qaraganda, shu yilning ikkinchi yarim yilligida Do`sti, Balxi va Laxsh tumanlarida milliy ozchilik bolalarini qamrab oladigan maktab ta`limlari uchun maxsus dastur hayotga tatbiq etiladi.

Rasmiy ma`lumotlarga qaraganda, ayni damda respublikaning barcha maktablarida lo`lilar oilasining 1 ming 329 nafar bolasi tahsil oladi.

Bu xalqning minglab vakillari Penjikent, Hissor, Vaxdat, Vose va Balxi tumanlarida istiqomat qiladi. Tarixchilarning fikricha, sharqiy siganlar O`rta Osiyo mintaqasiga besh-olti asr muqaddam Hindistondan kelib qolishgan. Ular kelgan har bir davlatda mahalliy tilni o`zlashtirib olishga harakat qilishadi, biroq shu bilan birga o`zlarining urf-odatlaridan voz kechishmaydi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1