1

Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish instituti tashkil etilganligiga bir yil: sarhisob va rejalar

Jamiyat 23.08.2019, 11:56
Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish instituti  tashkil etilganligiga bir yil: sarhisob va rejalar

23 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning «Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori bilan Ichki ishlar vazirligi tizimida Malaka oshirish instituti hamda uning joylarda 14 ta filiali tashkil etilganiga roppa-rosa bir yil to`ldi.

Ta`kidlash joizki, ichki ishlar organlari ofiser xodimlarining muntazam malaka oshirishlari va qayta tayyorlovdan o`tishlarini, ularning kasb mahorati bilimlarini muntazam yangilab borilishini ta`minlovchi alohida ixtisoslashgan ta`lim muassasasi va uning filiallarini tashkil etish borasida qabul qilingan mazkur qaror mazmun va mohiyati jihatidan ko`plab mamlakatlar amaliyotida kuzatilmagan muhim qadam bo`ldi.

Ya`ni, shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan ijtimoiy davr talablari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyatiga mos holda ichki ishlar organlari xodimlarining bilim va ko`nikmalarini rivojlantirib borish, sohaga oid qabul qilinayotgan qonun hujjatlari talablarini hamda ularni qo`llash mexanizmlarini muntazam o`rgatib borish maqsadida maxsus davlat ta`lim muassasasi tashkil etildi.

Mazkur institut tizim xodimlariga jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurash sohalarida mamlakatimizda va xorijdagi huquqni muhofaza qilish organlarining ilg`or ish tajribalarini o`rgatish ishlarini ham tizimli asosda davom ettiradigan, ushbu yo`nalishlarda fundamental va amaliy ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshiradigan ta`lim muassasasi sifatida faoliyat yuritadigan bo`ldi.

O`tgan davr mobaynida Institut va uning filiallari ishini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori hamda
Ichki ishlar vazirligining 10 ga yaqin me`yoriy hujjatlari qabul qilindi.

Ayni paytda, ta`lim muassasasida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta`minlash, axborot-kommunikasiya texnologiyalari kabi ixtisoslashgan kafedralarda malakali va boy amaliy tajribaga ega 40 ga yaqin o`qituvchilar, shu jumladan yuridik fanlar doktorlari faoliyat ko`rsatmoqda.

Alohida ta`kidlash joizki, Ichki ishlar vazirligi rahbariyatining sa`y-harakatlari bilan ta`lim muassasasining o`quv binolarini kapital ta`mirlash, zamonaviy talablar asosida jihozlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Institut va uning filiallarida o`quv jarayonini samarali
tashkil etishning o`ziga xos xususiyatlari

O`z oldiga ta`lim jarayoniga o`qitishning innovasion uslublarini va zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etishni maqsad qilib olgan Institut jamoasi tomonidan o`tgan davr mobaynida ichki ishlar organlari tuzilmalarining faoliyat yo`nalishlaridan kelib chiqib,
20 ga yaqin blok-modulli o`quv dasturlari ishlab chiqilib, Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari bilan kelishilgan holda tizim xodimlarining malakasini oshirish bo`yicha o`quv jarayoniga tadbiq etildi.

Ushbu o`quv dasturlari asosida jami 200 ga yaqin mavzular bo`yicha o`quv-metodik materiallar majmui tayyorlandi. Shuningdek, ichki ishlar organlari ofiserlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishga qo`yiladigan Davlat talablari ishlab chiqildi.

Ayni paytda, ta`lim muassasasi professor-o`qituvchilarining asosiy e`tibori o`quv mashg`ulotlarini innovasion pedagogik uslublardan foydalangan holda o`tkazishga qaratilmoqda.

Institut va uning filiallarida masofaviy ta`lim tizimini keng joriy etish, unda o`qitishning zamonaviy interaktiv metodlarni qo`llash samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq maqsadli va samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o`tgan davr mobaynida profilaktika inspektorlari va tergov xizmati xodimlarining malakasini masofadan turib oshirish tizimini joriy etish maqsadida o`quv dasturlari asosida zamonaviy talablar asosida o`quv-metodik komplekslar ishlab chiqildi.

Ta`lim muassasasi va uning filiallarida ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari xodimlari bilan bir qatorda, istiqbolli va yosh amaldagi kadrlar zahirasiga kiritilgan xodimlarni hamda mahallalardagi profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo`yicha yordamchilarining malakasini oshirishga ham alohida e`tibor qaratilmoqda.

Xususan, o`tgan davr mobaynida Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylardagi filiallarda o`tkazilgan 60 ta sayyor o`quv yig`ini doirasida 9 mingga yaqin xodimlar hamda 5700 dan ortiq profilaktika inspektorlarining yordamchilarining malakasi oshirildi. O`quv yig`inlari yakunida esa o`quv dasturlarini muvaffaqiyatli o`zlashtirgan xodimlarga belgilangan sertifikatlarni taqdim etish tizimi yo`lga qo`yildi.

Shuningdek, respublikamizdagi turdosh ta`lim muassasalarida Institut professor-o`qituvchilarining kasbiy va pedagogik mahoratlarini doimiy ravishda oshirib borishlari ta`minlanib kelinmoqda.

Mahallalarda aholi bilan muloqotlar, huquqiy targ`ibot
tadbirlarini va ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar o`tkazish

Aholining tinch va osoyishta hayotini ta`minlash, jamiyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish immunitetini shakllantirish, xavfsizlikka tahdidlarni «o`ziniki va o`zgalarniki» deb ajratish tuyg`usidan voz kechish, huquqbuzarliklarni sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o`z vaqtida bartaraf etish, «Xavfsiz hudud», «Xavfsiz mahalla», «Xavfsiz xonadon» kabi loyihalarni ijtimoiy hayotga tadbiq etish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishda natijadorlikka erishish ko`p jihatdan xalq bilan samarali muloqotni o`rnatishga bog`liq.

Ushbu ustuvor vazifalarning dolzarb ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, Institut professor-o`qituvchilari joylarda o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida mahallalarda huquqiy targ`ibot tadbirlarini va ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar o`tkazishga alohida e`tibor qaratmoqda.

Jumladan, so`nggi ikki oy davomida respublikamizning turli hududlarida joylardagi ichki ishlar organlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha kengashlar bilan hamkorlikda qariyb 200 ga yaqin mahallalarda «Mening mahallamda jinoyat sodir bo`lmasligi kerak», «Mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish – tinchlik va osoyishtalikni ta`minlashning muhim sharti», «Jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashamiz», «Osoyishtalik uchun barchamiz mas`ulmiz», «Mahallalarda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda jamoatchilikning roli», «Oilalar tinchligi – barqarorlik omili» kabi mavzularda targ`ibot tadbirlari o`tkazildi.

Mazkur tadbirlarda aholining mahalliy ahamiyatga molik dolzarb muammolarini eshitishga hamda ularni hududiy ichki ishlar organlari hamda boshqa mas`ul davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda bartaraf etish masalalariga ham alohida e`tibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, Institut professor-o`qituvchilari tomonidan mahallalarda istiqomat qilayotgan 60 dan ortiq kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar, yakka yolg`iz keksa avlod vakillari hamda ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda nafaqada bo`lgan faxriylarning holidan xabar olindi.

Eng muhimi, ushbu ishlarga ichki ishlar organlari tizimida faoliyat ko`rsatayotgan har bir xodimning hissa qo`shishi kelajakda sohani xalqparvar tizimga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etishi joylarda o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlarida ham tushuntirib berilmoqda.

Amaliyot idoralari, respublikamizdagi va xorijiy davlatlardagi
turdosh ta`lim muassasalari bilan o`zaro hamkorlikni rivojlantirish

Institut tomonidan ta`lim jarayoniga o`qitishning zamonaviy pedagogik texnologiyalarini joriy etish, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning taraqqiyotiga mos holda hamda ilg`or xorijiy tajribani inobatga olgan holda o`quv-metodik materiallarni takomillashtirib borish, o`qituvchilarning malakasini oshirib borish maqsadida respublikamizdagi va xorijdagi turdosh ta`lim muassasalari, yuridik ta`limga ixtisoslashgan oliy o`quv yurtlari, Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari bilan hamkorlikni mustahkamlashga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Xususan, respublikamizdagi 40 ga yaqin ta`lim muassasalari va amaliyot idoralari bilan o`zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha memorandumlar loyihalari ishlab chiqildi hamda o`tgan davr mobaynida shulardan 15 dan ortig`i bilan hamkorlik aloqalari yo`lga qo`yildi.

Ayni paytda, Institut tomonidan etakchi xorijiy turdosh ta`lim muassasalari bilan kadrlar tayyorlash bo`yicha tajriba almashish, hamkorlikdagi ta`lim dasturlarini joriy etish, professor-o`qituvchilar tarkibining malakasini oshirish va stajirovkadan o`tkazish kabi yo`nalishlar bo`yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, xorijiy turdosh ta`lim muassasalari bilan o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yish maqsadida Ichki ishlar vazirligining Xalqaro hamkorlik boshqarmasi bilan birgalikda BMT rivojlanish dasturining O`zbekistondagi vakolatxonasi, EXHTning O`zbekistondagi loyihalar muvofiqlashtiruvchisi, Yaponiyaning JICA, Janubiy Koreyaning KOICA, Turkiyaning TIKA kabi xalqaro hamkorlik va muvofiqlashtirish agentliklarining vakolatxonalari hamda Rossiya, Xitoy, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Germaniya kabi davlatlarning O`zbekistondagi elchixonalari (konsulliklari) bilan muloqotlar olib borilmoqda.

O`tgan davr mobaynida mazkur yo`nalishda Xitoy, Qozog`iston kabi davlatlarning elchixonalari, Yaponiyaning xalqaro hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (JICA) vakolatxonasi ma`sul xodimlari bilan uchrashuvlar o`tkazildi hamda ushbu davlatlardagi turdosh ta`lim muassasalari bilan yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yish bo`yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Joriy yilda Institutning 2 nafar xodimi Rossiya Federasiyasi IIV Malaka oshirish institutida «Qo`shimcha kasbiy ta`lim beruvchilarni o`qitish dasturi» bo`yicha, 1 nafar xodimi Italiyaning Xalqaro polisiya maktabida «Uyushgan jinoyatchilika qarshi kurash va oldini olishning usullari va amaliyoti» mavzusida tashkil etilgan o`quv kurslarida malaka oshirishlari tashkillashtirildi.

Institut faoliyatini samarali tashkil etish bo`yicha
kelgusidagi rejalar

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbuslari bilan tinchlik va xavfsizlikni ta`minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashning mutlaqo yangi – «Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati» degan tizimini to`laqonli va sifatli joriy etish, ichki ishlar organlarini xalqchil davlat idorasiga aylantirish soha xodimlarining bilim va ko`nikmalarini muntazam oshirib borishni taqozo etadi.

Bugungi kunda yuzaga kelayotgan xavf-xatar va tahdidlar, avvalo, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migrasiya, odam savdosi, yoshlar o`rtasida xalqimizga yot g`oyalar tarqalishining tobora kuchayib borayotganligi ham ichki ishlar organlari oldiga o`z vaqtida ularning oldini olish va ularga barham berish bo`yicha yangi vazifalarni qo`ymoqda.

Mamlakatimizda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish, «Xavfsiz shahar», «Xavfsiz turizmni ta`minlash», «Xavfsiz xonadon» kabi o`ziga xos yangi loyihalarni ijtimoiy hayotga joriy etish, jamiyatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish immunitetini shakllantirish, har bir xodimning xizmat faoliyatini xalq manfaatlari yo`lida safarbar etish kabi dolzarb masalalar ham Institut jamoasi tomonidan o`quv va ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirishni taqozo etadi.

Soha xodimlarining faoliyat yo`nalishlari bo`yicha amaliy-uslubiy qo`llanmalar yaratish, ilg`or axborot texnologiyalaridan foydalanish ko`nikmalarini rivojlantirish, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish hamda ularni sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o`z vaqtida bartaraf etishga qaratilgan ilmiy yondashuvlarni joriy etish ta`lim muassasasi professor-o`qituvchilari oldida turgan dolzarb vazifalardandir.

Ayni paytda, Institut faoliyatiga oid normativ-huquqiy va idoraviy-me`yoriy bazani takomillashtirish, o`quv jarayoni hamda ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, respublikamizdagi davlat va nodavlat tashkilotlar, o`quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari, xorijiy turdosh ta`lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda moddiy-texnik bazani mustahkamlash kabi yo`nalishlarda amalga oshirilishi zarur bo`lgan chora-tadbirlar bo`yicha «Yo`l xaritasi» ishlab chiqildi.

Mazkur «Yo`l xaritasi» Ichki ishlar vaziri tomonidan joriy yil iyul oyida tasdiqlandi va bugungi kunda Vazirlik sohaviy xizmatlari bilan hamkorlikda uning ijrosini ta`minlash bo`yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlashning ahamiyatini hamda unga hissa qo`shish har bir jamiyat a`zosi uchun ham qarz, ham farz ekanligini to`g`ri tushungan holda Institut jamoasi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirishga bor kuch va g`ayratini safarbar etadi.

Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti boshlig`i,

yuridik fanlar doktori, professor Nuriddin Normatov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1