1

​Tanzila Norboeva senatorlarga 5 ta muhim masalaga e`tibor qaratishni so`radi

Jamiyat 23.08.2019, 11:01
​Tanzila Norboeva senatorlarga 5 ta muhim masalaga e`tibor qaratishni so`radi

Bugun O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi o`z ishini boshlagani haqida avval xabar berilgandi.

Yalpi majlisda Senat raisi Tanzila Norboeva senatorlarga 5 ta muhim masalaga e`tibor qaratishni so`radi.

Birinchidan, bugungi kunda amalga oshirishning aniq mexanizmi mavjud bo`lmagan, davlat va jamiyat rivojiga ijobiy ta`sir ko`rsata olmayotgan umumiy tusdagi qonunlarni ma`qullash amaliyotidan to`liq voz kechish lozim.

Ikkinchidan, o`tkaziladigan har bir nazorat tadbirining aniq amaliy natijalar bilan yakunlanishiga erishish shart.

Joylardagi, shuningdek, soha va tarmoqlardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, aholini tashvishga solayotgan muammolar echimi yuzasidan parlament nazorati vositalarini qo`llagan holda amaliy taklif va tashabbuslarni faol ilgari surish zarur.

Uchinchidan, yuqorida ta`kidlanganidek, mahalliy Kengashlar faoliyatini kuchaytirishga ko`maklashish nafaqat Senatning tegishli komissiyasi, balki boshqa qo`mita va komissiyalari faoliyatining ham ustuvor yo`nalishlaridan biri bo`lishi kerak.

Ayniqsa, joylarda o`tkaziladigan nazorat tadbirlariga mahalliy Kengashlar deputatlarining ishtirokini so`zsiz ta`minlash shart.

Shuningdek, mahalliy Kengashlar qarorlari ijrosi yuzasidan nazorat olib borishda hududlardan saylangan senatorlar ularga amaliy yordam ko`rsatishi kerak.

To`rtinchidan, gender tenglik masalalari, xotin-qizlar huquqlarining to`liq ro`yobga chiqishini ta`minlash, aholi, xususan yoshlarni ish bilan ta`minlash, jamoat tartibini saqlash bo`yicha ishlarda faol ishtirok etish har bir qo`mita va komissiya, senatorning asosiy vazifalaridan bo`lib qolaveradi.

Beshinchidan, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, olib borilayotgan islohotlar to`g`risida jahon hamjamiyatiga xolis axborot etkazish amaliyotini yanada kuchaytirish zarur.

“O`ylaymanki, har bir senator o`z vakolatlarini so`zsiz amalga oshirish, eng muhimi, xalqni rozi qilishdek ezgu maqsad ro`yobi yo`lida barcha imkoniyatlarni ishga soladi”, - dedi Tanzila Norboeva.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1