Ma`lumki, O`zbekiston Prezidentining “O`zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo`yicha qo`shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoniga binoan O`zbekistonga tashrif buyuruvchi Yaponiya fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz tartib joriy etilgan edi.
Bu albatta kunchiqar davlatdan mamlakatimizga turistlar tashrifining kun sayin oshib borishiga xizmat qilmoqda. Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti ma`lumotlariga ko`ra, 2019 yilning 7 oyida Samarqandga dunyoning 157 mamlakatidan 281 mingdan ziyod turistlar tashrif buyurgan.
Kuni kecha “Narita-Samarqand” yo`nalishidagi charter reysi bilan209 nafar yaponiyalik sayyohlar Samarqand viloyatiga tashrif buyurishdi. Ma`lumot o`rnida joriy yilning boshidan bugungi kunga qadar 13 marotaba ushbu yo`nalishda parvozlar amalga oshirilgan.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tashabbusi bilan axborot xizmati hamda viloyatdagi bir guruh jurnalistlar tomonidan yurtimizga tashrif buyurgan yaponiyalik mehmonlar kutib olindi. Ertasi kuni Registon maydonida ham mehmonlar bilan safar taassurotlari xususida suhbatlashdik. Yaponiyalik turistlar mamlakatimiz va qadim Samarqand to`g`risida o`z fikrlari bilan o`rtoqlashishdi.
Yuko Hirota:
– O`zbekiston men uchun begona emas. U meni ikkinchi ona Vatanimga aylangan. Chunki men 4 yil davomida Toshkent davlat sharqshunoslik institutida o`qiganman. Shu sababli hozir siz bilan o`zbek va rus tillarida bemalol gaplashayapman. Bugun bir guruh vatandoshlarim bilan sayyoh sifatida Samarqandni tomosha qilgani keldik. Men avval ham bu shaharda bo`lganman. Bu zaminning nonini ta`mi og`zimda qolgan. Hozirda men Yaponiya “World Air sei service” turizm kompaniyasida ishlayman. Oxirgi paytlarda Yaponiya va O`zbekiston davlatlarining do`stona munosabatlari yaxshilanib borishi munosabati bilan Yaponiyalik turistlarning O`zbekistonga bo`lgan qiziqishi kun sayin ortib bormoqda. Qolaversa Prezidentingiz tashabbusi bilan o`tgan yildan boshlab Yaponiya fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz tartib joriy etilgani yapon va o`zbek turizmi rivojlanishiga turtki bo`ldi. O`zbekiston tarixi, chiroyli tabiati va qadimiy urf-odatlari Yaponiyada juda katta qiziqish uyg`otadi. Yirik matbuot manbaalarida, televidenieda O`zbekiston mavzusi doimo yoritib boriladi. Yaponiyadan O`zbekistonga turistlar soni ham yildan-yilga oshib borayotgani ham bizni xursand qilmoqda.
Shizino Okunura:
– Men birinchi marta yurtingizga tashrif buyurishim. Qiziqishim yuqori. Faqat internet orqali O`zbekistonning musaffo osmoni, Samarqandning tarixiy obidalari to`g`risida ma`lumotga ega edim. Mana bugun nigohim bilan Registon maydonini tomosha qilib, siz bilan suhbatlashmoqdaman. Haqiqatdan ham tarixiy obidalar bir-biridan chiroyli. Ayniqsa, tungi Registonni tomosha qilib rosa maza qildim. Menga o`zbek milliy taomlaridan palov juda manzur bo`ldi. Shuningdek, o`zbek xalqining mehmondo`stligiga gap bo`lishi mumkin emas. E`tibor bersam o`zbek va yapon xalqlarining bir-biriga o`xshash tomonlari ko`p ekan.
Kozima Yuko:
– Bizlarni yuqori saviyada kutib olganlaringizdan benihoyat xursandmiz. Chegara va bojxona nazoratidan ortiqcha ovoragarchiliksiz o`tdik. Bizning ham xalqaro aeroportimizda yo`lovchilar uchun “yashil” va “qizil” joriy etilgan. Agar yoningizda noqonuniy va taqiqlanmagan tovar bo`lmasa 4-5 daqiqa ichida bojxona zonasidan o`tib ketasiz. Ko`rib turibmanki, ushbu xalqaro tajriba sizning ham bojxona xizmati amaliyotiga kiritilgan. Bu esa yo`lovchilarga juda qulay. Men bugun Samarqandga o`g`lim bilan birga keldim. U talaba. Tarixga juda qiziqadi. Biz Samarqanddan tashqari Shahrisabz, Buxoro va Xiva kabi shaharlarda ham sayohat qilishni rejalashtirganmiz. O`ylaymanki, bir olam taasurotlar bilan yurtimizga qaytamiz.
Kozima Kazuki:
– Yaponiyaning Hohokkaido universitetining tarix fakultetida o`qiyman. Bugun onam bilan Samarqandni tomosha qilgani keldik. Bo`lg`usi tarixchi sifatida ko`rganlarim xotiramda butun umrga muhrlanib qoldi. Yaponiyalik talabalar qadim Samarqandni arxeologik topilmalariga, uning qadim tarixiga hamda noyob obidalarini ko`rishga qiziqishi yuqori. Samarqandda qadimiy Afrosiyob shahar xarobasida qazish ishlari davomida topilgan arxeologik materiallar Samarqand miloddan avvalgi 8-5-asrlarda Sug`diyonaning markaziy shahri sifatida vujudga kelganligini ko`rsatadi. Bugun mana shu muqaddas maskanga kelganimga o`zim ishonmay turibman. Buyuk sarkarda Amir Temurning dunyo tarixida qoldirgan o`chmas izi, uning davlat boshqaruvi to`g`risida o`qiganman. Temur tomonidan qurilgan takrorlanmas obidalarni tomosha qilib yana bir bor uning buyukligiga guvoh bo`ldim. Albatta bu erda olgan taasurotlarimni tengdoshlarimga etkazaman.
Mehmonlarning yurtimiz haqidagi fikrlarini tinglab qalbimiz faxr-iftixorga to`ldi.
Qadim Samarqandda 2022 yilga borib kamida 2 million turistni qabul qilish ko`zda tutilgan. Bu esa mamlakatimizni yanada jahonga tanitish hamda iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qiladi.