1

Yangi energiya quvvatlari sanoat rivojiga tayanch bo`ladi

Siyosat 22.08.2019, 10:49
Yangi energiya quvvatlari sanoat rivojiga tayanch bo`ladi

Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida har biri 230-280 megavatt quvvatga ega bo`lgan ikkita bug`-gaz qurilmasi barpo etilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev Qoraqalpog`istonga safari chog`ida mazkur investisiya loyihasi bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

- Mamlakatimizda sanoatni rivojlantirish borasida katta marra olganmiz, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar jalb etyapmiz. Bular uchun avvalo mustahkam infratuzilma kerak. Bu loyiha Qoraqalpog`iston va Xorazmda energiya ta`minotini yaxshilash, aholiga kuz-qish mavsumida ham uzluksiz elektr quvvati etkazib berish uchun juda muhim, - dedi davlatimiz rahbari.

Bunday strategik ishlar boshqa hududlarda ham amalga oshirilmoqda. Xususan, To`raqo`rg`on issiqlik elektr stansiyasi qurilmoqda, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi va Farg`ona issiqlik elektr markazi modernizasiya qilinmoqda.

Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi ularning to`rtinchisi.

Prezidentimizning 2017 yil 11 sentyabrdagi qarori asosida amalga oshirilayotgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 678,2 million dollarni tashkil etadi. Ikkita bug`-gaz qurilmasining ishga tushirilishi natijasida stansiyaning umumiy quvvati 730 MVtdan 1003 MVtgacha oshadi. Yiliga 488,6 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Shuningdek, yillik suv sarfi 293 million kub metrga kamayadi. Yuzga yaqin yangi ish o`rni yaratiladi.

Taxiatosh IESda birinchi bug`-gaz uskunasi joriy yil noyabrda, xuddi shunday quvvatga ega ikkinchi uskuna keyingi yil yanvarda ishga tushiriladi.

Loyiha Janubiy Koreyaning “Hyundai Engineering Co. Ltd.” hamda “Hyundai Engineering & Construction Co. Ltd.” kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari mazkur kompaniyalar vakillari bilan suhbatlashdi.

Shu bilan Prezidentimizning Qoraqalpog`iston Respublikasiga tashrifi yakunlandi.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1