1

Madaniy meros haftaligi – madaniyatlar o`rtasidagi oltin ko`prik

Madaniyat 21.08.2019, 20:53
Madaniy meros haftaligi – madaniyatlar o`rtasidagi oltin ko`prik

“O`zbekiston buyuk yo`llar va sivilizasiyalar chorrahasida: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar” madaniy meros haftaligining ochilishiga bag`ishlangan matbuot anjumanida ishtirokchilar, taniqli olimlar, hurmatli mehmonlar ushbu loyiha va madaniy merosni o`rganishning ahamiyati, keng qamrovli haftalikdan kutilayotgan maqsadlar haqida o`z fikr-mulohazalarini izhor etdilar.

Efim Rezvan, tarix fanlari doktori, Sankt-Peterburgdagi Buyuk Pyotr nomidagi antropologiya va etnografiya muzeyi direktori o`rinbosari:

- Men uchun O`zbekistonga tashrif va bunday yirik tadbirda ishtirok etish doimiy sertashviy hayotdan uzoqlashish va ijod bilan shug`ullanish uchun ajoyib bir imkoniyat bo`ldi. Har doim O`zbekistonga kelganimda bu erda olgan taassurotlarimdan ilhomlanib, yangi tadqiqotlar va loyihalarga asos bo`luvchi g`oyalarni o`zim bilan olib ketaman. O`ylaymanki bu safar ham xuddi shunday bo`ladi.

Adam Smit Albion, kolleksioner, Osiyolik yosh tadbirkorlar dasturi direktori (SShA):

- Bunday olamshumul tadbirga taklif etilganim men uchun unutilmas voqea bo`ldi. O`ylaymanki, ko`plab ilm ahli vakillari bunday anjumanda qatnashishni orzu qiladi. Men o`zim kolleksionerman, ko`p yillardan buyon O`zbekiston xalqining hunarmandchilik san`ati namunalariga qiziqaman. Bundan 20 yil muqaddam Nukus shahriga kelganimda u erdagi mashhur I. V. Saviskiy nomidagi muzeyda bo`lganman. O`shanda meni o`zbek, qoraqalpoq amaliy san`ati turlari o`ziga mahliyo qilgan. U erda kichkinagina milliy mato parchasini sotib olgandim. Shu tariqa qoraqalpoq va o`zbek xalq san`ati ustalari, tarixchilari, muzey jamlanmalari bilan tanishdim. Men o`zbekistonlik san`atkorlar, hunarmandlar va ularning ijodiy faoliyati haqida ko`p o`qiganman. Bu erdagi to`qimachilik, metall o`ymakorligi kabi hunarlarga juda qiziqaman va ayta olamanki, hozirgi vaqtda ko`pgina G`arb mamlakatlari bunday nodir san`at turlariga katta qiziqish bilan qaramoqda.

Men bu erga O`zbekistondagi xalqlarning amaliy sa`at turlari haqida yanada ko`proq ma`lumot olish va yurtdoshlarimga etkazish maqsadida keldim. Albatta, haftalikka kelgan O`zbekistonning madaniyati va milliy merosini tadqiq qiluvchi olimlardan tajriba o`rganish ham men uchun juda muhim.

Abdulhakim Shar`iy JURJONIY, yuridik fanlar doktori, professor, O`zbekistondagi Turon fanlar akademiyasi a`zosi, O`zbekiston xalqaro Bobur fondining Shvesiyadagi vakili:

– Sobiq Ittifoq davrida va undan oldingi davrlarda ham hech qachon o`zbek xalqining madaniyati, madaniy merosi, porloq ertasiga bunchalik e`tibor qaratilmagan. O`tmishda ko`p boyliklar yo`qqa chiqarilgan, nobud qilingan, nodir kitoblar esa kuydirilgan, erga ko`milgan. Shuning uchun mustaqillik davrini tiklanish davri deymiz. Ayni kunlarda Prezident tashabbusi bilan mustaqillik yangi bosqichga ko`tarildi. Mana shu siyosat asosida juda ham ajoyib tarixiy faoliyat boshlandi. Bu harakatlarning tarixiyligi shundaki, ular xalqaro miqyosda muhim ahamiyatga ega. Negaki, bu loyiha doirasida mintaqa markazida O`zbekiston madaniyati turibdi, u Pokiston, Xitoy, Sharqiy Turkiston, Hindiston, Eron, Arab mamlakatlari va boshqalarning madaniy, ilmiy, badiiy meroslarini to`plab, birlashtirib boryapti.

Men loyihaning birinchi yili ham ishtirok etgandim. O`tgan safar 10 ta kitob-albom nashr qilingan edi. Mana, bugun shu kitoblar 32 taga etibdi. Agar siz O`zbekistonni ko`raman desangiz, o`zbek madaniyatini, adabiyotini, ilmini, tarixini o`rganaman desangiz, o`zbeklar kim, O`rta Osiyoda qanday xalqlar yashagan, degan savolga javob izlasangiz, javobni shu kitoblar ichidan topasiz! Bu kitoblar barcha noyob durdonalarni o`ziga qamrab olgan. Osiyo, Afrika, Ovrupo mamlakatlarida, London, Parijda saqlanayotgan qo`lyozma yodgorliklar, dunyoda tengi yo`q, hech kim ko`rmagan, hech kimning xabari yo`q asarlarni o`zida saqlaydi bu kitoblar!

Ushbu to`plamlarning ahamiyati shundaki, O`zbekistondagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi kutubxonada saqlanayotgan 26 ming nusha hech kim ko`rmagan dunyoda tengi yo`q qo`lyozma asarlarni ham endi hamma ko`radi. Hatto O`zbekistonga kela olmagan odamlar ham ko`rib, bu erga kelishga qiziqishi ortadi. Shuning uchun mening nuqtai nazarimda bu loyiha xalqaro ahamiyatga ega.

Bundan tashqari, u mintaqa xalqlarini, O`rta Osiyo, Sharqiy Turkiston, Eron, Arab mamlakatlari, Hindiston, Pokiston xalqlari madaniyatlarini birlashtiradi, oralarida oltin ko`prik bo`lib xizmat qiladi. Bu borada O`zbekistonda katta ishlar bo`lyapti, katta yutuqlarga erishilyapti, bularning bitta namunasi mana shu loyihadir.

Manzura BEKJONOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1