1

Masofaviy ta`lim tizimini samarali tashkil etish – davr talabi

Jamiyat 21.08.2019, 10:12
Masofaviy ta`lim tizimini samarali  tashkil etish – davr talabi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi «Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi hamda 2018 yil 23 avgustdagi «Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarorlari ichki ishlar organlari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Ichki ishlar organlari tizimini rivojlantirish, ularning quyi bo`g`inlarini aholiga yanada yaqinlashtirgan holda mustahkamlash, «Jinoyat haqiqati va adolati», «Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar» degan tamoyillarni qaror toptirish ko`p jihatdan, soha xodimlarining bilim va ko`nikmalarini oshirishga bog`liq. Shu boisdan, Institut professor-o`qituvchilari tomonidan o`quv mashg`ulotlarida interfaol usullardan samarali foydalanishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Ayni paytda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti va uning joylardagi filiallarida o`quv jarayonida zamonaviy innovasion axborot texnologiyalaridan foydalanish masalalariga keng e`tibor qaratilmoqda. Xususan, masofaviy ta`lim – mustaqil bo`lib, u insonning mustaqil fikrlash, holatni baholash, xulosa va bashorat qilish qobiliyatlarini rivojlantiradi. Masofaviy ta`limning yana bir afzalligi shundaki, unda o`quvchi o`ziga qulay vaqtda va hattoki ishdan ajralmagan holda bilim olishi mumkin. Aynan shunday afzalliklari tufayli ushbu tizim hozirgi kunda dunyoda keng tarqalgan. Ko`pgina yirik korxonalar mutaxassislari malakasini oshirish yoki o`zgartirish uchun shu uslubdan foydalanilib, yiliga millionlab pul mablag`lari tejalmoqda.

Xususan, joriy yil 20 avgust kuni Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti mutaxassislari tomonidan Toshkent Davlat texnika universiteti bazasida «Ichki ishlar organlari xodimlarini masofadan o`qitish tizimini joriy etish mexanizmlari» mavzusida o`quv seminari tashkillashtirildi.

Tadbirda Malaka oshirish instituti va uning filiallarida masofaviy ta`lim tizimini keng joriy etish, unda o`qitishning zamonaviy interaktiv metodlarni qo`llash samaradorligini oshirish masalalari haqida so`z yuritildi.

Seminarda Ichki ishlar vazirligining joylardagi akademik liseylari direktorlarining xodimlar malakasini oshirish bo`yicha o`rinbosarlari, Institut professor-o`qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

– Bugungi kunda ijtimoiy hayot shiddat bilan taraqqiy etmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiyot hayotning barcha sohalari kabi ichki ishlar idoralari tizimida ham xodimlarning zamonaviy bilimlarini oshirishda ilg`or innovasion axborot texnologiyalardan samarali foydalanish bugungi kunning talabiga aylandi, – deydi Institut boshlig`i, yuridik fanlar doktori, professor N.Normatov. – Bu esa zimmamizga yuksak ma`suliyatni yuklaydi. Ayni paytda, rivojlangan davlatlarning ta`lim tizimida masofadan o`qitish shakli keng qo`llanilmoqda. Masofadan o`qitishning yana bir afzalligi shundaki, unda tinglovchi o`ziga qulay vaqtda va xattoki ishdan ajralmagan holda o`qishi mumkin.

O`quv seminari davomida asinxron va sinxron interaktiv ta`lim berish, masofaviy o`qitish platformalarining samaradorligi, elektron o`qitish materiallarini shakllantirish, o`quv siklining vazifalari va dizaynini ishlab chiqish, tushunish va eslab qolish darajasini oshirishga yo`naltirilgan texnologiyalarni qo`llash, samarali taqdimot, jumladan video taqdimot yaratish uchun zarur bo`lgan metodik va dasturiy ta`minotni tanlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

– Bugungi seminarda masofaviy o`qitish tizimida qo`llaniladigan zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari haqida tushunchalarga ega bo`ldik, – deydi Ichki ishlar vazirligining Qoraqalpog`iston Respublikasidagi akademik liseyi direktori o`rinbosari, yuridik fanlar bo`yicha falsafa doktori, podpolkovnik Saparboy Allamberganov.
– Darhaqiqat, masofaviy ta`lim – o`quv jarayonining maqsadi, mazmuni, uslublari, o`qitish vositalari va Internet texnologiyasi yordamida tinglovchi hamda o`qituvchilarning masofadan turib interfaol muloqot qilish jarayoni hisoblanadi. Unda o`quv jarayonlari zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalar yordamida amalga oshiriladi. Shuningdek, masofaviy o`qitish tizimini tadbiq etish borasida amalga oshirilishi lozim bo`lgan chora-tadbirlar belgilab olindi. O`ylaymanki, kelgusida bu kabi seminarlar sohaga oid bilim va ko`nikmalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, ta`lim tizimida zamonaviy innovasion texnologiyalarni qo`llash ham iqtisodiy, ham ijtimoiy samara beradi. Shu boisdan nazariy va uslubiy asoslarni rivojlantirib borish hamda zarur tashkiliy chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1