1

O`zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamyurtlarimizga murojaat bilan chiqdi

Jamiyat 20.08.2019, 13:30
O`zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamyurtlarimizga murojaat bilan chiqdi

O`zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi so`nggi paytlarda O`zbekiston Respublikasining qator fuqarolarida Istanbul aeroportida uchish oldidan jarima to`lash bilan bog`liq muammolar va ularni ijtimoiy tarmoqlarda muhokama va munozaralarga sabab bo`layotganini inobatga olib, Turkiyada bo`lib turgan yoki bormoqchi bo`lgan hamyurtlarimizga ushbu davlatda o`rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilishni so`ramoqda.

Ma`lumki, 2018-yilning oktyabr oyidan boshlab Turkiya Hukumati O`zbekiston Respublikasi fuqarolariga Turkiya hududida 90 kun davomida vizasiz yurishga ruxsat berish to`g`risida qaror qabul qildi. Eslatib o`tamizki, pasportining amal qilish muddati tugashiga 90 kundan kam qolgan fuqarolar Turkiya hududiga kiritilmaydi, garchi ushbu davlat hududida bo`lish rejasi 90 kundan kam bo`lsa ham.

Qarorga binoan mazkur mamlakat hududida 90 kundan ortiq yurgan va mavjud qoidani (vize ihlali) buzgan fuqarolar Turkiyadan ketish chog`ida aeroportda belgilangan miqdorda jarima to`lashga majburdirlar.

Jarimalar miqdorini aniqlash va uni to`lash faqatgina fuqarolarning ketishi oldidan ro`yxatdan o`tib, qo`llariga uchish talonlarini olgandan so`ng amalga oshiriladi.

Yangi Istanbul aeroportida jarimalar miqdorini aniqlash va to`lash ishlari faqat 2 ta darchada amalga oshirilayotganini inobatga olishingizni so`raymiz.

Bu kabi salbiy holatlarni oldini olish maqsadida Bosh konsulxona “O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasining Istanbul shahridagi vakolatxonasi bilan muzokaralar o`tkazdi. Unda Turkiyada 90 kundan ortiq turgan va vatanga kechikishlarsiz o`z reysida qaytishni istaydigan O`zbekiston fuqarolari Istanbul aeroportiga vaqtliroq borib, oldindan ro`yxatdan o`tishlari va belgilangan jarimalarni to`lashlari mumkin.

Kechki aviareyslarda uchishi lozim bo`lgan yo`lovchilar kunning birinchi yarmida (ertlabki reysga ro`yxatdan olish vaqtida) ro`yxatdan o`tishlari va kun davomida jarima va to`lovlarni o`z vaqtida amalga oshirishlari mumkin.

Bosh konsulxonasi Turkiyaning Aydin, Balikesir, Bilejik, Bursa, Chanakkale, Edirne, Istanbul, Izmir, Izmit, Kirklareli, Manisa, Sakariya va Tekirdog` kabi viloyat va shaharlari hamda Bolgariya va Ruminiya hududlarida bo`lib turgan fuqarolarimizning qonuniy huquqlarini himoya qilish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Zarur holatlarda fuqarolarimiz O`zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilishlari mumkin (+90 212 323-20-37, faks: +90 212 312 20 40, e-mail: uzbekconsul@yahoo.com).

Shuningdek, hamyurtlarimiz favqulodda vaziyatlarda yoki dam olish kunlari quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin +90 507 853 15 66 (WatsApp, Telegram, Viber, IMO).

Ushbu yo`nalishda siz bilan amaliy hamkorlik o`rnatishga umid qilamiz. Taklif va izohlaringiz uchun oldindan minnatdorchilik bildiramiz.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1