1

Prezident Xavfsizlik kengashi yig`ilishini o`tkazdi

Siyosat 16.08.2019, 10:20
Prezident Xavfsizlik kengashi yig`ilishini o`tkazdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 15 avgust kuni Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining asosiy natijalari va istiqboldagi ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan kengaytirilgan yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Tadbirda Oliy Majlis palatalari, Prezident Administrasiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Bosh prokuratura, tashqi ishlar, investisiyalar va tashqi savdo, mudofaa, ichki ishlar vazirliklari, DXX Chegara qo`shinlari, Mudofaa sanoati davlat qo`mitasi, Inson huquqlari bo`yicha milliy markaz rahbarlari, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi ishtirok etdi.

Yig`ilishda mamlakatimizning xorijiy hamkorlar bilan birgalikda erishilgan amaliy natijalar, global tendensiyalar, shuningdek, jahon va mintaqada barqarorlik va xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xatarlar ko`rib chiqildi. Keyingi yillarga mo`ljallangan tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning asosiy vazifalari belgilab olindi.

O`zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan ochiqlik va ishonch siyosati tufayli Markaziy Osiyoda yaxshi qo`shnichilik va o`zaro anglashuvga asoslangan mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllangani ta`kidlandi. Mintaqaning barcha mamlakatlari bilan strategik sheriklik aloqalari yo`lga qo`yildi.

Bundan tashqari, oliy darajadagi tadbirlar natijasida an`anaviy do`stona munosabatlar o`rnatilgan mamlakatlar, jumladan, Rossiya, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Osiyo qit`asi davlatlari bilan hamkorlik salmoqli darajada mustahkamlandi.

Asosiy tashqi iqtisodiy hamkorlar bilan o`zaro savdo hajmlari barqaror ortib borayotgani, Markaziy Osiyoda kooperasiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, hududlararo hamkorlik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy va investisiyaviy sohalarda erishilgan kelishuvlarning o`z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan, jumladan, parlament tomonidan qat`iy nazoratni ta`minlash zarurligi ta`kidlandi.

O`zbekistonning BMT, ShHT, MDH, IHT kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar faoliyatidagi ishtirokiga alohida e`tibor qaratilib, ushbu tuzilmalar doirasida mamlakatimiz tashabbuslarini ilgari surishga doir vazifalar belgilandi.

Yig`ilishda shu davrgacha amalga oshirilgan ishlar tanqidiy baholandi hamda mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlariga hamkor davlatlar bilan o`zaro manfaatli muloqotni yo`lga qo`yishni davom ettirish, shuningdek, ikki va ko`p tomonlama aloqalar doirasida milliy manfaatlarni ta`minlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1