O`zbekiston Prezidenti Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki delegasiyasini qabul qildi

Siyosat 14.08.2019, 09:52
O`zbekiston Prezidenti Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki delegasiyasini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 13 avgust kuni Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki prezidenti Szin Lisyun boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, O`zbekiston va OIIB o`rtasidagi o`zaro manfaatli hamkorlik ijobiy sur`at bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Bank mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarni faol qo`llab-quvvatlamoqda. Bugungi kunda Buxoro viloyatida suv ta`minoti va suv oqizish tizimlarini rivojlantirish, avtomobil yo`llarni rekonstruksiya qilish bo`yicha umumiy qiymati 1,3 milliard dollardan ziyod bo`lgan ilk investisiya loyihalarini tayyorlash ishlari yakuniga etmoqda.

Qoraqalpog`iston va boshqa hududlarda ijtimoiy, kommunal va transport infratuzilmani modernizasiya qilish, sanoat korxonalari va kichik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, shuningdek, mintaqaviy savdoni rivojlantirish bo`yicha umumiy qiymati 1,6 milliard dollardan ortiq istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Amaliy hamkorlikni kengaytirish va Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar bankining moliyaviy resurslarini jalb qilgan holda yangi dasturlarni ilgari surish masalalariga bag`ishlangan bugungi davra suhbati muvaffaqiyatli bo`lgani alohida qayd etildi.

Samarali hamkorlik bo`yicha o`rta muddatli istiqbolga mo`ljallangan "yo`l xaritasi"ni ishlab chiqish va qabul qilish, shuningdek, sheriklik salohiyatini ro`yobga chiqarishga qaratilgan ikki tomonlama tadbirlar o`tkazish to`g`risida kelishuvga erishildi.

OIIB prezidenti davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda mamlakatimizda ustuvor loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish yo`lida aniq choralar ko`rish taklifini to`liq qo`llab-quvvatladi.

Szin Lisyun mamlakatimiz va butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror taraqqiyotini ta`minlash maqsadida bank O`zbekiston bilan keng ko`lamli hamkorlikni mustahkamlashga qat`iy intilishini ta`kidladi.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1