1

Samarqandda qizamiq epidemiyasi tarqalgani rostmi?

Salomatlik 13.08.2019, 16:30
Samarqandda qizamiq epidemiyasi tarqalgani rostmi?

UNICEF’ning O`zbekistondagi vakolatxonasi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamkorligida Samarqandda o`tkazilgan tadbirda viloyatda qizamiq epidemiyasi tarqalganligi to`g`risidagi xabarlarga aniqlik kiritildi.

Tadbirga taklif etilgan viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya markazi bosh vrachi o`rinbosari Zulfiya Qo`chqorova holat yuzasidan izoh berdi.

«Bir necha kundan beri Samarqandda epidemiya tarqalgani — qizamiq kasalligi bilan yotqizilganlar soni yuzlab ekani ta`kidlanmoqda. Gap shundaki, aslida 371 nafardan ortiq bemor bilan qizamiq uchun tahlil o`tkazilgandi va bu haqda jamoatchilikka xabar berilgandi. Bu xabar «Samarqandda qizamiqqa chalingan bemorlar soni 371 ta ekan», qabilida tarqatib yuborildi. Holbuki, yuqoridagi tahlil natijalaridan so`ng viloyatda jami 29 nafar bemor qizamiqqa chalingani aniqlandi.

Shu tarzda 2019 yil yanvardan 5 avgustgacha bo`lgan muddatda Samarqand viloyatida 29 nafar kishida qizamiq kasalligi aniqlangan. JSSTning xulosasiga ko`ra, mamlakatimizga qizamiq virusi boshqa davlatlardan kirib kelganligi tasdiqlandi. Yurtimizda har bir fuqaro qizamiqqa qarshi emlanadi», dedi Zulfiya Qo`chqorova.

Shuningdek, UNICEF’ning O`zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan ayni vaqtda yurtimizdagi umumiy epidemik vaziyat haqida ham axborot berildi. Unga ko`ra, karantin va o`ta xavfli yuqumli kasalliklar, poliomielit, difteriya, qoqshol kasalliklari qator yillar mobaynida qayd etilmagan. Vakolatxona vakili Nargiza Egamberdievaning Kun.uz muxbiriga taqdim etgan ma`lumotiga ko`ra, O`zbekistonda har yili 2,5 milliondan ortiq bolalar emlanadi, emlash qamrovi 95 foizdan yuqori ko`rsatkichlarda, immunizasiya bepul, majburiy va qulay, hududlarimizda 3000 dan ortiq emlash punktlari mavjud, JSST va UNICEF bilan hamkorlikda vaksinalar bilan uzluksiz ta`minlash, sovuqlik zanjiriga rioya etish yo`lga qo`yilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1