1

Eksport, investisiya va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi

Jamiyat 13.08.2019, 09:08
Eksport, investisiya va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 12 avgust kuni iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini oshirish va ulardan samarali foydalanish, investisiyalarni, avvalo, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish va o`zlashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko`lamini kengaytirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Davlatimiz rahbari bu masalalarga alohida e`tibor qaratib, doimiy muhokama qilib bormoqda. Ushbu sohalarga doir hujjatlar qabul qilinib, zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 dekabrdagi “Eksportga ko`maklashish va uni rag`batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, Eksportni qo`llab-quvvatlash milliy tizimi yaratildi. Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Eksportni rag`batlantirish agentligi tashkil etildi. Shuningdek, 205 nomdagi tovarlarni eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizini qoplab berish yo`lga qo`yildi.

Bunday real, amaliy chora-tadbirlar albatta o`z natijasini bermoqda. Eksport bilan shug`ullanadigan sub`ektlar safiga 2 mingta yangi korxona qo`shildi, eksport geografiyasi 42 ta davlatga kengaydi, 59 turdagi mahsulot birinchi marta eksportga yo`naltirildi.

Joriy yilning etti oyida tovarlar va xizmatlar eksporti 7 milliard 331 million dollarni tashkil etgan, bu o`tgan yilning shu davriga nisbatan 23 foiz ko`pdir.

Yig`ilishda “O`zto`qimachiliksanoati” uyushmasi, “O`zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi hamda Toshkent shahri, Farg`ona, Andijon va Toshkent viloyatlarida eksportni ko`paytirish bo`yicha mavjud imkoniyatlardan to`liq foydalanilmayotgani ko`rsatib o`tildi. Mutasaddi rahbarlar eksportyorlarning muammolari bilan tizimli shug`ullanmayotgani, davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlarni tadbirkorlarga etkazib, ularning tashqi bozorga chiqishiga ko`maklashmayotgani tanqid qilindi.

Investisiyalar va tashqi savdo vaziri boshchiligida tashkil etilgan Hududlar va tarmoqlarning eksport salohiyatini oshirish bo`yicha Respublika komissiyasi korxonalar vakillari va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o`tkazib, ularni eksport faoliyatiga jalb etishi, bu boradagi muammolarini hal etish, xalqaro standartlarni joriy qilish va sertifikasiyadan o`tkazish bo`yicha yordam berishi zarurligi ta`kidlandi.

– Eksport imkoniyatlarimiz ko`p. Xususan, paxta tolasi va meva-sabzavotni qayta ishlab, eksportbop mahsulotlar chiqarish mamlakatimizning rivojlanish nuqtalaridan biri bo`lishi kerak. Shu orqali eksportni ko`paytiramiz va yangi ish o`rinlariga ega bo`lamiz, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Ma`lumki, yurtimizda etishtirilgan qishloq xo`jaligi mahsulotlari butun dunyoda qadrlanadi. Bu tayyor “brend” eksport uchun katta imkoniyatdir.

Prezidentimizning shu yil 29 iyul kuni qabul qilingan “Qishloq xo`jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Qarori mazkur imkoniyatdan samarali foydalanish, agrar sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga qaratilgan.

Unga ko`ra, 2019-2021 yillarda umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo`lgan 45 ta agrologistika kompleksi, qayta ishlash bo`yicha 205 ta yangi quvvat, 36 ming gektar intensiv bog` tashkil etish rejalashtirilgan.

Yig`ilishda shu boradagi ishlarning ijrosiga ham to`xtalib o`tildi. Belgilangan chora-tadbirlarni muddatida bajarish va buning hisobiga meva-sabzavot eksportini 2021 yilda 2 barobar oshirish zarurligi ta`kidlandi. Takroriy maydonlarga eksportbop ekinlar ekish, ayniqsa, dukkakli mahsulotlarni eksportga ko`proq chiqarish muhimligi qayd etildi.

Xorijga tashriflar hamda xalqaro ko`rgazmalar doirasida imzolangan eksport shartnomalarining bajarilishi, oktyabr oyida “O`zbekistonda ishlab chiqarilgan” nomli xalqaro ko`rgazma o`tkazilishiga oid masalalarga ham e`tibor qaratildi.

Eksportyorlarning xorijdagi savdo uylari ustav kapitali miqdorini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Investisiya iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchi. Mamlakatimizda faol investisiya siyosati yuritilib, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga to`g`ridan-to`g`ri xorijiy sarmoyalar yo`naltirilayotgani natijasida ko`plab loyihalar amalga oshirilmoqda.

Masalan, joriy yilning birinchi yarmida 85 trillion 775 milliard so`m investisiya o`zlashtirilgan, bu o`tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobar ko`pdir. Asosiy kapitalda to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar ulushi 2,5 barobarga oshib, 1,7 milliard dollarga etgan. Davlat kafolati bo`lmagan xorijiy kreditlar esa 3,7 barobar ko`paygan. O`zlashtirilgan to`g`ridan-to`g`ri xorijiy sarmoyalarning qariyb 75 foizi hududiy loyihalarga to`g`ri kelmoqda.

Bu ko`rsatkichlar qayd etilar ekan, endi asosiy e`tiborni yilning qolgan davrida ko`zda tutilgan investisiyalarni to`liq o`zlashtirishga qaratish zarurligi ta`kidlandi.

To`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni o`zlashtirish sust kechayotgan tarmoqlar rahbarlari mavjud holat sabablari va bu boradagi ishlarni jadallashtirish rejalari to`g`risida hisobot berdi.

Vazirlar Mahkamasiga 2019 yilgi Investisiya dasturiga muvofiq, umumiy qiymati 4,2 milliard dollar bo`lgan 145 ta loyiha bo`yicha sanoat ob`ektlarini muddatida ishga tushirish yuzasidan topshiriqlar berildi. “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida polivinilxlorid va azot kislotasi ishlab chiqarish, Muborak gazni qayta ishlash zavodida suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni kengaytirish, To`raqo`rg`on, Taxiatosh va Navoiy issiqlik elektr stansiyalarida yangi bug`-gaz uskunalarini o`rnatish, Toshkent metallurgiya zavodini qurish loyihalari shular jumlasidandir.

Tahlillarga ko`ra, oxirgi o`n yilda ishga tushirilgan qirqqa yaqin yirik korxona quvvatlaridan to`liq foydalanilmayapti.

Vazirlar Mahkamasi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga investisiya dasturlari doirasida ishga tushirilgan korxona va ob`ektlar faoliyatini tahlil qilib, kam quvvatda ishlayotganlarini loyiha parametrlariga olib chiqish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Yig`ilishda 2020-2022 yillarga mo`ljallangan Investisiya dasturini shakllantirish masalasi ham muhokama qilindi. Ushbu dasturga, avvalo, oliy darajadagi tashriflar doirasida imzolangan 650 ga yaqin kelishuvlarga muvofiq ishlab chiqilgan aniq loyihalarni, shuningdek, neft-gaz xomashyosini chuqur qayta ishlash, muqobil energetika, mashinasozlik, elektr texnikasi, qurilish materiallari, agrosanoat kabi yuqori texnologiyali tarmoqlardagi loyihalarni kiritish zarurligi ko`rsatib o`tildi.

Videoselektorda yana bir muhim soha – mahalliylashtirishni kengaytirish masalasi atroflicha tahlil qilindi.

Mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo`shimcha qiymat yaratish va import o`rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish iqtisodiyot barqarorligining muhim omilidir. Shu bois mamlakatimizda mahalliylashtirishni rivojlantirish, korxonalar o`rtasida sanoat kooperasiyasini kengaytirishga zarur sharoit yaratilmoqda.

Lekin ayrim tarmoq hamda hududlarda mahalliylashtirish bo`yicha ishlar o`z holiga tashlab qo`yilgani tanqid qilindi.

– Shuncha sharoit yaratyapmiz, texnologiyalar olib kelyapmiz. Joylardagi rahbarlar esa o`zini qiynamay, mahalliylashtirish ustida ishlash o`rniga osongina import qilishga o`rgangan, – dedi Prezidentimiz.

Yurtimizda molibdenning 1,1 foizi, tabiiy gazning 12 foizi, ruxning 21 foizi, misning 25 foizi, meva-sabzavotlarning 20 foizi, ip-kalavaning 46 foizi qayta ishlanmoqda, xolos. Agar bu xomashyolar chuqur qayta ishlansa, qo`shilgan qiymatni 5 baravargacha oshirish mumkinligi qayd etildi.

Vazirlar Mahkamasiga barcha tarmoq va hududlar korxonalarida mahalliylashtirilgan tovar ishlab chiqarish hajmini kelgusi ikki yilda kamida 20 foizga oshirish, import ulushi yuqori bo`lgan tovarlarni mahalliylashtirish bo`yicha dastur tayyorlash vazifasi qo`yildi.

Hisob palatasi tarkibida mahalliylashtirishni kengaytirish masalalarini tahlil qiladigan bo`linma tashkil etish zarurligi ta`kidlandi.

Videoselektorda tarmoqlar hamda hududlar rahbarlarining hisobot va takliflari eshitildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1