1

​“Men sizlarning qay biringga buzgin, deb topshiriq berdim?” — Prezident “snos”chi hokimlarni qattiq tanqid qildi

Siyosat 03.08.2019, 21:16
​“Men sizlarning qay biringga buzgin, deb topshiriq berdim?” — Prezident “snos”chi hokimlarni qattiq tanqid qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 2 avgust kuni kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur videoselektordan yozib olingan audioyozuv “Qo`shni mahalla” Telegram-kanalida e`lon qilindi. Unda davlat rahbari so`nggi kunlarda Xorazm, Qashqadaryo va Farg`ona viloyatlarida yuz berayotgan “snos” masalalariga o`z munosabatini bildirib, ushbu viloyat hokimlarini qattiq tanqid qilgan.

“Birovni ishdan olish kerak bo`lsa, darrov advokatga aylanasizlar...”

Jumladan, Prezident Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov haqida shunday degan:

“Mening siyosatimga eng katta dushmanlik qilganlardan biri — Xorazm viloyati hokimi janob Ermanov. Ermanovga internetdagi izohlardan senga va senga o`xshagan noinsoflaringga “tabrik” jo`nataman.

Urganch shahar hokimini jinoiy javobgarlikka tortamiz, desam, advokat bo`lib, bosh vazirimizga iltimos qilding. Mana, sening menga qilgan “do`stliging”. Sen va mening siyosatim to`g`risidagi bugun chiqqan izohlarni o`qi.

Sen noinsof menga do`st bo`lsang, buzish qo`lingdan kelmas ekan, nima qilasan u erni buzib? Mana, izohlarni o`qi. Bosh vazir borganidan so`ng odamlar nima deb yozayapti? Sening surating yo`q bu erda. Bosh vazirniki turibdi va prezidentning siyosatiga la`nat aytishyapti.

Atrofingda o`tirgan odamlaring bilan mana menga qilgan dushmanliklaring. Buzishdan oldin kallang bilan o`ylab ko`rmaysanmi, buzgandan foyda bormi yoki yo`q? U noinsoflarga shuncha pul berdik 30-50 milliardlab, nima qilasan u pulni? Katta xolangning pulimi u moliya vazirligining puli? Yo O`zbekistonga o`tkazib qo`ygan joying bormi?

Birovni ishdan olish, jinoiy javobgarlikka tortish kerak bo`lsa, darrov advokatga aylanasizlar.

Bularni o`qib men qanday kabinetimda tinch o`tira olaman?” — degan prezident.

Qo`lingdan kelmas ekan, nima qilasan bir odamning uyini buzib?

Prezident Qashqadaryo viloyat hokimi Zafar Ro`zievga ham tanbeh bergan:

“Qashqadaryoning vallomati bor, Ro`ziev degan, 5 yil qishloq xo`jaligi vaziri bo`lib ishlagan noinsof. DXX rahbari borganidan so`ng chiqqan izohlarni o`qi. Bitta jinning qarindoshi bilan janjal qilib, mening siyosatimni butun dunyoga sharmanda qildi. O`zimni tumanim, u qilaman, bu qilaman, deysan. Bitta tuzukroq kadring yo`q, yana Dehqonobodga tirmashasan. Mana, sening menga qilgan “do`stliging”.

Qo`lingdan kelmas ekan, nima qilasan bir odamning tuppa-tuzuk turgan uyini buzib? Sen xulosa qil, uyingni birov kelib buzsa [nima qilasan]?

Noinsoflar, men sizlarning qay biringga buzgin, deb topshiriq berdim? Men sizlarga avvalo odamlarni rozi qilib, keyin janob Zokirov degan vazir bilan o`tirib, loyiha qilib, bosh vazirga hisobot berib, keyin qilinglar, deb topshiriq berganman.

Mana, sening “do`stliging”, janob Ro`ziev! O`zingni o`sha tumanga [Yakkabog`] hokim qilib yuboraman, aytib qo`yay!”

“Buzishdan avval sen o`z boshingni buz...”

Farg`ona viloyati Rishton tumanidagi buzilish ishlariga to`xtalar ekan, davlat rahbari shunday degan:

“Mana, internet foydalanuvchilarining Rishton tumanidagi ko`chmas mulk buzilishlariga nisbatan izohlari. Men sizlarga tayyor pul berayapman, pulni “Obod qishloq” qilinglar, deb beryapman. Mana, sening menga “do`stliging”, G`aniev degan vallomat!

Mana, odamlar izohlarda yig`layapti, sening rasming yo`q, prezidentning rasmi bor. Sen noinsof borib, Ermanovga o`xshab ahmoqlarcha “buza, buz” deysan. Buzishdan avval sen o`z boshingni buz. Men seni shuning uchun tarbiya qilib yuruvdimmi?

Bolalar mehnati bor edi, endi u yo`q bo`ldi, endi butun internet prezident topshiriq bergan, buzish, odamlarni norizo qilish bilan to`lib toshdi.

Ey noinsof, Rishton bo`yicha ham senga pul berib aytdimki, Rishtonni yangilash kerak, biroq odamlarni rozi qilib qilish kerak, deb. Janob G`aniev, tajribali hokim! Mayli, Ermanov kecha kelgan hokim, Ro`ziev ikkalang xiyonatchisan! Sizlar bilan katta-katta ishlarni amalga oshira olamizmi? Hech qachon oshira olmaymiz! Chunki sizlarga bir topshiriq berishga odam qo`rqadi! Nega desangiz, saviyang yo`q, biliming yo`q, kitob ham o`qimaysan, prezidentning qarorini ham...”

“Zo`ravonlik bilan biz uzoqqa bora olmaymiz

Shavkat Mirziyoev dakki bergan viloyat rahbarlariga qanday choralar ko`rilishini ham aytib o`tgan.

“Shularning hammasini inobatga olib, Bosh vazir to`rtta sektorning ishini o`rganib, ularning mas`uliyati va javobgarligi bo`yicha menga qaror taklif qiladi...

Aripov va Nizomiddinovga topshiriq: qaysi viloyat hokimini ishdan olish bo`yicha taklif berasizlar.

Men yana bir marta takrorlayman: bunday zo`ravonlik siyosati bilan biz uzoqqa bora olmaymiz. Agar zo`ravonlik siyosati foydali bo`lganida 30 yilda zo`r bo`lib ketgan bo`lar edik.

Ermanovning qilgan qilig`i, Ro`zievning qilgan xiyonati — bu madaniyatsizlik.

Endi uchovi Internet orqali murojaat qilsin, Abdulla Negmatovich! Ro`ziev ham, Ermanov ham, G`aniev ham — hammasi. Qanday qilib murojaat qilishini siz o`zingiz ayting, - degan Shavkat Mirziyoev videoselektorda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1