1

Eng yosh dirijyor Asadbek Ayubjonovga "YAMAHA” korporasiyasi doimiy homiylik qiladi

Madaniyat 03.08.2019, 10:52
Eng yosh dirijyor Asadbek Ayubjonovga "YAMAHA” korporasiyasi doimiy homiylik qiladi

O`zbekistonlik iste`dodli yosh dirijyor Asadbek Ayubjonovga “YAMAHA” korporasiyasi doimiy homiylik qilishini rasman e`lon qildi. Endi uning onasi homiy axtarib, tashkilotma-tashkilot sarson bo`lmaydi.

Kuylar orqali biz dunyoni anglaymiz, ular bizni ajoyibotlar olamiga etaklaydi. Ammo oq qog`ozga bitilgan qora nuqtalarni gapirtirish har kimning ham qo`lidan kelavermaydi. Bizning hamyurtimiz, iste`dodli yosh san`atkor – Asadbek Ayubjonov qo`lida dirijyorlik cho`pi sehrli tayoqchaga aylanadi. U endi 13 yoshga to`lgan bo`lsa-da allaqachon musiqaga mehr berib, butun dunyodagi muxlislari qalbini zabt eta oldi.

–Asadbek kichikligidan g`aroyib iqtidor egasi edi. U 6 yoshligida 85 ta she`rni yod o`qirdi, – deydi Asadbekning onasi Mohida Jumaeva. – Yana bu she`rlar har biri bir emas, bir necha kupletdan iborat. Aytib yurgan latifalarining sanab sanog`iga etib bo`lmasdi.

7 yoshidan musiqa maktabining skripka yo`nalishiga qatnadi, 8 yosh bo`lganida Rossiyaning “Dunyo yoshlari urushga qarshi” nomli muruvvat aksiyasi doirasida o`tkazilgan konsertga taklif etishdi. O`shanda Asadbekning qobiliyatini, berilib orkestrni boshqarishini ko`rib, barcha hayratda qolgandi. Keyin har yili ketma-ket festivallar va konsertlarga chaqira boshlashdi. U ko`plab xalqaro musiqa tanlovlarida, festivallarda yuqori o`rinlarni egallab qaytdi. Har safar mezbonlar uning borish-kelish xarajatlarini to`lab berishdi.

Italiyada bo`lib o`tgan skripkachilar tanlovida 1-o`rinni egallab qaytdi. U yoqda yashash xarajatlari O`zbekiston madaniyat vazirligi qoshidagi iste`dodlarni qo`llab-quvvatlash fondi tomonidan qoplandi. Italiyaga borish-kelish aviachiptasini esa “Ipak yo`li” banki olib berdi.

O`tgan 2018 yilda Asadbek Ayubjonov O`zbekiston madaniyat vazirligining iste`dodli bolalarni qo`llab-quvvatlash fondi tomonidan ajratilgan stipendiya sohibi bo`ldi, bir yil davomida har oy 400 ming so`mdan stipendiya oldi.

Mana, bu yil “YAMAHA” korporasiyasining yurtimizdagi firmasi faollari Rossiyada bo`lib o`tadigan xalqaro festivalda Asadbek va ustozining ishtirokini ta`minlash, umuman kelajakda unga doimiy homiylik qilish tashabbusi bilan chiqdi.

Gap shundaki, bu yil Asadbekning onasi shifoxonaga tushib, homiy topishga ulgurolmadi. So`ng tanish jurnalistdan o`g`lining borish-kelishini "ko`taradigan" homiy topishda yordam berishni so`radi. Axir festival afishalarida o`zbekistonlik taniqli yosh rejissyor Asadbek Ayubjonov ishtirok etadi, deb allaqachon ommaga e`lon qilingan. Imkoniyatni qo`ldan boy bermaslik kerak. Buning ustiga muxlislarni intiq qilish ham yaxshi emas. Festivalga bor-yo`g`i bir necha kun qoldi...

Hamkasbimiz jurnalist Nargiza Usenbaeva tezda feysbukdagi sahifasiga murojaat yozadi: “Nahot dunyoda birgina kichik dirijyorni xalqaro festivalga yubora olmasak?!..”

Shu zohoti bu postga javoban YAMAHA” korporasiyasining Toshkentdagi vakili Abdulla aka: “Biz o`zimiz Asadbekka homiylik qilamiz!” – deya izoh qoldiradi. Ijtimoiy tarmoqqa bu post qo`yilgach, Madaniyat vazirligi, “Yoshlar ittifoqi”dan ham “Biz o`zimiz to`lab beramiz!” degan takliflar tushadi. Xullas homiylar rosmana “talashib” qolishadi!

Voqealar bunday tus olishini ko`rgan Asadbekning onasi ham suyunib, tezda oyoqqa turib ketadi. Albatta, yurtimizda iste`dodlarni qo`llab-quvvatlashga “mana men” deb ko`krak kerib turgan homiylar ko`pligi odamni quvontiradi...

(Maqolani batafsil “Darakchi” gazetasining 32 sonida o`qishingiz mumkin).

Manzura BEKJONOVA, jurnalist

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1