1

Muzokaralar natijalari bitimlarda o`z ifodasini topdi

Siyosat 01.08.2019, 19:50
Muzokaralar natijalari bitimlarda o`z ifodasini topdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Minskdagi muzokaralar yakunida Qo`shma bayonot qabul qildilar.

Davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari o`rtasida 11 ta hujjat imzolandi. Ular ishlab chiqarish va ilmiy-texnik kooperasiyani, hududlararo va investisiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, ta`lim, ommaviy axborot vositalari, nashriyot va poligrafiya faoliyati, axborot-kommunikasiya texnologiyalari va boshqa sohalardagi almashinuvlar va hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o`tkazilgan brifingda davlat rahbarlari muzokaralar samimiy ruhda, samarali o`tgani, o`zaro manfaatli kelishuvlarga erishilganini ta`kidladilar.

Belarus Prezidenti o`tgan yili mamlakatlarimiz o`zaro savdo aylanmasida oxirgi yillardagi eng yuqori ko`rsatkichga chiqqani, bu ijobiy tendensiya bu yil ham davom etayotganini ta`kidladi.

– Muzokaralarimiz amaliy, konstruktiv ruhda o`tdi hamda Belarus va O`zbekiston strategik sheriklar ekanini yana bir bor tasdiqladi. O`zbekiston keyingi uch yilda erishayotgan muvaffaqiyatlaridan juda xursandmiz. Mamlakat rahbariyati iqtisodiyot tarmoqlarini nafaqat modernizasiya qilyapti, balki sanoat, qishloq xo`jaligi va boshqa sohalarda inqilobiy o`zgarishlarni amalga oshiryapti, yangi yo`nalishlarni hayotga tatbiq etyapti. Bu samarali hamkorligimizga umid bag`ishlaydi, - dedi Aleksandr Lukashenko.

Tomonlar bundan buyon ham xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida bir-birini qo`llab-quvvatlashga tayyor ekanini tasdiqladilar.

Tashrif arafasida Minskda o`tgan Hududlararo forumda ikki mamlakat shahar va viloyatlari o`rtasida 12 hujjat, shuningdek, umumiy qiymati qariyb 300 million AQSh dollari bo`lgan shartnoma va bitimlar imzolangani qayd etildi.

Shu kunlarda Belarusda o`tgan O`zbekiston madaniyati kunlari ikki xalq o`rtasidagi do`stlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan yorqin voqea bo`lgani ta`kidlandi.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1