1

​O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida

Madaniyat 31.07.2019, 12:21
​O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida

Loyiha yanada kengayib, o`sib boryapti, yangi mavzular, kitoblar, muzeylar, jamlanmalar paydo bo`lyapti. O`zbekistonning madaniy merosi juda beqiyos, u butun dunyoga tarqalgan.

27 iyulda «Sevimli» telekanali mediaxollida “O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida” nomli yangi kitob-albomlar taqdimotiga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi. Unda keyingi bir yarim yil ichida ko`p tomli to`plamlarni nashrga tayyorlash jarayonida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil axborot berildi. Bu kitoblarda qadimgi xonliklar, amirliklar davridan buyon saqlanib kelayotgan hamda dono ajdodlarimiz bizga qoldirgan bebaho durdonalar, qimmatli manbalar o`rin olgan.

Uchrashuvda yurtimizda faoliyat yuritayotgan bir qator vazirlik va idoralarning vakillari, ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari, O`zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy xodimlari ishtirok etdi. Loyihadada bevosita ishtirok etayotgan tadqiqotchi olimlar nodir qlyozmalarni kitob holiga keltirish bilan bog`liq jarayonlar haqida so`zlab berdilar.

Edvard RTVELADZE, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, “O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida” loyihasi rahbari:

– Ijodiy jamoamiz bir qator muzeylar xodimlari bilan birgalikda loyihani amalga oshirish davomida keng qamrovli ishlarni bajarishdi. Xususan, loyihada rejalashtirilgan 8 ta kitob-albom chop etildi. Ular juda chiroyli, rang-barang, afsuski kam nusxada bo`lgani uchun ularni ko`p sonli o`quvchilar qo`liga etkazib berish imkoniyati yo`q.

Ammo biz boshqa to`plamlarni ham nashrga tayyorlayapmiz. Bu haqda keyinroq ma`lum qilamiz. Asosiysi ilk natijalarimiz ko`zga tashlanmoqda. O`zbekiston tarixi muzeyi va Samarqand tarix va madaniyat muzeyi xodimlari bu jarayonda juda yaxshi amaliyot olib borishdi. Abu Rayxon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti, O`zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi diqqatga sazovor ishlarni bajarishdi. Ularning sa`y-harakatlari o`laroq 5 ta tomlik qalingina kitob jamlanmasi nashr qilindi.

Bu loyihada San`atshunoslik instituti Kushon imperiyasi to`g`risidagi muhim ahamiyatga molik bo`limni tayyorlab berishi kerak edi. Uning muhimligi shundaki, bu tomda institutning O`zbekiston hududlaridagi muzey jamlanmasi e`lon qilinadi. Kushon davlati haqidagi materiallar oldin ham e`lon qilingan ammo bunday keng qamrovli to`plam holida, Termiz shahri qazishmalari materiallari bilan boyitilgan holda hali nashr qilinmagan. Avvalgi maqolalar Galina Pugachenkova kitoblarida va muzeylarda keng omma e`tiboriga havola qilingan. Ammo “Kushon oltinlari” va “Dalvarzin xazinasi” jamlanmalari u manbalarga kiritilmagan.

Biz bu xazinalarni hamkasbim Bahodir Turg`unov bilan Toshkentga olib keldik. 1980 yillarning oxiri va 1990 yillar boshida ular Romanovlar saroyida namoyish etilgan. O`shanda ushbu xazinaning barcha ashyolari uchun “oltin xona” nomli ekspoziyasiya tashkil qilingan edi. Keyin bu buyumlar Markaziy bankning maxsus kamerasida saqlandi. 1980 yilning oxiridan boshlab bu kolleksiya hech qaerda namoyish etilmadi. Bugungi kunda davlatimizning bevosita qo`llab-quvvatlashi bilan ushbu xazina – 50 dan ortiq tilla buyumlar O`zbekiston badiiy san`at galereyasida namoyish etilishi ko`zda tutilmoqda.

– Edvard Vasilevich, siz yana boshqa bir qator ishlarni bajaramiz dedingiz. Ular qanday ishlar?

– Bu loyihamizning eng jiddiy qismi… O`qish, tahrir qilish, xato va kamchiliklarni topish va to`g`rilash. Men bu manbalarni ilmiy muharrir sifatida o`qib beryapman. Texnik muharrir, adabiy muharrir va korrektorlarning ham ishi kam emas. Har bitta tom o`ziga xos qiziq manbalarni o`z ichiga olgan. Biroq mening nazarimda eng e`tiborlisi Kushon va O`rta asrlar zamonasiga oid materiallardir. Men ko`p yillar bu loyiha ustida ishladim. Uning g`oyasi Firdavs Abdulholikovga tegishli. U meni ilmiy rahbar sifatida birga ishlashga taklif qildi. Shu asnoda biz butun guruhimiz bilan ushbu loyihani hayotga joriy qilishga bor kuchimiz va bilimizni bag`ishlayapmiz. Kitob-albomlar – bizning farzandlarimiz. Loyiha yanada kengayib, o`sib boryapti, yangi mavzular, kitoblar, muzeylar, jamlanmalar paydo bo`lyapti. O`zbekistonning madaniy merosi juda beqiyos, u butun dunyoga tarqalgan, Gavayada, Argentinada, Kanada va boshqa joylarda ham bor.

Sanjar G`ULOMOV, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining tadqiqotlar va tarixiy hujjatlarni nashr qilish bo`limi boshlig`i:

— Bu loyiha keng jamoatchilikni yozma yodgorliklarimiz bilan iloji boricha kengroq tanishtirishni maqsad qilgan. Bu qo`lyozmalarning eng katta qismi (26 ming tomlik) Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Biz avval bularni bir yaxlit kitob holida nashr qilmoqchi edik. Keyin esa 5 ta kitobga ajratishni ma`qul topdik.

Birinchi tomga 5 mingdan ortiq nomdagi X asrga oid tarixiy huquqiy hujjatlar, ilmiy asarlar jamlandi. Ikkinchi kitobga tabiiy va aniq fanlarga oid manbalar kiritildi. Zero bizning kolleksiya barcha fanlarni fizika, kimyo, matematika, tibbiyot… farmakologiyadan tortib minerologiyagacha o`z ichiga oladi. Bu kitoblarda hatto ov borasidagi bilimlarni ham o`qish mumkin. Uchinchi tom – badiiy adabiyot. Uning birinchi bo`limi – she`riyat, 2-bo`limi – nasr, uchinchi qismi antologiyaga bag`ishlangan. To`rtinchi kitobda Islomga, falsafaga, Sharq falsafasi va so`fizmga oid manbalar jamlangan. Beshinchi kitob miniatyura va kalligrafiyaga oid asarlarni o`z ichiga oladi. Unda Alisher Navoiyning bevosita ishtirokida yaratilgan kalligrafiya durdonalari mavjud.

Biz bu beshta kitobni nashrga tayyorlab qo`ydik. Ular jamlanma holida chop etiladi avgust oyida taqdimoti o`tkaziladi.

– Bu kitoblarni maktablarga ham tarqatish ko`zda tutilyaptimi?

– To`g`ri, yoshlar ham bu bebaho durdonalar bilan tanishishi kerak. Ma`lum bo`lishicha bu albomlar juda qimmat turadi, ammo kitoblar kelgusi avlod foydasiga xizmat qilishi uchun shu masalaning echimini ham o`ylab ko`rish zarur.

Dilorom YuSUPOVA, Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi:

– Mazkur nashrlar bizning institutimizda saqlanayotgan qo`lyozmalar fondining o`ziga xos reklamasi bo`ladi. Eksponatlar ichida juda qadimiylari ham bor. Masalan, ular orasidan X asrdan tortib XX asrgacha bo`lgan davrlarga oid arab, fors, turkiy tillardagi qo`lyozmalarni topish mumkin. Ular turli mualliflar qalamiga mansub bo`lib, xilmaxil mavzularni o`z ichiga olgan. Ko`pi taniqli allomalarga tegishli bo`lsa, ayrimlari hali to`liq o`rganilmagan. Misol uchun XVI-XIX asrlarda Markaziy Osiyoda yashab o`tgan tarixiy-geografik asarlar mualliflari, ularning orasida ayniqsa xorazmlik, buxorolik, xurosonlik mualliflar ko`pchilikni tashkil qiladi.

Hozirgi kunda prezidentimiz olimlar oldiga O`zbekistonning buyuk tarixini aks ettirish vazifasini qo`ygan. Buning uchun X-XX asrlarga oid arab va fors tillaridagi barcha manbalarni o`rganib chiqish lozim.

Biz yosh avlodni bunga tayyorlashimiz, oliy o`quv yurtlari o`qituvchilari oldiga jiddiy vazifalarni qo`yishimiz zarur. Talabalarning ongli, keng salohiyatli bo`lishi uchun har tomonlama mukammal maktab poydevori bo`lishi kerak. Bu poydevor nafaqat maktab dasturi doirasida, balki birmuncha kengroq qamrovda olinishi lozim. Maktab o`quvchilari orasidan oliy o`quv yurtiga iqtidorlilari saralab olinishi darkor. Aniq va gumanitar sohalar o`qituvchilari ham talabalarga sifatli bilim berish uchun turli tadqiqotlarga o`zini bag`ishlashi, o`z bilimlarini boyitishi talab etiladi.

Yangi kitob-albomlar taqdimoti O`zbekiston madaniy merosini asrash va ommalashtirish bo`yicha butunjahon jamiyatining III kongressi doirasida o`tkaziladi.

O. FOZILOVA, M. BEKJONOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1